Alloh taolo: «Sen mo'minlarga ayt, ko'zlarini tiysinlar...», dedi (Nur surasi, 30- oyat).
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nazar solish shaytonning zaharli o'qlaridan biridir. Kim Allohdan qo'rqib, uni tark qilsa, Alloh azza va jalla unga qalbida halovatini topadigan iymon beradi», dedilar» (Imom Hokim rivoyat qilgan).
1. Ko'zni haromdan saqlash qalbni gunohkorlik alami va azobidan saqlaydi.
2. Ko'zni haromdan saqlash qalbda taqvoni ko'paytiradi.
3. Ko'zni haromdan saqlash ko'zlarni va yuzni munavvar qiladi.
4. Ko'zni haromdan saqlash ilm yo'llarini onsonlashtiradi, qalbdagi nur vositasida haqdan botilni ajrata oladi.
5. Ko'zlarni haromdan saqlash qalbga quvvat, sobitlik va shajoat beradi. Qo'rqishga loyiq bo'lgan Zot faqat Alloh ekanligi hissini kuchaytiradi.
6. Haromga qaramaslik shahvatga asir bo'lishdan asraydi va qalbga yorug'lik, surur bag'ishlaydi.
7. Ko'zlarni haromdan saqlash jahannam eshiklaridan birini yopadi va bandaning Allohga do'st bo'lish darajasini ko'taradi.
8. Haromga qaramaslik aqlni quvvatlantiradi. Amallarning oqibatini o'ylamaslik esa aqlning zaiflashishiga olib keladi.
9. Ko'zni haromdan saqlash qalbni g'aflat botqog'idan saqlaydi. Haromga qarash banda bilan jannat o'rtasida parda hosil qiladi.
10. Ko'zni haromdan Allohning amriga itoat qilish niyati bilan saqlasa, banda bu dunyoda ham, oxiratda ham ulug' saodatga erishadi.
11. Haromdan ko'zni saqlash zaharli o'qning qalbga qadalishiga va shaytonning qalbga kirishiga to'sqinlik qiladi.
12. Ko'zni haromdan saqlash qalbga jannatga olib boruvchi amallar bilan mashg'ul bo'lish istagini beradi...
Muhammad Ali Muhammad Yusuf
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi