Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

2. BAQARA SURASI, 220–221 OYaTLAR

06.12.2020   4608   6 min.
2. BAQARA SURASI, 220–221 OYaTLAR

فِي ٱلدُّنۡيَا وَٱلۡأٓخِرَةِۗ وَيَسۡ‍َٔلُونَكَ عَنِ ٱلۡيَتَٰمَىٰۖ قُلۡ إِصۡلَاحٞ لَّهُمۡ خَيۡرٞۖ وَإِن تُخَالِطُوهُمۡ فَإِخۡوَٰنُكُمۡۚ وَٱللَّهُ يَعۡلَمُ ٱلۡمُفۡسِدَ مِنَ ٱلۡمُصۡلِحِۚ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ لَأَعۡنَتَكُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٞ٢٢٠

220. Bular dunyo va oxirat haqida edi. (Ey Muhammad), sizdan etimlar haqida so'rashsa, "Ularni isloh qilish yaxshidir", deng. Agar xarjda sherik qilib olsangizlar, ular birodarlaringizdir. Alloh buzg'unchini ham, isloh qiluvchini ham biladi. Agar Alloh xohlaganida sizlarni mashaqqatga solgan bo'lardi. Alloh albatta qudrat va hikmat sohibidir.

Yetimlarning mollarini asrab-tasarruf qiluvchilar bu borada qanday yo'l tutish haqida so'rashganida yuqoridagi oyati karima tushirilgan. Alloh etimlar molini asrash topshirilgan kishilarning asl maqsadlari uni oqilona tasarruf qilishga, etimlarning xayr va manfaatlari yo'lida ishlatishga yo'naltirilishini buyurmoqda. Ularning molini o'zlarinikiga aralashtirishning zarari yo'q. Faqat ular haqiga tajovuz qilinmasa bo'ldi, chunki ular ham birodarlaridir. Alloh taolo bu masalalardagi tuzatuvchini ham, buzuvchini ham yaxshi biladi. Alloh bandalariga faqat osonlikni istaydi, mashaqqatni xohlamaydi.

Balog'atga etmagan, yosh (o'g'il-qiz) bolalar otasi o'lib qolsa, etim bo'ladi. Yetimga kafil bo'lgan kishi, ya'ni uni kafolatiga olgan ota tomon qarindosh yoxud boshqa biror musulmon etimning barcha ishlariga, shu jumladan molu mulkiga (ya'ni, etimga etgan meros va boshqa kishilardan hadya, sadaqa yoki boshqa maqsadlarda berilgan mollarga) ham rahbarlik qiladi. Kafil bo'lgan odam etim molidan emaydi, nohaqdan esa, harom, katta gunohdir, faqat vaqtincha (voyaga etgunicha) olib turishi mumkin. Kafil uning mol-mulkini saqlashga mas'ul bo'ladi. Yetimni qaramog'iga olgan odam uning moliga yaqinlashishi mumkin emas, lekin yaxshi niyatda, ya'ni, o'sha molni o'stirish uchun, ko'paytirib, voyaga etganida uning qo'liga topshirish uchun yaqinlashsa, mayli. Alloh taolo shunga buyurgan.

Yetimga qarashni zimmasiga olgan odamga engillik yaratish maqsadida o'z moliga etim molini aralashtirishga (eb yubormaslik sharti bilan) ruxsat berilgan. Qur'oni karimdan ma'lum bo'lishicha, kafil etimning molidan faqat muhtoj qolganida, ehtiyojiga yarasha, yoki qarz olish yo'li bilan va yoxud qilgan xizmatining badali tarzida juda ilojsiz qolgan chog'i eyishi mumkin. Agar imkoni tug'ilsa, kelgusida egan miqdorini uzadi. Imkon yaralmasa, egani haloldir. Yetarli moli bo'lgan kafil (boy odam bo'lsa) o'zini shubhali narsadan uzoq tutgani ma'qul. Yetimlarni otaliqqa olgani, ularning mol-mulkini saqlagani, parvarishlagani uchun ulkan ajru savoblar oladi. Yetimlarning mollarini, nohaqdan eydigan kimsalar aslida olov egan bo'lib, qiyomat kuni do'zaxda qorinlarida alangalanib turadi. Mashhur tafsirchilardan Suddiy: «Yetimning molini egan kimsa qiyomat kuni og'zidan, quloqlaridan, burnidan va ko'zlaridan olov chiqib turgan holda tiriltiriladi. Uni ko'rgan har bir odam etimning molini eganini darhol bilib oladi», degan.

وَلَا تَنكِحُواْ ٱلۡمُشۡرِكَٰتِ حَتَّىٰ يُؤۡمِنَّۚ وَلَأَمَةٞ مُّؤۡمِنَةٌ خَيۡرٞ مِّن مُّشۡرِكَةٖ وَلَوۡ أَعۡجَبَتۡكُمۡۗ وَلَا تُنكِحُواْ ٱلۡمُشۡرِكِينَ حَتَّىٰ يُؤۡمِنُواْۚ وَلَعَبۡدٞ مُّؤۡمِنٌ خَيۡرٞ مِّن مُّشۡرِكٖ وَلَوۡ أَعۡجَبَكُمۡۗ أُوْلَٰٓئِكَ يَدۡعُونَ إِلَى ٱلنَّارِۖ وَٱللَّهُ يَدۡعُوٓاْ إِلَى ٱلۡجَنَّةِ وَٱلۡمَغۡفِرَةِ بِإِذۡنِهِۦۖ وَيُبَيِّنُ ءَايَٰتِهِۦ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمۡ يَتَذَكَّرُونَ٢٢١

221. Imonga kelishmagunicha mushrikalarni nikohingizga olmanglar. Garchi mushrika sizlarga manzur bo'lsa-da, mo'mina cho'ri mushrikadan yaxshidir. Mushriklar imonga kelishmagunicha ularga nikohlab bermanglar. Garchi mushrik sizlarga ma'qul tuyulsa-da mo'min qul mushrikdan yaxshidir. Ular do'zaxga chorlashadi. Alloh esa izni-irodasi bilan jannat va mag'firatga da'vat qiladi, shoyad eslatma olishar, deb odamlarga oyatlarini bayon etadi.

Ya'ni, musulmon kishi imonga kelmagunicha mushrika ayolga uylanmasligi lozim. Huddi shu kabi mushrik kishilarga to ular imon keltirmagunicha mo'mina qizlar nikohlab berilmaydi. Chunki bunday qilinganida ular musulmonlarni mushriklikka chorlab, do'zaxiy bo'lishlari sababchisiga aylanishadi. Alloh taolo insoniyatga Islom dinini nozil qilgach, odamlar orasidagi juda ko'p buzuqliklar, jirkanch nikohlarga barham berdi. Mo'minlar onasi Oisha roziyallohu anhodan shunday rivoyat qilinadi: "Johiliyat davrida to'rt xil nikoh mavjud edi. Ulardan biri bugungi kunda ham bor bo'lib, unga binoan kishi qo'l ostidagi ayollaridan birini yoki qizini bir kishiga erga beradi. U esa mahrini berib, ayol yoki qizni nikohiga oladi. Ikkinchisi – bir kishi o'z xotiniga agar u hayzdan poklangan bo'lsa: "Birovga bildirmay falonchining oldiga bor-da, u bilan kelishib don olishgin", deydi. So'ng u xotinini alohida qilib qo'yib, to o'sha kishidan homiladorligi aniq bo'lgunicha unga sira qo'l tekkizmaydi. Hotinining homiladorligi ma'lum bo'lgach, agar istasa, u bilan yashayveradi. U farzandli bo'lish uchungina shunday qiladi. Bunday nikohni "o'zaro kelishilgan nikoh" deb atashgan. Uchinchisi – o'ntacha erkak birgalashib bir ayolning oldiga kirishadi-da, hammalari uni jimo qilishadi. Agar u homilador bo'lib-tug'sa, tuqqanidan keyin bir necha kun o'tgach, boyagi erkaklarni chorlab odam yuboradi. Barchalari ayol huzurida to'planishadi. Ayol ularga: "Qilgan ishlaringizning oqibatini bildinglar, mana men tug'dim, ey falonchi, bu sening farzanding!" deb ulardan o'zi xohlagan kishining ismini aytadi-da, bolani unga topshiradi, u kishi rad etolmaydi. To'rtinchisi – ko'p kishi yig'ilib, hammalari bir ayolning oldiga kirishadi, ayol ulardan birortasiga ham "yo'q" demaydi. Bunday xotinlar fohishalar bo'lib, eshiklari tepasiga belgi sifatida bayroq osib qo'yishadi. Istagan kishi ular xonasiga kirib kelavergan. Agar bunday ayollardan biri homilador bo'lib-tug'sa, boyagi kishilarni huzurida to'playdi-da, folbin xotinni chaqiradi. Keyin kimga fol chiqqan bo'lsa, bolani o'shanga berishgan, uning bolani rad etishga iloji bo'lmagan. Alloh taolo Muhammad alayhissalomni payg'ambar etib yuborgach, bugungi kundagi nikohdan boshqa johiliyat davridagi barcha nikohlar yo'q qilindi" (Buxoriy rivoyati).

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   15418   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD