Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: FARZAND TARBIYaSIDAGI UCh USLUB. IJTIMOIY, IQTISODIY, VA DINU IMONGA BO'LGAN TURLI HATARLARDAN OGOH BO'LISh.

16.12.2020   5578   23 min.
Oilada farzand tarbiyasi: FARZAND TARBIYaSIDAGI UCh USLUB. IJTIMOIY, IQTISODIY, VA DINU IMONGA BO'LGAN TURLI HATARLARDAN OGOH BO'LISh.

 

Farzand tarbiyasidagi uch uslub

Bola odobini yaxshilashda uchta uslub bor. Bu uch vasila bilan bola tarbiyasi to'g'ri, odobi yaxshi va xulqda barkamol bo'ladi. Bu uslublar quyidagilar:

  1. Tarbiya kushandalaridan saqlanish.
  2. Turli xatarlardan ogoh bo'lish.
  3. Tarbiya bosqichlarining uzviy bog'liqligi.

 

Tarbiya kushandalaridan saqlanish

Yovuz niyatli kimsalar g'arazli maqsadlari yo'lida va xalqning o'zligini emirish uchun turli usullardan foydalanadi. Ulardan biri jamiyatda ahloqiy buzuqlikni yoyishdir. Bu yo'lda g'alamislar turli vositalar, jumladan, axloqsiz, fahshni targ'ib etuvchi kino, tomosha, jurnal, gazeta, libos va suratlardan foydalanadi.

Shu o'rinda ayrim manfur kimsalarning kirdikorlaridan, jamiyatning axloqini buzishda qo'llaydigan g'oyalaridan namunalar keltirib o'tamiz. 

Bundaylarning bir guruhi:

– “Har narsa inson uchun, jinsiy xohish va shahvat yo'lida o'ziga erk berish kerak”, degan buzuq fikrni ilgari suradi;

– “Din yo'q narsa” deb ilohiy aqida va ezgu ta'limotlarga zid g'oyalarni paydo qiladi;

– “Behuda ish va inson lazzatlanishiga olib boruvchi hamma narsa muboh”, degan xato fikrni targ'ib qiladi;

– “Har joyda axloqni buzish uchun ayollardan foydalanish lozim”, deya ayol zotini tahqirlaydi.

O'zga yurtni bosib olib, mahalliy aholini erksiz qilgan mustamlakachilardan biri bunday degan:

“Qadah va hayosiz ayol musulmon ummatini buzishda mingta zambarak to'pidan kuchli. Musulmon ummatini shahvatlarga berilish dengiziga g'arq qilish kerak”.

Missionerlar anjumanida Alqays Zuymar ismli kimsa bunday degan: “Sizlar musulmon mamlakatlarida Yaratganga itoat etmaydigan yoshlarni etishtirdinglar. Endi ular muhim ishlarga e'tibor bermaydi, rohatlanish va dangasalikni yaxshi ko'radi. Shahvatdan boshqa narsaga g'am chekmaydi, o'qisa ham, dunyo to'plasa ham, shahvat uchun qiladi. Agar yuqori mansabni egallasa, shahvat yo'lida xizmat qiladi. Nafs yo'lida har narsani sarf etadi”. Shuningdek, u: “Din va yoshlarni buzishda axloqsiz qissa, tomosha, hayosiz gazeta, jurnal va xudosizlikka etaklovchi kitoblardan foydalanish lozim” degan g'ayur, buzg'unchi fikrni bildiradi.

G'alamis kimsalarning mazkur gaplaridan ma'lum bo'ladiki, ular jamiyatni buzish va tanazzulga olib kelishda ichkilik, axloqiy buzuqlik, hayosiz tomosha, jurnal, gazeta, eshittirish va kitoblar kabi narsalardan foydalanadi. Afsus, bunday razil va qabih yo'llarga ayrim g'o'r yoshlar ergashib qolyapti. Ayrim yigit-qizlar nafs ortidan yurayotgani, hayosizlikka ko'r-ko'rona taqlid qilayotgani ko'zga tashlanmoqda.

Manfur kimsalar sofdil, sodda kishilarni, xususan, g'o'r yoshlarni adashtirishga urinadi. Ular bu yo'lda o'ta nozik uslub qo'llaydi. Shu bois ota-ona farzandini musaffo dinimiz va milliy qadriyatlarimizning ezgu ta'limotlari asosida tarbiyalashi, ayrim kimsalarning makru hiylalariga uchib qolishdan saqlashi, bunday yo'ldan o'z vaqtida qaytarishi lozim.

Ba'zi yoshlar ko'ngil istagini qondiraman deb, buzuqlik ortidan yurishi bilan nobakor kishilar ularni yovuz niyatining  itoatkor quliga aylantirib olishi mumkin. Bunday ayanchli oqibatni farzand ongiga singdirish bugungi kunning juda muhim vazifalaridan biridir.

 

Turli xatarlardan ogoh bo'lish

Axloqsizlik, buzuqlik, ichkilik, chekishga ruju qo'yish va nafsga qullik oqibatida paydo bo'ladigan kasalliklardan farzandni doim ogoh etish kerak. Buning uchun nafsga erk berish va buzuqlik oqibatida kelib chiqadigan ayanchli holatlarni to'g'ri tushuntirish maqsadga muvofiq. Tabiiyki, o'z tanasiga etadigan ozor, salomatligidan ayrilish qo'rquvi farzandni bu xatarli yo'llardan qaytaradi.

Jinsiy yo'llar orqali yuquvchi infektsiyalar juda xavfli kasalliklarga duchor etadi. Ular bemor tanasida ham, jamiyat uchun xam og'ir asoratlar qoldiradi. Eng oldin erkak va ayollar reproduktiv salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatadi, bolalarda og'ir tug'ma kasalliklarga sabab bo'ladi, bemor ichki a'zolarining og'ir jarohatlariga olib keladi. Ular asosan jinsiy yo'l orqali to'g'ridan-to'g'ri yuqadi.

Ijtimoiy tekshiruvlar shuni ko'rsatdiki, aksariyat 14–16 yoshdagi o'smirlar uchun ushbu kasalliklar haqidagi ma'lumotlar bilan tanishuv dolzarb bo'lib ko'rinadi. Ammo bolalarni ushbu ma'lumotlar kelajakda ularga foydali bo'lishiga ishontirish lozim. Zero, bu salomatlikni, ba'zi xollarda esa, hayotni saqlashga yordam beradi, jismoniy va ma'naviy iztiroblarning oldini oladi, shaxs salomatligini ta'minlash yo'lida to'g'ri qa­ror qilishiga yordam beradi. Hozirgi vaqtda jinsiy yo'l orqali yuquvchi kasalliklarning 20 dan ziyod qo'zg'atuvchisi ma'lum. Shuning uchun fahsh ishlar orqali yuqadigan xavfli kasalliklarni bayon qilamiz:

Hlamidioz – jinsiy yo'llar orqali yuquvchi eng ko'p tarqalgan kasalliklardan biri. Ho'jayra ichi paraziti xlamidiylar keltirib chiqaradi. Hlamidioz, aniqrog'i, urogenetal (siydik-jinsiy) xlamidioz venerik kasalliklardan sanaladi. Bu yuqumli infektsion kasallik bo'lib, unda xlamidiylar odamning jinsiy a'zolari va siydik yo'llarini jarohatlaydi.

Gonoreya (so'zak) – ko'hna yuqumli kasallik bo'lib, u juda qadimdan ma'lum. U haqida ma'lumotlar eramizdan uch yarim ming yil avvalgi Misr tabobatining qadimiy tarixiy yodgorligi “Ebers Papirusi”da uchraydi. Bu kasallik tarqalishi bo'yicha xlamidiozdan keyingi o'rinda turadi. Gonoreya haqida adabiyotlarda qayta-qayta yoritilsa ham, lekin unga nisbatan asoslanmagan beparvo munosabat hamon saqlanib qolmoqda. So'zak kasalligi, asosan, zino orqali yuqadi. Bachadon va tuxumdonda o'tkir yoki surunkali shamollashga sabab bo'ladi. Bepushtlik va bo'g'imlarning shamollashiga olib boradi. Tug'iladigan bolaga salbiy ta'sir etadi, uning ko'zlarida shamollash paydo qilib, oqibatda ko'r bo'lishga olib keladi.

Sifilis (zahm) – bu surunkali venerik kasallik bo'lib, teri, shilliq qavatlar, ichki a'zolar, suyak va asab tizimini jarohatlaydi. Bu tug'ma yoki orttirilgan umumiy yuqumli kasallik bo'lib, davolanmagan bemorlarda uzoq yillar davom etadi, qo'zish davrlari, yashirin davrlari almashinib turadi. Bu Ovrupa mamlakatlarida zino orqali tarqalgani uchun “Ovrupa kasalligi” deb ham ataladi.

Trixomonioz – etarlicha keng tarqalgan kasallik. Uning qo'zg'atuvchisi trixomonada bir hujayrali zararkunanda bo'lib, erkaklar va ayollarni kasallantiradi.

Gerpes – virusli yuqumli kasalliklardan bo'lib, takroriy kechishi, teri va shilliq qavatlarda toshmalar toshishi, markaziy va periferik asab tizimi, ko'zni zararlashi bilan farqlanadi. Bular vaqtida aniqlanib davolanmasa, bepushtlik, homilaning tushib qolishi yoki rivojlanmasligi, bachadon saratoni (raki), ko'rlik, yurak xastaliklari, ruhiy kasalliklar va bo'g'imlarning shikastlanishi kabi jiddiy oqibatlarga olib keladi.

Jinsiy yaralar kasalligi zino – harom jinsiy aloqa bilan yuqadigan kasallik. U shilliq to'qimalarning shamollashiga sabab bo'ladi. Surunkali yiringli yara, chipqon, siydik yo'llari shamollashi va ayrim a'zolarning shishuviga olib keladi.

Yumshoq yara kasalligi ham zino orqali yuqadi. Tanosil a'zolarida og'riqli yaralarga sabab bo'ladi. Teriga tez yoyiladi.

Jinsiy a'zolarning erta etilish kasalligi shahvatni o'z vaqtidan oldin va shahvat bezlari etilmasdan qo'zg'atish sababli o'smirlarda paydo bo'ladi. U tana xunuklashuviga va hatto ruhiy xastalikka ham olib keladi.

Jinsiy zaiflik xatarli kasallik bo'lib, erkak bilan erkak (bachchavozlik) yoki ayol bilan ayol kifoyalanishidan (tribadizm) kelib chiqadi. Bu kasallik ko'p mamlakatlarda, jumladan, “madaniyatli” deb atalgan davlatlarda  ko'p uchraydi.

Jinsiy havas kasalligi. Bu kasallikga duchor bo'lgan kishi ko'p vaqtini fahshni xayol qilish bilan o'tkazadi. Bunga mubtalo bo'lgan kishining aqli pasayadi, xotirasi sust bo'ladi, g'aflatga botadi, e'tibori zaiflashadi. U xuddi xafa va qiynalgandek ko'rinadi. Bu dard hatto ruhiy kasallik keltirib chiqaradi.

Fahsh ishlarning jamiyatda xatarlari juda ko'p. Ulardan ayrimlari quyidagilar:

– shahvatga berilish, giyohvand moddalar va spirtli ichimliklarga mukkasidan ketish;

– odam savdosi, xususan, ayollarni sotish, fohishalik bilan shug'ullanish;

– ayrim ayol-qizlarning buzilishi, hayosiz liboslar kiyishi;

– axloqsizlar, bezorilar va nafsiga qul bo'lganlar ko'payishi.

Tarixda bir davlat rahbari afsus bilan bunday degan: “Mamlakatning kelajagi xatarda. Chunki ko'p yoshlar axloqsiz, shahvat girdobiga sho'ng'igan, mas'uliyatni his qilishmaydi. Har  etti o'smirdan oltitasi axloqiy buzuq, shahvat ularni domiga tortib, jisman va ruhan zaiflashtirgan”.

Ayrim yovuz kishilar xorij mamlakatlaridagi buzuqlik to'lqinlarini obod va farovon yurtimiz tomon harakatlantirishga urinmoqda. Tijorat yoki ishga joylashtirish maqsadida yoshlarni aldov yo'li bilan xorijga sotib yuborish, ya'ni odam savdosi kabi pastkashlik bilan shug'ullanadiganlar uchrab turibdi. Bunday buzg'unchiliklar yurtimizning buguni va yorug' kelajagini ko'rolmaydigan xalqimiz dushmanlarining ishidir.

 

Ijtimoiy xatar

Axloqsizlik oqibati bo'lgan dardlarga yo'liqqan kishi faqat o'zi zarar ko'rib qolmay, balki atrofdagilarga ham ziyon etkazadi. Dastlab oilasi jabr ko'radi. Bunday farzand ota-onasini norizo qiladi. Chunki farzandining bedavo dardga mubtalo bo'lgani birinchi o'rinda ota-onasini qattiq tashvishga solishi barobarida, butun qavmu qarindosh, mahalla-kuy va yaqinlar orasida ularning yuzi shuvut bo'lib, bosh ko'tarolmay qolishadi.

Tanosil kasalliklariga giriftor bo'lgan yigit aslo oila qurishni o'ylamaydi. Chunki nafsi istaklarini jirkanch yo'l ila qondirgach, ularda uylanishga bo'lgan rag'bat keskin pasayadi. Mabodo ota-ona qistovi bilan uylangan taqdirda ham, shirin orzu-umid bilan turmushga chiqqan bir pokiza qizni baxtiqaro qilib, qizning go'zal niyatlarini sarobga aylantiradi.

Bu kabi illatlar bilan xastalangan qizlar esa, o'z o'rnida, turmush qurishdan ko'ra bunday engil-elpi hayotni ustun ko'radi. Ular uchun endi birovning uyiga kelin bo'lish tushunchasi mutlaqo yot, hatto xayoliga keltirishni istamaydi. Farzand dunyoga keltirish, parvarishlash va voyaga etkazish kabi onalik baxti esa, bunday toifadagilar nazdida “mashaqqat”ga aylanadi.

Saodatli xonadonga kelin bo'lish, diyonatli bir yorga baxt tuhfa eta oladigan vafodor jufti halol bo'lish, xonadonda serfarzand bo'lishdek yuksak baxtni soliha, pokiza va lobar qizlargina orzu qilishadi. 

Axloqsiz, hayosiz kimsa istamagan holda nogiron farzandni dunyoga keltiradi. Oila qurishdek sharafli burchdan uzoq bo'lgan nafs asirasi tug'ilgan farzandga zulm qilgan bo'lib, unga o'zidagi jirkanch tarbiyadan boshqa narsani bera olmaydi.

Bu dardlarga mubtalo bo'lgan kimsa qarindosh-urug'laridan uzilib qoladi. Chunki nafsning ortidan yurib, nojo'ya lazzatga berilganning qavmu qarindoshlar oldida zarracha qadr-qimmati bo'lmaydi. Halqimizning diniy va milliy qadriyatlarimiz bilan uyg'unlashib ketgan o'ziga xos oriyat va hamiyat sifatlari g'alayon qilib, unday kimsadan uzoqlashishga sabab bo'ladi.

Inson uchun Alloh taolo ato etgan betakror ne'mat – umrni behuda o'tkazish gunoh. Erkak va ayol uchun insoniy baxt bu hayotning mazmunidir. Haqiqiy baxt esa mustahkam qurilgan oila, ya'ni, er-xotinning ahil, chiroyli istiqomat qilishidadir.

 

Iqtisodiy xatar

G'animat vaqtini nafs lazzati va shahvat yo'lida sarf qiluvchi odam moddiy va ma'naviy tanazzulga uchraydi. Allaqachon ma'nan va jisman zaiflashgan bunday inson endi iqtisodiy jihatdan ham zaiflashadi. Bu jarayon bir-biriga uzviy bog'liq uch holat sababidan yaqqol ko'zga tashlanadi: darmonsizlik; ishda samaraning kamayishi; g'ayriqonuniy kasb qilish.

Darmonsizlik. Mash'um dardga chalingan, lazzat va nafs ketidan yuruvchi kimsalarda aqliy, jismoniy, xulqiy va ruhiy kasalliklarga duchor bo'lish kuzatiladi. Bu esa quvvatni kamaytirib, darmonsizlikni keltirib chiqaradi. Bemor turli yo'llar bilan o'z dardiga shifo qidira boshlaydi. Yuqorida zikr etilgan dardlarga oson shifo topish amrimahol. Davolanish ko'p mablag' talab etadi, iqtisodga jiddiy zarar keltiradi.

Ishda samaraning kamayishi. Ahloqsizlik zararlari ishdagi barakaning yo'qolishiga sabab bo'ladi. Birinchidan, nopok kimsa mollarini yomon yo'lda sarf etadi, ikkinchidan, bu yo'ldagi kishida o'z ishiga e'tibor susayadi. Chunki uning qalbida insofga chaqiruvchi biror omil qolmagan, buzuq ishlari kundan-kunga o'ziga moydek yoqib boradi. Ishga bo'lgan mas'uliyatni chetga surib qo'yadi. Oqibatda esa ishi orqaga tortadi. Shularni ham o'z qilmishining oqibati deb bilmayotgan nafs quli bu baxtsizlikning chorasini xato yo'llardan qidira boshlaydi.

Imom-domlalardan biri shunday voqeani aytib bergan edi: “Bir kuni xonamga ko'rinishidan tuppa-tuzuk bir kishi kirib keldi. Orasta kiyinishi, salobatli va vazmin ko'rinishidan biror lavozimdagi kishi bo'lsa kerak, degan o'yga bordim. Nazokatli ohangda, did bilan so'rashishi esa, xayolimdan o'tgan fikrni yana tasdiqladi.

 “Hush kelibsiz, bizdan nima xizmat?” deya savolomuz qaradim. Bu gapimdan keyin notanish kishining yuzlari biroz tundlashib, chuqur “uh” tortgancha so'z boshladi: “Taqsir, menga yordamingiz juda zarur. Shu desangiz, o'zim yaxshigina bir joyda ishlayman. Qo'l ostimda anchagina odamlar mehnat qiladi. So'nggi paytlar ishim yurishmay qoldi. Go'yoki barchasi teskari tomonga ketayotgandek, tez-tez tobim qochib qoladi, davolanish sababidan nazoratsiz qolayotgan korxonamda ish unumi pasayib ketdi. Yaxshigina ishlab turgan ishchilarim esa ishni tashlab ketishyapti. Hamkor tashkilotlar shartnomalarni sababsiz bekor qilishmoqda. O'ylab o'yimga etolmayman, barchasi yaxshigina ketayotgan edi, birdaniga nima bo'ldi, hayronman. Domla, bir o'qib dam solib qo'ysangiz, hammasi izga tushib ketarmidi, degan maqsadda oldingizga keldim.”

Imkon qadar unga tasalli berib, o'qib qo'ydik-da, taskin so'zlar ila sabr qilmog'ini aytib, duolar qildik. Shu alfozda xayrlashayotgan mahalda, ikki tomoniga bir-bir qarab, sergaklangancha: “Domla, bir iltimosim bor, aytsam maylimi?” deb qoldi. “Ayting”, deganimdan so'ng gap boshladi: “Qo'l ostimda bir necha yildan buyon bir ayol ishlaydi. To'g'risini aytsam, o'sha ayol bilan oramiz juda yaqin... xullas, bir-birimizni yoqtiramiz. Ammo muammo shundaki, o'rtamizda nikoh yo'q. Shu ayolni menga nikohlab qo'ysangiz, domla, har holda, halollik deganlariday...” Boshimga birov gurzi bilan urganday bo'lib, joyimga o'tirib qoldim. Rangim o'zgarganini ko'rib, gapini boshqa davom ettirolmadi. Hadiksiragan alfozda ko'zlari bejo boqib, bir vaqtning o'zida mendan “ijobiy” javob ham kutib, javdirab turardi. Bir necha soniya o'tib, o'zimni qo'lga olib, sekingina, qayerda ishlashi va ismi sharifi bilan qiziqa boshlaganimdan so'ng, darhol juftakni rostlab qoldi.”

Nafs qulligiga mahkum bo'lgan bu banda buzuqligining kasofatidan ayni hayvoniy sifatga ega bo'libdi. Buni qarang, insondek mukarram zotlar orasida hayvonlarga o'xshab qolish tasavvurga sig'maydigan darajada xorlik bo'lsa-da, bunga “erishganlar” ham topilar ekan. Nahotki “halollik” haqida “qayg'urayotgan”, shunga “talpinayotgan” inson erkak va ayol o'rtasidagi bunday munosabatlar nikohsiz bo'lmasligini, loaqal bir bora bo'lsa-da, o'ylab ham ko'rmagan. Ota-onasi farzandining shu kabi qilmish­laridan xabardormi? Azizlar, bu kabi muammolar barchamizni birdek o'ylantirib qo'yishi aniq.

G'ayriqonuniy kasb qilish. Bunday baloga uchrab, iqtisodiga ham zarar etgan kishi endi molu davlat talvasasiga tushadi. Qalb shu darajada xastalanadiki, unga mol-dunyoni qanday yo'l bilan topishning farqi yo'q. Bu har qanday yo'l, birov mulkiga xiyonatmi, o'z mavqeini suiiste'mol qilishmi, odam savdosimi, o'g'irlikmi, hech biridan tap tortmasdan shug'ullanadi. Chunki u bir pastkash, o'ziga zulmkor kimsaga aylandi. Uning g'aflat bosgan qalbidagi imoni ham go'yo miltillab qolgan sham misoli so'nib qolayozgan. Allohdan qo'rqishga undaydigan hech narsa qolmagan. Unga tuzalishning birgina chorasi – qilgan ishidan qattiq nadomat chekib, tavba qilib, nopok yo'lga boshqa qaytmasdan, yaxshilikda bardavom bo'lishdir.

 

Dinu imonga xatar

Yuqorida nafs balosining ortidan keladigan zarar va xatarlarni birma-bir bayon qildik. Albatta, barchani bunday ofatlarning kattasidan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ogoh etganlar:

عن ابن عباس قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : « إياكم والزنا ، فإن فيه أربع خصال : يذهب البهاء عن الوجه ، ويقطع الرزق ، ويسخط الرحمن ، والخلود في النار ». (رواه الطبراني في الأوسط)

Imom Tabaroniy “Avsat” asarida rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Zinodan saqlaning. Unda to'rt ofat bor: yuzdan go'zallikni ketkazadi, rizqni kesadi, Rahmonni g'azablantiradi, do'zaxda abadiy qolishga sabab bo'ladi”, dedilar.

Kimsa bunday qabih ishni sodir etayotganida uning qalbidan imondek bebaho ulug' ne'mat sug'urib olinadi. Bu esa unga etadigan xatarlarning eng dahshatlisi va eng ulkanidir. Vaholanki, mo'min insonning imonidan ziyoda boyligi bo'lmaydi. Buni Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) quyidagicha bayon etganlar:

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال النبي صلى الله عليه و سلم ( لا يزني الزاني حين يزني وهو مؤمن... (رواه البخاري)

Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Zinokor mo'min holida zino qilmaydi...”, dedilar. Ya'ni, kimsa ushbu katta gunohni Allohdan qo'rqmasdan qilishga jur'at etdimi, Alloh taolo u bandasidan o'zining ushbu ne'matini olib qo'yadi. Demak, mo'min ayni shu ishni qilayotgan vaqtda imonsiz holda bo'ladi.

Agar zinokor gunohda bardavom bo'lib, tavba qilmay vafot etsa, Alloh uni qiyomat kuni azobga duchor etadi. Alloh taolo bunday deydi:

وَٱلَّذِينَ لَا يَدۡعُونَ مَعَ ٱللَّهِ إِلَٰهًا ءَاخَرَ وَلَا يَقۡتُلُونَ ٱلنَّفۡسَ ٱلَّتِي حَرَّمَ ٱللَّهُ إِلَّا بِٱلۡحَقِّ وَلَا يَزۡنُونَۚ وَمَن يَفۡعَلۡ ذَٰلِكَ يَلۡقَ أَثَامٗا٦٨ يُضَٰعَفۡ لَهُ ٱلۡعَذَابُ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ وَيَخۡلُدۡ فِيهِۦ مُهَانًا٦٩

«Ular Allohga qo'shib, boshqa “iloh”ga iltijo qilmaslar va Alloh o'ldirishni man etgan jonni nohaq o'ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlar)ni (imonsiz holda) qilsa, gunohga (uqubatga) uchrar. Qiyomat kunida unga azob bir necha barobar ziyoda qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur» (Furqon, 68-69).

Har bir zamon va makonda buzuqlik, turli fahsh ishlar sharmandalik keltirgan. Barcha payg'ambarlar ummatlarini bu kabi qabih ishlardan qaytargan.

Bunday gunoh ishning oqibatida mo'minning bebaho ne'mati bo'lgan imoni, javohirdan-da qimmat bo'lgan sog'lig'i, inson ziynati bo'lgan odobi, qadrdon oilasi, pok rizqi, jamoasi, xullas, dunyo va oxiratiga ulkan ziyon etadi. Kim bunday qaltis yo'l qurboni bo'lar ekan,  ikki dunyo baxtu saodatidan bebahradir. Farzand tarbiyasiga loqayd bo'lgan ota-ona esa, bu dunyoda isnoddan bosh ko'tarolmasdan vijdon azobida o'tadi, oxiratda esa ularga g'am-g'ussa va anduhlar bo'lishi muqarrar. Shu bois ota-ona e'tiborsiz bo'lib yoki istihola qilib, bu tarbiyani aslo kechiktirmasliklari lozim.

Bunday nozik tarbiya o'z vaqtida berilsa, qalbimiz qo'ri bo'lgan farzandlar iffatli, or-nomusli bo'lib voyaga etadi. Har bir narsaning o'z mavridi bo'lganidek, farzand uylanish yoshiga etsa, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga binoan, munosib juft topib, uylantirish lozim. Chunki sabrning chegarasi bor. Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir necha yosh yigitlar kelib, shikoyatlarini bayon etishdi: “Yo Rasululloh, bizlar shahvatni tiyishda ojizmiz, bichtirish joizmi?” Shunda Rasululloh (alayhissalom) o'z-o'ziga zulm qilishga ruxsat bermadilar.

قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: يا معشر الشباب من استطاع الباءة فليتزوج... (رواه البخاري)

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo'lsa, uylansin”, deganlar.

KYeYINGI MAVZULAR:

Tarbiya bosqichlarining uzviy bog'liqligi;

Balog'atga etgan yigit, qiz odobi;

Tayammumning shartlari;

Er-xotin munosabati;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

07.05.2025   992   9 min.
Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

         Islom shariatida ijtihod (ya’ni shariat hukmlarini aniqlashda ilm va dalil asosida izlanish olib borish) juda muhim o‘ringa ega. Shariat o‘z samarasini berishi uchun shaxs, oila, jamiyat va ummat hayotida maqsadlariga erisha olishi uchun, u har tomonlama va har darajada ijtihodning amalga oshirilishiga muhtojdir. Bu — yangi masalalarda ijtihod bo‘ladimi, mavjud fikrlardan tanlab olinadigan ijtihodmi, umumiy yoki qisman, yakka tartibda yoki jamoaviy bo‘ladimi — barchasi shariat faoliyatida zarur sanaladi. 
 

         Ijtihodning turli ko‘rinishlari mavjud. Ulardan biri — qozilikdagi ijtihod bo‘lib, bu qozilar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, islomda ijtihod faol davrlarda va hukmlar qonun sifatida rasman qayd etilmagan, qozilar majburiy ravishda ularga amal qilishga buyurilmagan davrlarda bu juda keng tarqalgan edi.


         Ijtihodning yana bir shakli — qonunlashtirishdir. Ya’ni, fiqh hukmlarini huquqiy moddalar shaklida ifoda etish. Masalan, oila qonunchiligi, fuqarolik qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi, ma’muriy va moliyaviy qonunchilik kabi sohalarda. Masalan, Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida hanafiy mazhabi asosida tayyorlangan mashhur "Majallatul ahkom" ana shunday qonunlar to‘plamining namunasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham shariat hukmlarini yangi ijtihod asosida tartiblash mumkin, bu ijtihod umumiy ham bo‘lishi mumkin, yoki qisman, yangi yoki mavjud fikrlardan tanlangan holda bo‘lishi mumkin.


         Bu amaliyot oila qonunchiligida (yoki "shaxsiy holatlar" deb ataluvchi sohada) amalga oshirilgan. Avvalida bu hanafiy mazhabi asosida bo‘lsa-da, keyinchalik to‘rt mazhab doirasiga kengaydi va yanada ilgarilab, islom fiqhining barcha imkoniyatlaridan bahra olishga o‘tildi. Bu yo‘lni Misrda al-Azhar shayxi — shayx Muhammad Mustafo al-Marog‘iy boshlagan, uni ba’zi mazhab mutaassiblari va taqlid tarafdorlari tanqid qilganlar, lekin u shariat dalillari bilan ularga munosib javob qaytargan.


         Ijtihodning yana bir ko‘rinishi — fiqhiy tadqiqotdir. Bu islom ulamolari o‘z halqalarida shogirdlari bilan birga bajargan ishlar bo‘lib, masalalarni bayon qilish, savollarga javob berish va buni shariat matnlari, qoidalari va maqsadlari asosida olib borishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda buni universitetlardagi professorlar yoki ilmiy daraja (magistrlik, doktorlik) ishini yozayotgan talabalar amalga oshirmoqdalar. Ana shunday izlanishlar asosida kitoblar yoziladi.


         Ijtihodning yana bir shakli — fetvo berishdir. Fuqaholarga odamlar turli hayotiy masalalarda murojaat qilishadi va muftiy unga javob berishi shart, ayniqsa boshqa muftiy bo‘lmasa yoki u davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa. Muftiyning fatvosi tahqiq va ijtihod asosida bo‘lishi kerak, ya’ni real holatga mos ravishda qaror chiqariladi.


         Har bir mazhabda voqealarga mos tushgan fatvolar kitoblari mavjud bo‘lib, ularda barcha fiqh bo‘limlari qamrab olingan. Bu kitoblar mazhab qoidalari asosida tuzilgan va "ahkamun navozil" (yangi masalalarga oid hukmlar) deb ham ataladi.


         Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, fatvo zamon, makon, urf-odat va insonlarning ahvoliga qarab o‘zgarishi mumkin. Biz ham bu tadqiqotimizda fatvo beruvchi zamondosh ulamolar uchun ushbu omillarni e’tiborga olishni vojib, deb bildik. Ilg‘or zamon talabiga ko‘ra, oldingi ulamolar ta’riflagan to‘rt omilga yana olti omil qo‘shdik. Ya’ni, hozirgi zamonda fatvoning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi o‘nta omil bor:


1. Makonning o‘zgarishi

2. Zamonning o‘zgarishi

3. Holatlarning o‘zgarishi

4. Urf-odatning o‘zgarishi

5. Ma’lumotlar o‘zgarishi

6. Insonlar ehtiyojining o‘zgarishi

7. Insonlar imkoniyat va iqtidorining o‘zgarishi

8. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitning o‘zgarishi

9. Ommaviy muammolarning yuzaga kelishi

10. Fikr va qarashlar o‘zgarishi


         Albatta, Islomda fatvo berish ulkan mas’uliyatdir. Bu vazifani ilmi va taqvosi yetarli bo‘lmagan odamlarga topshirish mumkin emas. Salafi solihlarimiz bu masalada juda qat’iy bo‘lishgan. Fiqhda va fikrda bilimsiz kishi fatvo bermasligi kerak. Imom Shotibiy shunday deydi: fatvo beruvchi kishi ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rnida turadi — odamlarga Allohning shariati hukmlarini bayon qiladi. Imom Ibn al-Qayyim rahimahulloh fatvo beruvchi haqida shunday deydi: u Alloh taolo nomidan hukm chiqaradigan odamdir, xuddi podshoh va amirlar nomidan qaror chiqaradigan vakillar kabi. Shu sabab, u kishi “I’lom al-mo‘aqqiyn ’an Rabb al-’Alamiyn” (Olamlar Robbisi nomidan imzo qo‘yuqchilarni ogohlantirish) deb nomlangan kitobini muftiylar uchun yozgan.


         Qur’oni Karimda Alloh taolo ba’zi masalalarda fatvoni O‘zi beradi. Masalan: “Sendan meros haqida so‘raydilar. Ayt: Alloh sizlarga kalala haqida fatvo beradi” (Niso surasi,176-oyat). “Ayollar haqida sendan so‘raydilar. Ayt: Alloh ular haqida fatvo beradi” (Niso surasi,127-oyat).


         Qur’onda “So‘raydilar” degan ibora o‘nlab oyatlarda keladi. Alloh taolo unga “Ayt” (Qul) degan javob bilan murojaat qiladi. Masalan: “Sendan may ichimlik va qimor haqida so‘raydilar. Ayt: ularda katta gunoh bor…” (Baqara surasi, 219-oyat) va shunga o‘xshash oyatlar. Bu ham fatvo va fatvo berishning ahamiyati, ulug‘ligi va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Allohning O‘zi fatvo bergan bo‘lsa, bu qanday ulug‘ ish!


         Hech bir tadqiqotchiga sir emaski, musulmonlar — dunyodagi yagona ummatdirki, shariat hukmlari haqida savol beradi, ibodatlarida va muomalalarida halol-haromni aniqlamoqchi bo‘ladi. Boshqa bironta millatda — hatto kitobiy yoki butparast bo‘lsin — bunday intizom yo‘q. Shu sababli musulmon davlatlarda fatvo muassasalari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘pgina mamlakatlarda “Muftiy” lavozimi joriy etilgan. U ayrim mamlakatlarda diniy va ilmiy eng oliy mansab sanaladi. Misrda esa “Shayx al-Azhar” eng yuqori mansab hisoblanadi.


         Shu tufayli, muftiyning shartlari, odoblari va fatvo so‘rovchining ham odoblari haqida kitoblar yozilgan, hozirgi zamonda esa fatvo masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, televideniyelar paydo bo‘lganidan so‘ng “ijtimoiy tarmoq orqali fatvo beradigan” ba’zi shaxslar ko‘paydi, ular har qanday masalada o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatadi. “Bilmayman”, “Bu masala tahqiq talab qiladi”, “Kengash qilishim kerak” demaydi. Holbuki salafi solihlarimizdan biri aytganidek: “Kimki ‘bilmayman’ deyishda xatoga yo‘l qo‘ysa, u halokatga yuz tutgan bo‘ladi”.


         Shu maqsadda biz avvalroq «Fatvo: intizom va beqarorlik o‘rtasida» nomli kitobimizni nashr etgan edik. Endi esa ushbu «Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar» nomli risolamizni taqdim etyapmiz. Bu orqali fatvo egalarini to‘g‘ri yo‘l — nurli sirotul mustaqim — bilan yurishga yordam berishni, imkoni boricha haq va to‘g‘rilikni izlab topishga undashni, haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishni va eng oxirida muftiyning Allohdan tavfiq so‘rab, U zotdan ko‘mak so‘rashini istaymiz. Chunki salafi solihlardan biri shunday degan: “Agar bir masala sen uchun  qiyin kelsa, ayt: ‘Ey Ibrohimga ilm o‘rgatgan Zot, menga ham ilm o‘rgat!’”. Alloh taolo shunday deydi: «Kimki Allohga iymon keltirsa, Alloh uning qalbini hidoyat qiladi» (Tag‘obun surasi, 11-oyat), «Kimki Allohga suyansa, bas u to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etildi» (Oli Imron surasi, 101-oyat).


         Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bizga bunday duoni o‘rgatganlar: “Ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Parvardigori! Osmonlar va yerning yaratuvchisi! Yashirin va oshkora narsalarning bilguvchisi! Sen bandalaring o‘rtasida kelisha olmayotgan masalalarda hukm chiqarasan. Sening izning bilan menga haq yo‘lni ko‘rsat, chunki Sen istagan kimsani to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etasan”.


         Yevropa Fatvo va Tadqiqotlar Kengashining Bosh kotibiyati mendan uning madaniy risolalar silsilasiga muqaddima sifatida bir risola yozishimni so‘radi. Men esa mana shu risolani tanladim. Umid qilamanki, bu risola ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi, musulmonlarni umuman, ayniqsa, ozchilikda yashayotgan musulmonlarni fahm va hidoyatga yetaklaydi. Niyatimiz Alloh uchun. Uning O‘zi bizga yetarli va qanday yaxshi vakildir U.

 

Allohga muhtoj bandasi —

Yusuf al-Qarazoviy

Do‘ha shahri,

Rabi’ us-soniy, 1428 hijriy

May, 2007 milodiy

 

Homidjon domla Ishmatbekov

tarjimasi