Yana bir nafs kasalligi bu – insonning boshqalarga o'zini Allohga tavakkul qiluvchi qilib ko'rsatishi sanaladi. Bu dardga mubtalo bo'lgan banda rizqning kelish sabablarini qilmaydi, faqat rizqining kelishini kutib o'tiradi. Kelmasa sabrsizlik va norozilik ko'rsatadi.
Muolaja uslubi
Yolg'on tavakkuldan xalos bo'lish uchun inson rizqi uchun harakat qilishi va sabablarini ushlashi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hech kim qo'l mehnati bilan topgan taomidan ko'ra yaxshiroq narsa egan emas. Allohning nabiysi Dovud alayhissalom qo'l mehnati bilan kun ko'rar edi”, deganlar (Imom Buxoriyrivoyati).
Bundan kelib chiqadiki, banda mehnat qilib pul topishi, haloldan rizqini izlashi, albatta, ayni paytda u Alloh taologa tayanishi va Uning rahmatidan umidvor bo'lishi ham kerak. Chunki kasb qilish – badanning ishi, tavakkul esa qalb amali.
Mavlono rahimahulloh aytdilar: “Rizqni talab qilishni unutib, faqat ibodat bilan mashg'ul bo'lishdan saqlaning! Agar meva iste'mol qilishni istaysangiz avval ko'chat eking!”.
Hadisi shariflarda Alloh taolo sog'lom bo'la turib, ishlamaydigan kishilarni yomon ko'rishi aytilgan. Bunday kishi na dunyosi uchun va na oxirati uchun harakat qiladi.
Iso alayhissalom bir odamni uchratib, undan:
“Nima ish qilasan?”deb so'radilar.
U kishi: “Ibodat qilaman”, dedi.
“Qaydan qilib taomlanasan?”dedilar.
“Birodarim taom tayyorlab beradi”, dedi.
Iso alayhissalom: “Senga taom berib turadigan birodaring sendan obidroq ekan”,dedilar.
Hazrat Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Alloh taolo rizq beradi, deb, kasb qilishdan qo'llaringizni tortmanglar, Alloh taolo tilla tangalarni osmondan yog'dirmaydi”.
Muhammad ibn al-Kassor rahimahulloh: “Mehnat qilishni xohlamaslik odamni tilanchilik qilishga majbur qiladi”,degan.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot hamda O‘zbekiston va Malayziya turoperatorlarining B2B formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Butunjahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdul Karim Hadayd, “BUMITRA” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati va mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi. U musulmon davlatlari, jumladan, Malayziyadan keladigan ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.
Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani va sayyohlar oqimi oshib borayotganini ta’kidladilar. Chet ellik sayyohlarni jalb qilish uchun Malayziya fuqarolariga vizasiz rejim amal qilmoqda, “Uzbekistan Airways” va “Batik Air Malaysia” aviakompaniyalari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga yetti marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.
Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Malayziyada “ziyorat turizmi”, “madaniy turizm” va “qishki turizm” turpaketlarini keng sotish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati