Vaqt nima? Undan qanday foydalanish kerak?
Vaqt – go'yo insonning hayot kiyimi to'qiladigan ip. Pishiq va nafisligiga qarab, uning qiymati oshadi. Agar iplari to'zg'igan bo'lsa, hayotning ham ma'nisi qolmaydi.
Vaqt o'tib ketsa, qaytib kelmaydi. U inson sarf etadigan asosiy sarmoyadir. U qanchalik ko'p bo'lsa ham, ozdir. Oz bo'lsayu barakali bo'lsa, ko'pdir. Inson har bir daqiqadan unumli foydalanib, uni yaxshi amallarga sarflasa, umri barakali bo'ladi.
Umrning g'animat ekanini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan go'zalroq ta'riflagan kishi bo'lmagan.
“Besh narsani besh narsadan oldin g'animat biling:
1) keksalik kelishidan avval yoshligingizni; .
2) kasal bo'lishdan avval salomatligingizni; .
3) faqirligingizdan avval boyligingizni; .
4) bir ishga mashg'ul bo'lishingizdan avval bo'sh vaqtingizni;
5) o'limdan avval tirikligingizni!” (Imomi Hokim rivoyati).
Islom ummati mana shu oltin qoidalarga rioya qilgan paytlarda bashariyatning gultoji bo'lib, musulmon renessansiga asos soldilar.
Afsuski, bugun bunday deya olmaymiz. Chunki umrimiz “telegram”, “instagram”, “feysbuk”, “tik-tok” kabi ijtimoiy tarmoqlarda sovrilmoqda. Hatto kechasi bilan bedor, turli o'yinlar o'ynab yoki ko'ngilxushlik bilan vaqt o'tkazayotganlar ko'payib ketdi. Bunday illatlarning yana biri choyxona, gap-gashtagu turli ziyofatlarning haddan tashqari ko'pligidir. Vaqti-vaqti bilan do'st-yor va birodarlar bilan ko'rishmoq yaxshi. Biroq uning ham me'yori bo'lishi kerak.
Agar inson choyxonaga sarflagan vaqtini farzandlarining ta'lim-tarbiyasiga bag'ishlasa, o'zi uchun ham, farzandlari uchun ham foydadan xoli bo'lmaydi. Shu bilan birga, gap-gashtak, choyxonalarda foydali mavzular ko'tarilib, yaxshilikka targ'ib, yomonlikdan qaytarish bo'lsa, nur ustiga nur. Lekin aksar hollarda choyxona bekorchi va g'iybat gaplardan iborat bo'ladi. Bunday holatlar qalbni qoraytirishdan, umrning, pulning isrofidan boshqa narsa emas.
Halqimizda “So'nggi pushaymon – o'zingga dushman” degan maqol bor. Umrning isrofi qattiq pushaymonlikdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “(Ey Muhammad! Odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring, u xuddi bir suv kabidurki, biz uni osmondan yog'dirgach, bahorda u sababli er o'simliklari bir-biriga aralashib (qo'shilishib) ketur, so'ngra kuzda shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur” (Kahf surasi, ٤٥-oyat).
Ushbu oyatning mazmun-mohiyatini yaxshi anglagan inson umrini isrof qilmaydi.
Bir mulohaza qiling. Ayni shu soatlarda dunyoning turli burchaklarida binolar qad ko'tarmoqda, yangi-yangi kashfiyotlar qilinmoqda, ilm majlislari o'tkazilmoqda, insonlarga yaxshilik ulashilmoqda, yosh yigit-qizlar turmush qurmoqda, chaqaloqlar dunyoga kelmoqda, kimlardir bu foniy dunyo bilan xayrlashmoqda.
Ammo biz-chi? Hech bir ezgu amalsiz hech narsa bo'lmagandek, hech narsa yo'qotmagandek xotirjammiz. Qimmatli vaqtimizni boy berayotganimiz bizni aslo tashvishga solayotgani yo'q. Har bir soniya zavolni topadi, har bir lahza yo'qlik qa'riga ketadi.
Bu hayotda “Esizgina umrim-a, yoshlik yillarimni behuda o'tkazib yuboribman. Qaniydi, umr boshqatdan berilganda bu xatolarni takrorlamagan bo'lar edim”, deya afsus-nadomat chekkan juda ko'p insonlarni ko'ryapmiz.
Siz-chi, azizlar. Chuqurroq bir o'ylab ko'ring... Umringizni nimalarga sarflayapsiz? .
Otabek YO'LDOShYeV,
Arnasoy tumani bosh imom-xatibi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati