Hitoyning mashhur “Phoenix Weekly” jurnalida “O'zbekiston: Ipak yo'lining durdona asari” maqolasi chop etildi, deb yozadi “Dunyo” axborot agentligi.
Nashrning yozishicha, O'zbekiston dunyoga mashhur sayyohlik maskaniga aylanmoqda. Nufuzli “Lonely Planet” turizm jurnali 2024 yilda O'zbekistonni dunyoning eng yaxshi sayyohlik yo'nalishlaridan biri deb topdi.
O'zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Hiva kabi shaharlari sayyohlar uchun eng mashhur yo'nalish hisoblanadi. Bu erda sayyohlar uchun barcha sharoit yaratilgan.
“Samarqand Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shahar bo'lib, 2500 yildan ortiq tarixiga ega. Uning jug'rofik jihatdan qulay joylashuvi Ipak yo'lining gullab-yashnashiga katta hissa qo'shgan. 2001 yilda Samarqand YuNYeSKOning Jahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan”, deyiladi maqolada. Registon maydoni, Go'ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Samarqandning boshqa ko'plab diqqatga sazovor joylari jahon sayyohlarining e'tiborini tortmoqda”.
Yana bir tarixiy shahar – Buxoro o'ziga xos me'moriy uslubda qurilgan. Shahar markazida joylashgan “Kalon” minorasi juda chiroyli va mashhur sayyohlik obidasi sanaladi.
“Hozirda O'zbekiston Hitoyning sayyohlik kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda turizmni rivojlantirish ustida ishlamoqda. 2020 yilda Samarqandda xitoy tilida so'zlashuvchi gidlar tayyorlash va O'zbekistonga tashrif buyurgan xitoylik sayyohlarga xizmat ko'rsatish uchun xitoy taomlarini tayyorlashga ixtisoslashgan “Ipak yo'li” xalqaro turizm universiteti tashkil etildi”, deya xulosa qiladi “Phoenix Weekly” jurnali.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati