Mahmud G'oziy Abul Hasan Haraqoniy huzurlariga kirib: “Abu Yazid Bistomiy haqida nima deysiz?” deb so'raydi.
Shayx: “Kim unga ergashsa, hidoyat topadi va abadiy saodatga erishadi”, deb javob beradi.
Mahmud: “Qanaqasiga, axir, Abu Jahl Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni ko'rib badbaxtlikdan qutulmadi-ku”, deydi.
Shayx: “Abu Jahl Allohning payg'ambari bo'lgan Muhammad alayhissalomni ko'rmagan, balki o'zi bilgan Abu Tolibning jiyanini ko'rgan. Agar u ham Muhammad alayhissalomni ko'rganida edi, abadiy saodat topar edi”, deydi.
Alloh taolo aytadi: “Siz ularning qarab turganlarini ko'rasiz, biroq ular ko'rmaydilar” (A'rof surasi, 198-oyat).
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, siz menga ahlim va molimdan ko'ra suyuklisiz. Men sizni ko'p eslayman, to oldingizga kelib, sizni ko'rmagunimcha sog'inch bosilmaydi. Men sizning va o'zimning vafotimni o'yladim va bildimki, siz jannatga kirsangiz, nabiylar bilan yuksak maqomlarga ko'tarilasiz. Agar men jannatga kirsam, sizni ko'rolmay qolar ekanman”, dedi. Shunda Alloh taolo oyat nozil qildi: “Kim Allohga va Rasuliga itoat qilsa, bas, ana o'shalar Alloh ne'mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi!” (Niso surasi, 69-oyat).
Boshqa bir hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida bir kishi bo'lar edi, u zotga qarab turar, ko'zini yummas edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan: “Senga nima bo'ldi?” deb so'radilar. U: “Otam, onam sizga fido bo'lsin, sizga termulib, halovat topyapman. Agar qiyomat bo'lsa, Alloh O'z fazli bilan sizning darajangizni yuqori qiladi”, dedi. Alloh taolo mazkur oyatni nozil qildi», deyilgan.
Garchi bizlar Rasulimiz sollallohu alayhi va sallamni ko'zlarimiz bilan ko'rmagan bo'lsak-da, Alloh taolo qalb ko'zlarimiz ila u zotga muhabbatli bo'lishni nasib etdi.
Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda u zot: “Kim meni yaxshi ko'rsa, men bilan jannatda bo'ladi”, dedilar.
Ko'rishdan va muhabbatli bo'lishdan maqsad ham aslida shu emasmi? Alloh taolo bu muhabbatimizni jannatda u zot bilan birga bo'lish ila mukofotlasin.
Nuriddin domla HAMROQULOV,
Uchqo'rg'on tumani “Sharxonchek” jome
masjidi imom noibi
O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot hamda O‘zbekiston va Malayziya turoperatorlarining B2B formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Butunjahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdul Karim Hadayd, “BUMITRA” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati va mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi. U musulmon davlatlari, jumladan, Malayziyadan keladigan ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.
Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani va sayyohlar oqimi oshib borayotganini ta’kidladilar. Chet ellik sayyohlarni jalb qilish uchun Malayziya fuqarolariga vizasiz rejim amal qilmoqda, “Uzbekistan Airways” va “Batik Air Malaysia” aviakompaniyalari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga yetti marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.
Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Malayziyada “ziyorat turizmi”, “madaniy turizm” va “qishki turizm” turpaketlarini keng sotish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati