Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

25.12.2020 y. Nafs tarbiyasi – saodat kaliti

21.12.2020   14191   14 min.
25.12.2020 y. Nafs tarbiyasi – saodat kaliti

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَنَارَ النُّفُوسَ بِطَاعَتِهِ وَعَظَّمَهَا فَأَقْسَمَ بِهَا لِتَرْقِىَ فِي مَنَازِلِ جَنَّتِهِ ثُمَّ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مَنْ أَرْسَلَهُ اللهُ مُعَلِّماً وَمُزَكِّياً لِلنُّفُوسِ وَمُبَشِّراً وَنَذِيراً وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ

Nafs tarbiyasi – saodat kaliti

Muhtaram jamoat! Dinimizda nafsni poklash, inson o'zini-o'zi tergab, ertangi kunga nima tayyorlaganiga nazar solib turishi o'ta muhim ishlardan hisoblanadi. Nafs tarbiyasi eng hassos mavzulardan biri bo'lib, bu mavzuda ko'plab olimlar, tariqat mashoyixlari so'z yuritganlar, qator kitoblar va risolalar bitganlar. Halqimizda “Mening nafsim balodir, yongan o'tga soladir” degan maqol bor. Darhaqiqat, kishi nafsini tarbiya qilmas ekan, oqibati ayanchli bo'ladi. Shu kungacha o'tgan solih bandalar barcha yaxshiliklarning asosi nafsni tarbiya qilish, barcha yomonliklarning asosi esa unga tobe bo'lishda ekanligini ta'kidlaganlar.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

            يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَلْتَنْظُرْ نَفْسٌ مَا قَدَّمَتْ لِغَدٍ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا تَعْمَلُونَ

ya'ni:Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir(Hashr surasi 18-oyat).

Kishi tirik ekan, nafsi bilan kurashishda mag'lub bo'lmasligi lozim. Kishi nafsini jilovlash uchun nafsni tarbiya qilgan zotlarga yaqin yurishi va ilm o'rganib, unga amal qilmog'i zarur.

Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam o'z nafsini tergab turgan kishini aqlli, hushyor inson deb ataganlar:

الكَيِّسُ مَنْ دَانَ نَفْسَهُ وَعَمِلَ لِمَا بَعْدَ الْمَوْتِ وَالْعَاجِزُ مَنْ أَتْبَعَ نَفْسَهُ هَواهَا وَتَمنَّى عَلَى اللهِ

(رواه الامام الترمذي)

ya'ni:Aqlli-hushyor kishi – o'z nafsini tergagan va o'limdan keyingi holat uchun amal qilgan insondir. Ojiz odam – nafsini havosiga ergashtirgan va Allohdan (ko'p narsalarni) umid qilgan kishidir(Imom Termiziy rivoyatlari).

Nafsini tergab turgan kishining Qiyomat kunidagi hisob-kitobi engil bo'lishi haqida hazrati Umar ibn Hattob raziyallohu anhu shunday deganlar:  

حَاسِبُوا أَنْفُسَكُمْ قَبْلَ أَنْ تُحَاسَبُوا، وَتَزَيَّنُوا لِلْعَرْضِ الْأَكْبَرِ وَإِنَّمَا يَخِفُّ الْحِسَابُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

عَلَى مَنْ حَاسَبَ نَفْسَهُ فِي الدُّنْيَا

(رواه الامام الترمذي)

ya'ni: “Hisobga tortilishingizdan avval nafsingizni hisob-kitob qiling va Qiyomat kuniga tayyorgarlik ko'ring. Qiyomat kunidagi hisob faqat dunyoda o'zini tergab turgan kishilargagina engil bo'ladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Alloh taolo jonli mavjudotlarni uch toifada yaratgan: 1. Farishtalar: Alloh farishtalarga faqat aql bergan, nafsu-havo bermagan. Ular doimiy ravishda Allohga ibodat qilib turadilar. Nafslari bo'lmagani uchun hech ham gunoh ish qilmaydilar. 2. Hayvonlar: Alloh hayvonlarga aql bermagan, faqatgina nafs bergan. Ular faqat nafsni to'ydirish g'amida bo'ladi. Aqli bo'lmagani uchun ularga gunoh yozilmaydi. 3. Insonlar: Alloh insonlarga ham aql, ham nafs bergan. Ulamolarimiz aytadilarki, inson aqlini nafsidan ustun qo'yib, hayotini shariatga muvofiq o'tkazsa, u farishtalardan ham afzal bo'ladi. Sababi – nafsi bo'laturib, aqlini nafsidan ustun qildi. Ammo insonning nafsi aqlidan g'olib kelsa va nafsining havoyi-istaklariga ko'ra hayot kechirsa, u hayvondan ham tubanroq bo'ladi. Sababi – inson aqli bo'la turib, uni ishlatmadi.  

Qur'oni karimda nafsini poklagan inson najotga erishishi o'n bir o'rinda qasam bilan zikr qilingan. Nafsni poklash haqida Qur'oni karimda takror-takror keladi:

 قَدْ أَفْلَحَ مَن زَكَّاهَا 

(سورة الشمس الاية-9)

ya'ni:haqiqatan,uni (nafsni) poklagankishinajottopur(Shams surasi 9-oyat). Bu oyat to'g'risida mufassir Ibn Kasir rahmatullohi alayh shunday deydi: “Bu oyatning ma'nosi: kim nafsini Alloh taoloning toati bilan poklasa, razil sifatlar va pastkashliklardan tozalasa, najot topadi, deganidir”.

Boshqa oyatda shunday deyiladi:

 وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَىفَإِنَّ الْجَنَّةَ هِيَ الْمَأْوَى 

(سورة النازعات الاية 40 – 41)

ya'ni: “Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo'rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo'lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo'lur” (Naziat surasi 40-41 oyatlar).

Demak, kim Qiyomat kunidagi hisob-kitobdan qo'rqib, nafsini gunoh ishlardan tiysa, unga jannat va'da qilingan ekan.

Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam hadisi shariflarida nafsini poklagan kishi imonning ta'mi (halovati)ni tatishini xabar berdilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Payg'ambarimiz alayhissalom Alloh taolodan nafsimizni poklashni so'rab duo qilishni o'rgatganlar:

 اَللَّهُمَّ آتِ نَفْسِي تَقْوَاهَا، وَزَكِّهَا أَنْتَ خَيْرُ مَنْ زَكَّاهَا، أَنْتَ وَلِيُّهَا وَمَوْلَاهَا

(رواه الامام مسلم)

ya'ni: “Ey, Alloh! Nafsimga taqvosini ato qilgin va uni poklagin! Zero Sen eng yaxshi poklovchisan! Sen uning egasi va mavlosisan!” (Imom Muslim rivoyatlari).

Hasan Basriy rahmatullohu alayh aytadilar: Nafsiga nasihat qilib yurgan va o'zini tergab turish odati bo'lgan banda doimo yaxshilikda bardavom bo'ladi.

Qur'oni karimda nafs uch xil sifat bilan kelgan:

  1. Hotirjam nafs – Rabbisining toati va amrlariga sokin, uning muhabbati va bandaligiga xotirjam bo'lgan nafsdir.
  2. Malomatchi nafs – qo'ldan boy berilgan yaxshilik va savoblar uchun egasini malomat qiluvchi nafs.
  3. Yomonlikka buyuruvchi nafs – egasini shahvatlar va botil narsalarga undovchi nafs. Aslida nafs johil bo'lib, tarbiya va poklash natijasida Alloh taoloning inoyati bilan xotirjam nafsga aylanadi.

Jumhur ulamolar nafsni poklash, qalb kasalliklarini o'rganish ummat uchun farzi kifoya ekanligi, lekin kimda biror qalb kasalligi bo'lsa, uni ketkazish yo'llarini o'rganishi farzi aynga aylanishini bayon qilishgan.

Nafsimizni poklash uchun quyidagilarga amal qilishimiz kerak ekan:

  1. nafsni riyo, ujb (o'zidan faxrlanish), baxillik, ochko'zlik, ta'ma, oxirat hisob-kitobidan xotirjam bo'lib qolish kabi yomon illatlardan poklash;
  2. nafsni ixlos, inobat (Alloh taologa qaytish), Allohdan qo'rqish, shukr va kamtarlik kabi chiroyli xislatlar bilan go'zal qilish;
  3. farz ibodatlarni doimiy ado etib yurish, chunki Alloh taologa farzlardan ko'ra sevimli amal yo'q;
  4. nafl ibodatlarni ko'p qilish, chunki banda nafl ibodatlar bilan Alloh taologa yaqinlik hosil qilib boraveradi, hatto Alloh taolo bandasini yaxshi ko'rib qoladi;
  5. Qur'oni karimni tadabbur bilan qiroat qilish. Zero, Qur'on tilovati qalbni poklaydi, qalb poklansa, nafs ham poklanadi. Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam:

 إِنَّ هَذِهِالْقُلُوبَ تَصْدَأَ كَمَا يَصْدَأَ الْحَدِيدُإِذَا أَصَابَهُ الْمَاءُ قِيلَ يَا رَسُولَ اللهِ وَمَا جَلَاؤُهَا قَالَ: كَثْرَةُذِكْرِ الْمَوْتِ

 وَتِلَاوَةِ الْقُرْآنِ 

(رَوَى الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ)

ya'ni: “Bu qalblar ham xuddi temir suv tekkanda zanglagani kabi zanglaydi”, – dedilar. Shunda: “Ey, Allohning rasuli, nima qalbni sayqallaydi, zangini ketkazadi?” – deyildi. “O'limni ko'p eslash va Qur'on ko'p tilovat qilish”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);

  1. ilm o'rganish;
  2. nafsni tergab turish va nafsning shariatga zid xohishlariga qarshi kurashish. Bu orqali inson havoi nafs, shayton va dunyo lazzatlari ustidan g'olib keladi. O'tgan solihlardan biri Ibn Mehron rahmatullohi alayh: “Kishi o'z nafsini do'stini tergagandan ham qattiqroq tergab turmaguncha, eyish-ichishi va kiyimi (haloldan yo haromdan ekani)ni bilmagunicha, taqvodorlardan bo'la olmaydi”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari). Hasanul Basriy rahmatullohi alayh: “Bandaga o'z nafsidan nasihatchi bo'lsa va nafsni tergash e'tiborida tursa, u doim yaxshilikda bo'ladi”, – deganlar;
  3. solih insonlar bilan suhbatlashish va xulqi buzuq odamlarning suhbatidan chetda bo'lish.

Nafsni poklash natijasida inson ikki dunyo saodati, qalb xotirjamligi hamda din va toat-ibodatda sobitlikka erishadi.

Muhtaram azizlar! Umrimizning yana bir yili tugab, yangi sahifasi ochilmoqda. Shuning uchun barchamiz o'tgan umrimizdagi yaxshi-yomon ishlarimizdan xulosa qilib, 2021 yilni faqat yaxshi amallar, savobli ishlar, dunyo va oxiratimiz uchun zaxira bo'ladigan amali solihlar bilan o'tkazishni maqsad qilmog'imiz lozimdir.

Mo'min-musulmon kishi har kunini qadriga etib, uni o'tgan kunidan ko'ra ko'proq va yaxshiroq savobli amallar bilan o'tkazishga harakat qilmog'i lozim. O'tgan kundagi ishlariga mag'rurlanib, o'sha bilan kifoyalanib qolib, yanada ko'proq harakat qilishga oshiqmaslik – oqil mo''minning ishi emasdir.

Albatta, shuni ta'kidlab o'tish lozimki, bayramni bahona qilib shariatimiz va urfimizga mos kelmaydigan va ko'ngilsizliklarga sabab bo'ladigan ishlarga qo'l urishdan, xususan, ichkilikbozlik kabi illatlarga berilishdan saqlanishimiz, farzandlarimizni esa pirotexnika vositalarini ishlatmasligidan ogoh etishimiz lozim.

O'tgan yilni sarhisobini qilib, 2021 yilda umrimizga umr qo'shilishini, savob va ezgu ishlarimizning ko'payishini niyat qilib, yaqinlarimizga ham ushbu tilaklarni bildirib, jonajon Vatanimizga tinchlik, barqarorlik va mehnatkash xalqimizga farovonlik tilaylik!

Alloh taolo 2021 yilda qilinadigan barcha xayrli ishlarimizda O'zi madadkor bo'lib, bu yilda yurtimiz farovonligi va dinimiz ravnaqi yo'lida ko'plab yutuqlarga erishish va ezgu amallarni bajarishga muvaffaq aylasin! Omin!

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi Aziz umrning qadriga etaylik!haqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Ey o‘g‘ilginam..."

18.09.2026   2877   3 min.

Luqmonning farzandiga aytgan nasihatlaridagi buyuk hikmatlar


Ba’zi so‘zlar borki, oradan qancha asrlar o‘tmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki ular inson qalbiga yo‘l topadi, uni yaxshilikka chorlaydi va hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga undaydi.

«Ey o‘g‘ilginam...»


Luqmonning farzandiga aytgan bu murojaatida chuqur mehr, samimiyat va ulkan hayot hikmati mujassam. Uning nasihatlari nafaqat bir farzandga, balki har bir insonga tegishli bo‘lgan ibratli o‘gitlardir.


Luqmon farzandiga avvalo eng muhim haqiqatni eslatadi:


«Ey o‘g‘ilginam! Allohga hech narsani sherik qilma. Albatta, shirk katta zulmdir».


Inson hayotidagi eng muhim poydevor — to‘g‘ri e’tiqod. Dunyodagi boylik, mansab, obro‘ va barcha ne’matlar vaqtinchalik. Ammo insonning Alloh bilan bo‘lgan munosabati uning butun hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, avvalo, uning qalbiga iymon va Allohga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan boshlanadi.


Shundan so‘ng Luqmon:

«Ey o‘g‘ilginam! Namozni to‘kis ado et...»

deb nasihat qiladi.


Namoz — insonning Robbisi bilan bog‘lanishidir. U qalbni poklaydi, insonni yaxshilikka undaydi va hayotiga tartib bag‘ishlaydi. Farzandga namozni o‘rgatish — unga faqat bir ibodatni emas, balki mas’uliyat, poklik va ma’naviy tartibni ham o‘rgatishdir.


Luqmon farzandini yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishga ham chaqiradi. Chunki haqiqiy ezgulik faqat o‘zimiz uchun emas, atrofimizdagilar uchun ham manfaatli bo‘lishi kerak. Ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z insonning ko‘nglini ko‘tarsa, bir samimiy nasihat uning hayotini o‘zgartirishi mumkin.


Ammo yaxshilik yo‘li doimo oson emas. Shuning uchun Luqmon:


«Boshingga tushgan musibatlarga sabr qil», deydi.


Inson hayotida turli sinovlar uchraydi. Ba’zida rejalarimiz amalga oshmaydi, ba’zida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ana shunday paytlarda sabr insonga kuch beradi. Sabr — taslim bo‘lish emas, balki qiyinchilikka qaramay to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir.


Luqmonning yana bir muhim nasihati — kibrdan saqlanish:


«Kishilardan kibr bilan yuz o‘girma va yer yuzida manmanlik bilan yurma».


Insonga berilgan boylik, ilm yoki martaba uni boshqalardan ustun qilib qo‘ymaydi. Aksincha, inson qanchalik ko‘p ne’matga ega bo‘lsa, shunchalik kamtar bo‘lishi lozim. Chunki haqiqiy ulug‘lik — o‘zini boshqalardan baland qo‘yishda emas, balki insonlarga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishdadir.


Nasihatlarda hatto insonning yurishi va ovozigacha e’tibor qaratilgan:


«Yurishingda o‘rtacha bo‘l va ovozingni pasaytir. Albatta, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklarning ovozidir». Bu bizga odobning katta ishlardagina emas, balki kundalik odatlarimizda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Vazminlik, muloyimlik, me’yor va chiroyli muomala insonni bezaydi.


Bugun bizga ham kerak bo‘lgan nasihatlar


Luqmonning farzandiga aytgan o‘gitlari asrlar oldin aytilgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb.


Bugun farzandlarimizga yaxshi kasb egasi bo‘lish bilan birga, yaxshi inson bo‘lishni ham o‘rgatishimiz kerak. Ularning qalbiga iymon, tiliga yaxshi so‘z, xulqiga kamtarlik, hayotiga sabr va mehrni singdirishimiz zarur.


Chunki farzandga qoldiriladigan eng qimmatli meros — mol-dunyo emas.


Eng buyuk meros — iymonli qalb, go‘zal axloq va to‘g‘ri tarbiyadir.


Shu bois Luqmonning:


«Ey o‘g‘ilginam...» deb boshlangan nasihatlari har birimiz uchun hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ularni o‘qishgina emas, hayotimizga tatbiq etish biz uchun eng katta ibratdir. 
 

Humoyuddin Husniddin o‘g‘li, 

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi

                 yetakchi mutaxassisi tarjimasi 


                                      

Maqolalar