Ushbu kitobimizning asosiy maqsadiga nazar soladigan bo'lsak, vahdatul vujuddan so'z ochmasak ham bo'lar edi. Chunki bu kitobda biz sunniy tasavvufdan so'z yuritmoqdamiz, falsafiy tasavvufdan o'zimizni yiroq tutmoqdamiz. Vahdatul vujud esa aynan falsafiy tasavvufni maydonga kiritgan bosh omillardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, bu masalaga falsafiy tasavvufdan boshqalar ham qisman mubtalo bo'lganlar. Hususan, bizda ko'p tarqalgan Naqshbandiya tariqati ham bir vaqtlar vahdatul vujud masalasiga katta e'tibor bergan.
Hozirgi kunimizda bu masala bizning diyorlarimizda unut bo'lgan edi. Shuning uchun boshqa bir qancha tortishuvli masalalar qatori, vahdatul vujud masalasining qayta maydonga chiqishini istamas edik. Men o'zim bu masalaning birovning esiga tushib qolishini aslo istamas edim. Bu masaladan xabardor birodarlarga ham uni qo'zg'amaslik kerakligini aytib yurar edim. Ammo biz istaymizmi, yo'qmi, asta-sekin vahdatul vujud masalasi maydonga kirib kela boshladi.
Chet eldaligimda ba'zi bir muxlislar xat yozib, mendan vahdatul vujud masalasini tushuntirib berishni so'radilar. O'shanda biz istamasak ham bu masala ko'tarilganini ta'kidlash bilan birga, u haqda biroz ma'lumot ham berdim.
Keyinchalik, yurtga qaytganimda, chet el tasavvufiga qo'shilib, vahdatul vujud tushunchasi ham xalq orasiga kirib kelganining guvohi bo'ldim. Odamlar bu masala haqida savol bera boshlagan edilar. Chetdan kelgan kitoblarning tarjimalarida ushbu masala turlicha yoritilgan edi. Ba'zi bilgan-bilmaganlar vahdatul vujud haqida o'zlaricha yozar va gapirar edilar.
Ushbu va yana boshqa ba'zi bir omillar vahdatul vujud masalasi haqida qo'ldan kelganicha ma'lumot berishga undadi.
Vahdatul vujud nazariyasining keng tarqalishiga asosiy sabab bo'lgan shaxs hijriy 560 sanada tug'ilgan va hijriy 638 sanada vafot etgan Muhyiddin ibn Arabiy hisoblanadi.
Vahdatul vujud nazariyasini asosan Muhyiddin ibn Arabiy o'zining «Al-futuhotu al-Makkiya» va «Fususul hikam» nomli kitoblarida bayon qilgan. Bu nazariya o'sha vaqtning o'zidayoq hamma yoqqa keng tarqaldi. Ayniqsa tasavvuf tariqatlari orasida bu nazariya tanadagi qon o'rnida aylanadigan bo'ldi. Bora-bora vahdatul vujud nazariyasi ahli zavq va tahqiqning shioriga aylandi. Bu nazariyani inkor qilganlar g'ofil kishi sifatida, tasavvufga yot unsur sifatida qoralanadigan bo'ldi.
Shu erda Muhyiddin ibn Arabiy va uning safdoshlari sunniy tasavvuf zaiflashgan vaqtda, umuman, islomiy ilmlar tanazzulga yuz tuta boshlagan bir paytda maydonga chiqqanligini alohida ta'kidlab o'tmog'imiz lozim.
Vahdatul vujud nazariyasi, qisqacha qilib aytganda, quyidagi fikrdan iborat:
«Alloh taolodan boshqa barcha narsalar shu'un va ta'yinotlar olamidir. Barcha shu'un (holat) va ta'yinot(jism)lar U Zotning ko'rinishlaridir. U Zot ularda zohir va aralashib yuruvchi bo'lgandir. Bu aralashib yurish hulul (singish) va ittihod (birikib ketish) nazariyasi sohiblari aytgani kabi emasdir. Balki bu aralashib yurish bir sonning boshqa sonlar ichida yurgani kabidir. Hamma sonlar birliklardan iboratdir. Ammo olamda faqatgina bir muayyan narsa yoki bittagina zot zohir bo'ladi, xolos. Ana o'sha zot Allohning muqaddas zoti shaklida zohir bo'lgandir. Allohning zoti esa ko'p adadlarda zohir bo'ladi. Bas, Alloh avval va oxir, zohir va botin, sheriklar va tengdoshlardan ustindir».
Bu ma'noning dalili sifatida vahdatul vujud asoschilari va tarafdorlari «Maxfiy xazina edim. Bas, tanilishni mahbub ko'rdim va xaloyiqni xalq qildim», degan hadisni keltirganlar.
Ammo hadis ilmidan voqif bo'lgan ko'pchilik ulamolar – hofiz Ibn Hajar, Zarkashiy, Suyutiy va boshqalar bu gap hadis emasligini atroflicha isbotlaydilar.
Vahdatul vujudchilarning asosiy dalillaridan biri imom Buxoriy rivoyat qilgan quyidagi hadisi qudsiy edi:
«Kim mening valiyimga dushmanlik qilsa, Men unga qarshi urush ochaman. Bandam uchun Menga O'zim unga farz qilgan narsa ila yaqinlashishidan ko'ra mahbub yaqinlashish yo'q. Bandam Menga nafllar ila yaqinlashishda unga muhabbat qilgunimcha bardavom bo'lur. Bas, Men unga muhabbat qilsam, uning eshitar qulog'i, ko'rar ko'zi, ushlar qo'li va yurar oyog'i bo'lurman. Va u Mendan so'rasa, albatta unga berurman. Mendan panoh so'rasa, albatta unga panoh berurman».
Alloh taoloning irodasi ila har narsa bo'lishi mumkinligiga vahdatul vujud nazariyasining musulmonlar orasida tarqalishi yorqin misol bo'lsa, ajab emas. Bo'lmasa, «Anal Haq» («Haq menman») deganlar yuqoridagi hadisi sharifni o'zlarining fikriga dalil qilib keltirib, boshqa odamlar o'sha safsatani qabul qilarmidilar?! Axir hadisning o'zida «bandam» degan so'z turibdi-ku! Banda bo'lgandan keyin, qanday qilib Haq ham bo'lish mumkin?! Bu hadisi sharifda farz ibodatlarni to'liq ado etadigan banda Alloh taologa yaqin bo'lishi, u nafl ibodatlarni ham ko'proq qilaversa, duosi to'siqsiz qabul bo'ladigan holga erishishi mumkinligi haqida so'z bormoqda-ku!
Mansur Hallojning qatli uchun chiqarilgan hukmga yig'lab qo'l qo'ygan ulamolar kabi, biz ham bu ulug' zotning «Anal Haq»lari xudolik da'vosi emasligini, Allohning valiysi ilohlik da'vosini qilmasligini yaxshi tushunamiz. Lekin Alloh taoloning muhabbatini yuragiga sig'dirolmay, Alloh azza va jallaning yaqinligidan zavqi toshib, o'zini yo'qotib, jazavaga tushgan oshiq avliyoning shatahotini ham, jazavasini ham oqlamaymiz. Agar boshqa valiy zotlarda bo'lgani kabi, bu shatahot, bu jazava faqat o'tkinchi bir holat bo'lganida, hech bir ulamo Mansur Hallojga e'tiroz bildirmasdi. Zero, hadisi sharifda bayon qilinishicha, ba'zan banda zavqining zo'ridan adashib, o'zini Robb, Robbni banda deb xitob qilib yuborishi ham mumkin va bu o'tkinchi yanglish holat uzrli hisoblanar ekan.
عَنْ أَنَسٍ :أَنَّ رَسُولَ اللهِ قَالَ: «لَلَّهُ أَشَدُّ فَرَحًا بِتَوْبَةِ عَبْدِهِ حِينَ يَتُوبُ إِلَيْهِ مِنْ أَحَدِكُمْ كَانَ عَلَى رَاحِلَتِهِ بِأَرْضِ فَلَاةٍ، فَانْفَلَتَتْ مِنْهُ، وَعَلَيْهَا طَعَامُهُ وَشَرَابُهُ، فَأَيِسَ مِنْهَا، فَأَتَى شَجَرَةً فَاضْطَجَعَ فِي ظِلِّهَا، قَدْ أَيِسَ مِنْ رَاحِلَتِهِ، فَبَيْنَا هُوَ كَذَلِكَ إِذَا هُوَ بِهَا قَائِمَةً عِنْدَهُ، فَأَخَذَ بِخِطَامِهَا، ثُمَّ قَالَ مِنْ شِدَّةِ الْفَرَحِ: اللَّهُمَّ أَنْتَ عَبْدِي وَأَنَا رَبُّكَ، أَخْطَأَ مِنْ شِدَّةِ الْفَرَحِ». رَوَاهُ الشّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh O'z bandasining tavbasidan biringizning suvi va taomi ortilgan, kimsasiz biyobonda qochib ketgan ulovidan umidini uzib, bir daraxt tagiga borib, soyasida yotganda, ulovidan mutlaqo umidi uzilganda, ana shu holda yotganida birdan qarasa, u (ulov) oldiga kelib qolgan bo'lsa, uning jilovidan tutib, azbaroyi xursand bo'lib ketganidan: «Ey Allohim! Sen bandamsan! Men Robbingman!» deb yuborgan paytidagi xursandligidan ham ko'ra ko'proq xursand bo'ladi. Chunki u (banda) juda xursand bo'lib ketganidan xato qilgandi».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.
Ammo Mansur Halloj shatahot holatida turib qoldi. Alloh taoloning insonlarni va jinlarni yaratishdan maqsadi ularning ibodati, ya'ni qulligi ekanini unutdi.
Holbuki, Alloh taolo Zaariyaat surasida:
وَمَا خَلَقۡتُ ٱلۡجِنَّ وَٱلۡإِنسَ إِلَّا لِيَعۡبُدُونِ٥٦
«Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim», degan (56-oyat).
Aslini olganda, Alloh taologa qullik qilish va Uni sevish aynan bir tushunchalardir. Zero, banda o'zini yaratgan Zotni sevgandagina Uning har bir amrini muhabbat bilan qabul qiladi va Unga so'zsiz itoat etishdan huzurlanadi. Aslida Robbul olaminning har bir amri bandasining o'z foydasi uchundir. Mo'min-musulmon uchun ertayu kech bir lahza ham Alloh taoloning zikridan g'ofil qolmagan holda, U Zotning amrlariga bo'ysunib, qaytarganlaridan qaytib, halol-pok rizq talabida mehnat qilib, jamiyatning ishonchli, solih bir vakili, vafodor er, mehribon ota, sodiq do'st, silai rahm qiluvchi qarindosh, masjidga shoshilib borib, sekin qaytuvchi namozxon, o'ziga ravo ko'rgan yaxshiliklarni o'zga musulmonlarga ham ravo ko'ruvchi qalbi saxiy inson va eng muhimi, har bir yaxshi amalida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qiluvchi sodiq muqtadiy bo'lishdan ko'ra to'g'riroq yo'lni biz bilmaymiz. Zero, bu aytilganlarning barchasi sevimli Robbimiz bizdan talab qilgan, U Zotning elchisi, Habibulloh Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bizga Alloh taoloning amri ila etkazgan vojibotlardir. To'g'ri e'tiqoddagi hech bir mutasavvif, to'g'ri tariqatdagi hech bir mustarshidu murid bu vojibotlarning birontasini inkor qilmaydi. Bularni inkor qilganlarning e'tiqodi ham, tariqati ham shubhalidir.
Ayni paytda, biz xavf va rajo oralig'ida yashashga buyurilganmiz. Alloh taoloni sevamiz va taqvo ham qilamiz. Bu amalimiz ham Alloh taoloning O'z buyrug'i va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalariga ko'radir. Shuning uchun ham biz – Ahli sunna val jamoa ahli «Anal Haq» vasvasasini ham, «vahdatul vujud» g'oyasi atalmish safsatalarni ham qabul qilmaymiz.
Vahdatul vujudchilarning boshqa bir dalillari bundan ham g'aribroq. Ular fikrlarining dalili sifatida quyidagi hadisi sharifni ham keltiradilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، عَنِ النَّبِيِّ قَالَ: «إِنَّ اللهَ عَزَّ وَجَلَّ يَقُولُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: يَا ابْنَ آدَمَ، مَرِضْتُ فَلَمْ تَعُدْنِي، قَالَ: يَا رَبِّ، كَيْفَ أَعُودُكَ وَأَنْتَ رَبُّ الْعَالَمِينَ؟ قَالَ: أَمَا عَلِمْتَ أَنَّ عَبْدِي فُلَانًا مَرِضَ فَلَمْ تَعُدْهُ، أَمَا عَلِمْتَ أَنَّكَ لَوْ عُدْتَهُ لَوَجَدْتَنِي عِنْدَهُ، يَا ابْنَ آدَمَ، اسْتَطْعَمْتُكَ فَلَمْ تُطْعِمْنِي، قَالَ: يَا رَبِّ، وَكَيْفَ أُطْعِمُكَ وَأَنْتَ رَبُّ الْعَالَمِينَ؟ قَالَ: أَمَا عَلِمْتَ أَنَّهُ اسْتَطْعَمَكَ عَبْدِي فُلَانٌ فَلَمْ تُطْعِمْهُ، أَمَا عَلِمْتَ أَنَّكَ لَوْ أَطْعَمْتَهُ لَوَجَدْتَ ذَلِكَ عِنْدِي، يَا ابْنَ آدَمَ، اسْتَسْقَيْتُكَ فَلَمْ تَسْقِنِي قَالَ: يَا رَبِّ، كَيْفَ أَسْقِيكَ وَأَنْتَ رَبُّ الْعَالَمِينَ؟ قَالَ: اسْتَسْقَاكَ عَبْدِي فُلَانٌ فَلَمْ تَسْقِهِ، أَمَا إِنَّكَ لَوْ سَقَيْتَهُ وَجَدْتَ ذَلِكَ عِنْدِي». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
«Alloh azza va jalla qiyomat kuni: «Ey Odam bolasi, bemor bo'ldim, ko'rgani kelmading?!» deydi.
«Ey Robbim, qanday qilib Seni ko'rgani boraman? Sen Robbul olamin bo'lsang?» deydi banda.
«Bilmadingmi? Bandam Falonchi bemor bo'ldi. Sen uni ko'rgani bormading. Bilmadingmi? Agar sen uni ko'rgani borganingda, Meni uning huzurida topgan bo'lar eding. Ey Odam bolasi, sendan taom so'radim, Menga taom bermading?!» deydi.
«Ey Robbim, qanday qilib Senga taom berayin? Sen Robbul olamin bo'lsang?» deydi banda.
«Bilmadingmi? Bandam Falonchi sendan taom so'radi. Sen unga taom bermading. Bilmadingmi? Agar sen unga taom berganingda, o'shani Mening huzurimda topgan bo'lar eding. Ey Odam bolasi, sendan suv so'radim, Menga suv bermading?!» deydi.
«Ey Robbim, qanday qilib Senga suv beray? Sen Robbul olamin bo'lsang?» deydi banda.
«Bandam Falonchi sendan suv so'radi. Sen unga suv bermading. Agar sen unga suv berganingda, o'shani Mening huzurimda topgan bo'lar eding», deydi».
Muslim rivoyat qilgan.
E'tibor beradigan bo'lsak, hadisi sharifda «bandam» so'zi qayta-qayta takrorlanmoqda. Bu erda bandaning Alloh bilan birlashib ketishiga hech qanday ishora yo'q.
Bu hadisi qudsiyda muhtoj kishilarga taom va sharob tutish xuddi Alloh taologa taom va sharob tutishga tenglashtirilmoqda, xolos. Bunday ulug' ishni qilishga imkoni bo'lgan har bir musulmon albatta uni amalga oshirishi lozim bo'ladi. Alloh taoloning «o'shani Mening huzurimda topgan bo'lar eding» deyishi, «o'sha ishning savobini» deganidir.
«Ey Odam bolasi, bemor bo'ldim, ko'rgani kelmading?!» deydi.
«Ey Robbim, qanday qilib Seni ko'rgani boraman? Sen Robbul olamin bo'lsang?» deydi banda.
«Bilmadingmi? Bandam Falonchi bemor bo'ldi. Sen uni ko'rgani bormading. Bilmadingmi? Agar sen uni ko'rgani borganingda, Meni uning huzurida topgan bo'lar eding.
Demak, bir bemor bandani ko'rgani borgan odam juda ulug' ish qilgan bo'lar ekan. Bir bandaning bemor bo'lganini bilib turib, uni ko'rgani bormagan odam esa katta nuqsonga yo'l qo'ygan bo'lar ekan.
Boshqa ma'nolar ham shunga taqqoslanadi, xolos.
Vahdatul vujud nazariyasi sohiblarining fikricha, bu dunyoda Allohdan boshqa vujud bor, deb e'tiqod qilgan odam mushrik bo'ladi. Ammo «Bu dunyoda Allohdan boshqa vujud yo'q, U Zotdan boshqa narsalar Uning ko'rinishlaridir. Ko'rinishlarning ko'pligi U Zotning yolg'izligini rad qilmaydi», degan inson ularning nazarida muvahhid bo'ladi.
Vahdatul vujud nazariyasining dunyodagi ta'siri kengayib bordi. So'fiylar, faylasuflar va yozuvchiyu shoirlarning to'qson to'qqiz foizi bu nazariyani o'zlarining mazhabi qilib oldilar.
O'sha vaqtlarning muhaddislari, faqihlari va katta ulamolari bu nazariyaga qarshi chiqdilar. Bularning ichida hofiz Ibn Hajar Asqaloniy, Alloma Saxoviy, mufassir Abu Hayyon, Izzuddin ibn Abdussalom, hofiz Abu Zar'a, Mullo Ali Qori nomi ila mashhur bo'lgan alloma Nuruddin Ali ibn Sulton Muhammad Hiraviy, alloma Sa'duddin Taftazoniy va boshqalar bor edilar.
Vahdatul vujud nazariyasi tarafdorlari bu nazariyaning tanqidchilari va dushmanlarini tasavvufdan va uning samaralaridan bebahraliklari uchun dushmanlik qilayotganlikda ayblar edilar. Ular bu borada «Bir narsani bilmagan odam unga dushman bo'ladi» qoidasi to'g'ri kelishini ta'kidlar edilar.
Ammo ishlarning rivojlanib borishi vahdatul vujud nazariyasi foydasiga bo'lmadi. Bu nazariyaning samarasi achchiq bo'ldi. Daraxtning samarasi tomiri emas, mevasidir. Vahdatul vujud nazariyasining asli boshqacha bo'lsa ham, mevasi achchiq samara berdi.
Bu nazariyaga ergashganlar orasida aql, axloq va shariat chegarasidan chiqib, fisqu fujur, zalolat va gumrohlik doirasiga kirganlar haddan tashqari ko'payib ketdi. Islom olami katta xavf-xatar ostida qoldi. Umuman, Islom ta'limotlariga mutlaqo zid bo'lgan gap-so'z va ishlar ko'payib ketdi. Ana shu narsalarni o'ziga ravo ko'rganlar vahdatul vujud nazariyasini o'zlariga qurol qilib olar edilar.
Bir vaqtlar Mansur Hallojning qatl qilinishiga sabab bo'lgan gap-so'z va e'tiqodni qilganlar endi o'sha narsalarning o'zi bilan obro' qozonadigan bo'lib qoldilar.
Imom Suyutiy o'zlarining «Tarixi xulafo» nomli kitoblarida quyidagilarni yozadilar:
«Hijriy uch yuz birinchi sanada Hallojni tuyaga mindirib, sazoyi qilingan holda Bag'dodga olib kirishdi va: «Bu qarmatiylarning da'vatchilaridan biridir! Uni tanib qo'yinglar!» deb jar solishdi. So'ngra to'qqizinchi yili qatl qilingunicha qamab qo'yishdi. Uch yuz to'qqizinchi yili Hallojni qozi Abu Amr, fuqaholar va ulamolarning uning qoni halolligi haqidagi fatvosi ila qatl qilishdi».
Hallojning qadimgi va hozirgi muxlislari da'vo qilganlaridek, uni to'g'ri gapni aytgani uchun ba'zi johillar qatl qilgan emas. Balki uni eng noto'g'ri gapni aytib, aytganida turib olganidan keyin, to'qqiz yil qamoqda qolib ham o'ziga kelmaganidan keyin ulamolarning ijmo'i ila qatl qilishga hukm qilishgan.
Albatta, hijriy to'rtinchi asrning boshida islomiy ilmlar o'zining avjida, musulmonlar dinlarida mustahkam hollarida, diniy e'tiqod va ta'limotlar musaffo holida edi.
Ammo keyinchalik tanazzulga yuz tutildi. Turli omillar ta'sirida musulmonlar ichida Islom ta'limotlariga zid narsalar ham tarqala bordi. Odamlar Qur'on va Sunnatni qo'yib, turli falsafa va ajabtovur fikrlarga berilib ketishdi.
Bora-bora Mansur Hallojning «Anal Haq» («Haq menman») yoki «Maa fil jubbati illallohu» («Choponning ichida Allohdan boshqa yo'q») kabi iboralari ham ip esha olmaydigan gap-so'zlar va ishlar keng tarqaldi.
Ana shu narsalarga misollarni shayx Abul Hasan Nadaviy rahmatullohi alayhining imom Sarhandiyning hayotlari haqida yozgan kitoblaridan tarjima holida keltiramiz.
«Tilmisoniy vujudiy mazhabni amalda tatbiq qilar edi. U barcha harom narsalarni halol hisoblardi. U: «Mavjud Zot bitta bo'lganidan keyin, halol bilan haromning orasini farqlashning nima hojati bor?!» der edi».
Bir kishi boshqa birovdan Ibn Arabiyning «Fususul hikam»ini o'qir edi. U o'z ustozini Allohning valiy va orif bandalaridan deb bilar edi. U kitobni o'qib turib, uning Qur'onga xilofligini bilib qoldi va ustoziga: «Bu gap Qur'onga xilof-ku», dedi. Shunda haligi ustozi: «Qur'onning hammasi shirkdir. Tavhid bizning kalomimizda, xolos», dedi.
Bir kishi vahdatul vujud nazariyasiga amal qiluvchi shaxs bilan yurib borayotib, sasib yotgan o'lik itni ko'rdi va: «Bu ham Allohning zotimi?» dedi. Vahdatul vujudchi: «Undan tashqariga chiqadigan narsa bormidi? Ha, hamma narsa Uning zotidir!» dedi.
Vahdatul vujud nazariyasi tarafdoriga: «Agar vujud bitta bo'lsa, nima uchun xotin halol bo'lib, ona harom bo'lgan?» deyildi. Shunda u savolga: «Bizning nazdimizda hamma narsa bitta. Ammo anavi so'qirlar «harom» deyishdi va biz sizlarga «harom» dedik», deb javob berdi.
Bu holat vahdatul vujud nazariyasi tanqidchilari qatoriga ba'zi ilmli so'fiylarning ham qo'shilishiga olib keldi.
Ahli tasavvufdan birinchi bo'lib vahdatul vujud nazariyasiga qarshi chiqqan kishi Kubroviya tariqati shayxlaridan biri shayx Alouddavla Samnoniy bo'ldi. U kishi o'zining ilmiy bahslarida solikning maqsadi vahdatul vujud emas, ubudiyat – bandalik qilish ekanini isbotladi.
Shayx Alouddavla Samnoniy qurbatning yuqori darajasiga chiqqan solik vahdatul vujuddan yuqori martabaga erishishi haqida so'z yuritdi.
Keyinroq imom Sharafuddin Yahyo Muniriy bu fikrni kengaytirdi. U kishi: «Vahdatul vujud» deb gumon qilingan narsa vojibul vujud(Alloh)dan boshqa barcha vujudning butunlay yo'q bo'lib ketishi emas, balki narsalarning haqiqiy mavjudning oldida ko'rinmay qolishidir», dedi.
Sharafuddin Yahyo Muniriy narsalarning yo'qligi yoki singib ketishi bir narsa, ularning ko'rinmay qolishi boshqa narsa ekanini isbotladi.
Shunday qilib, vahdatul vujud nazariyasiga nisbatan uch xil qarash yuzaga keldi.
Ammo Naqshbandiya tariqatining ko'zga ko'ringan arbobi, ulkan olim va so'fiy Imomi Robboniy (hijriy 971–1034 sanalar va milodiy 1563–1625 sanalar) bu xil qarashga o'zlarining to'rtinchi yo'llarini qo'shdilar.
U kishining fikrlaricha, vahdatul vujud solikka oriz bo'ladigan bir holdir. O'shanda so'fiyga ko'rinadigan hamma narsa bir vujud bo'lib qoladi. Ammo solik ilohiy tavfiq ila nabaviy hidoyatga rafiq bo'lib tursa, boshqa bir maqomga erishadi. Bu maqom vahdatul vujud maqomidan ustin maqom bo'lib, «vahdatush-shuhud» deb ataladi. Vahdatush-shuhud darajasiga etgan solikning shohidligi faqat vojibul vujud(Alloh)ning yolg'iz O'zi bo'lib qoladi. Boshqa narsalar o'zlari mavjud bo'lsa ham, unga yo'qdek bo'lib qoladi. Chunki quyosh chiqqanda yulduzlar ko'rinmay qolganidek, Alloh taologa etishganda, boshqa narsalar ko'zga ko'rinmay qoladi.
Shu tariqa Imomi Robboniy sabab bo'lib, vahdatul vujud tufayli vujudga kelgan ixtilof va noqulayliklar tugab, hech kim xafa ham bo'lmay, musulmonlar jumhuri aqiydasiga, Qur'on va Sunnatga hamda islomiy shariatga muvofiq holatga qaytildi.
Bu ishda Alloh taolo Imomi Robboniy rahmatullohi alayhiga ulkan tavfiq berdi. Avvalo, u kishi zabardast olim edilar. Qolaversa, dong'i etti iqlimga tarqalgan tasavvuf shayxi ham edilar. O'sha vaqtda Naqshbandiya tariqatining shayxligi u kishida to'xtagan edi. So'ngra masalani muolaja qilishda ham hakimona yo'l tutilgan edi. Biror kishi haqida biror og'iz achchiq so'z aytilmagan edi. Shu vaqtgacha bo'lib o'tgan gap-so'zlar va ishlar ham tanqid qilinmagan edi. Hammaning hurmatini yo'lga qo'ygan holda yangi bir qo'shimcha qo'shish bilan ish nihoyasiga etgan edi.
Ayniqsa Imomi Robboniy rahmatullohi alayhining o'sha payt ahli tariqatlarning peshvosi bo'lib turishlari juda ham qo'l kelgan. Agar bunday bo'lmaganda, ahli tasavvuf bu kabi gapni qabul qilmay, vahdatul vujud fikridan qaytmay, turib olishlari mumkin edi.
Vahdatul vujud masalasi hozirda tarix sifatida o'rganilmoqda. Shu bilan birga, ba'zi hollarda nizolarga ham sabab bo'lmoqda. Ayniqsa bu nazariyani o'ylab chiqargan va unga ishonib, amal qilganlarning hukmi nima bo'ladi, degan savolning javobida nizolar ko'p bo'lgan.
Ba'zilar Muhyiddin ibn Arabiy va uning izdoshlarini dunyodagi eng yomon gaplar bilan qoralashadi.
Boshqalar esa ularni dunyodagi eng ulug' kishilar sifatida maqtashadi.
Qoralovchilar ularning zohirda kufr, fisq va isyonga dalolat qiluvchi so'zlarini dalil qilib keltiradilar.
Maqtovchilar esa ularning tavhid va ixlos haqidagi gaplarini hamda amallarini dalil qilib keltiradilar.
Uchinchi bir toifa ularning gap-so'zlari va amallarida ikki tarafga ham dalolat qiluvchi narsalar borligini e'tiborga olib, «Ularning ishini Alloh taoloning O'ziga havola qilamiz, ular haqida bir yoqlama hukm chiqarmaymiz», deydilar. Biz ham mana shu toifaga qo'shilamiz. Ammo kichik bir mulohazamiz bor. Biz xohlaymizmi, yo'qmi, bugungi kunda «Islom falsafasi» va «tasavvuf falsafasi» degan atamalar mavjud. Aslida Islom dini haqidagi eng buzuq tasavvurlar ham unga falsafa sifatida qarashdan boshlangan. Zero, Islom falsafa emas, e'tiqodiyotdir. Garchi Islomda mantiq ham, falsafa ham, mushohada uchun mavzu ham mavjud bo'lsa-da, bularning hech biri insonning ojiz aqliga, ojizona tafakkuriga tashlab qo'yilgan emas. Chunki din insoniyat o'ylab chiqargan g'oyalar yig'indisi emas, aksincha, butun borliqni, jamiki jonzotni va xususan insoniyatni ham yaratgan Robbul olamin tomonidan odamzod va jinlarga ularning abadiy baxtli hayotga erishishlari uchun o'tkinchi dunyoda amal qilishlari vojib etib yuborilgan dasturulamaldir. Bu qonunning barcha bandlarini Robbul olaminning O'zi tuzgan va rasullari orqali bandalariga etkazgan. Va oxirgi Rasuli Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam orqali oxirgi shariatini joriy qilgach, bu dasturulamal qiyomatga qadar hech bir o'zgarishsiz qolishini e'lon qilgan. Shuning uchun Qur'oni Karim va Sunnati nabaviya orqali insoniyatga etkazilgan vojibotlarni shu turishicha qabul qilish lozim. Inson ojiz aqli ila bu vojibotlardan o'ziga yoqqanini tanlab olishga, yoqmaganini inkor qilishga haqli emas. Shuning uchun ham din falsafadan yuqori turadi. Qolaversa, Islom dini boshqa-yu, tasavvuf boshqa narsa emas. Tasavvuf, ya'ni ruhiy tarbiya mana shu dinning ajralmas bir qanotidir. Binobarin, hatto shartli ravishda ham «Islom va tasavvuf» yoki «Islom falsafasi» va «tasavvuf falsafasi» deb ajratishning o'zi mutlaqo noto'g'ridir.
Mo'min-musulmon kishi unga Qur'oni Karim va Sunnati nabaviya orqali bildirilgan e'tiqodiyotlarga qat'iy iymon keltiradi va ayni paytda Alloh taoloning O'zi bildirishni lozim ko'rmagan, sir tutgan narsalar haqida ortiqcha so'rab-surishtirmaydi. Chunki bizga dinda chuqur ketmaslik buyurilgan. Bu borada Ahmad ibn Hajar Asqaloniyning «Fathul Boriy sharhu Sahihil Buxoriy» asarida keltirilgan quyidagi rivoyat g'oyatda ibratlidir:
«Bir kishi «Fakihatan va abban»ni qiroat qilib turib, «abban»ning ma'nosini so'raganda, Umar roziyallohu anhu: «Biz chuqur ketishdan va ortiqcha urinishdan qaytarilganmiz», dedilar» («Fathul Boriy», 13-juz, 271-bet).
Dinga falsafa sifatida qarash esa aynan chuqur ketish va ortiqcha urinishdan boshqa narsa emas.
Mo'min-musulmon kishining dinda chuqur ketishdan va ortiqcha urinishdan qaytarilganiga eng kuchli dalilni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridan misol keltirib ko'rishimiz ham mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Me'roj kechasida Robbul olaminning huzuriga ko'tarilganlarida «Sidratul muntaha»(«Tugash daraxti»)ga etib borgunlaricha yo'lda hech bir inson zoti bu hayotida ko'rolmaydigan juda ko'p g'aroyibotlarni, Alloh azza va jallaning qudratiga dalolat qiluvchi ulkan belgilarni, jumladan, jannatni, do'zaxni, Obod uyni (Baytul ma'murni), o'tgan nabiylarni, Jabroil alayhissalomning asl qiyofalarini va boshqa mo''jizalarni ko'rdilar. Bular me'roj voqeasi naql qilingan hadislarda bayon etilgan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Alloh taoloning huzurida ko'rgan narsalari haqida oyatda ham, hadisda ham biror ma'lumot yo'q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Robbul olaminning huzurida qanday holatda bo'lganlari Qur'oni Karimda birgina oyat bilan bayon etiladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
مَا زَاغَ ٱلۡبَصَرُ وَمَا طَغَىٰ١٧
«Nigoh burilmadi ham, haddidan oshmadi ham»(Najm surasi, 17-oyat).
Alloh taoloning eng sevimli bandasi, habibi, xotamul anbiyo, sarvari olam, sarvari koinot bo'lgan zotning Robbul olaminning huzuridagi hollariga qarang: «Nigoh burilmadi ham, haddidan oshmadi ham».
Holbuki, biz oddiy odamlar, aqlimiz etmay turgan bir narsaning sirini bilishga imkon tug'ilib qolsa, butun borlig'imiz bilan shunga intilib, har qanday to'siqni nazar-pisand qilmasligimiz mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa Robbul olaminning huzurida turib ham, na ortiqcha savol so'radilar va na atrofga burilib qaradilar. Ya'ni u zotning hattoki nigohlari ham «haddidan oshmadi». Faqat Alloh taolo ko'rsatishni xohlagan narsalarnigina ko'rdilar va U Zot ruxsat bergan narsanigina so'radilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana shu mavqiflari u zotning ummatlari uchun eng go'zal o'rnakdir. Zero, shu paytgacha dindagi barcha toyilishlar, xatolar, yanglish tushunchalar aynan «chuqur ketishdan va ortiqcha urinishdan» kelib chiqqan. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini dinda g'uluvga ketishning oqibatidan takror-takror ogohlantirganlar, haddan ortiqcha zohidlikdan, noo'rin taqvodan qaytarganlar. Nafsini haddan tashqari qiynashga ahd qilgan, ortiqcha zohidlikni o'ziga odat qilib olmoqchi bo'lgan ummatlarini mutlaqo yoqlamaganlar. Dinda chuqur ketuvchilarning gap-so'zini ham, amallarini ham aslo tasdiqlamaganlar.
KYeYINGI MAVZU:
ShATAHOT.
JANDA KIYISh.
ODOB VA AHLOQ.
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan