O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan Mo'ynoq tumanini rivojlantirish, aholining bandligini ta'minlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Orol muammosini salbiy tasirini yumshatish va boshqa bir qator ishlarni amalga oshirish bo'yicha topshiriqlar berilgan edi.
Mo'ynoq shahri yangidan qurilmoqda, shahar ekologik muammoli davrlarni engib o'tish bilan birga zamonaviy ko'rinishga ega bo'lmoqda. Shahar tarixidagi yangi davrni to'la namoyon etadigan tipdagi imoratlar qurilib, shahar ko'rkiga ko'rk ko'shmoqda.
Yurtboshimizning topshirig'i bilan diniy ta'lim tizimi rivojlanib, ilmiy-o'quv markazlari soni va sifati ortmoqda. Jumladan, Buxoroda «Mir arab oliy madrasasi», Samarqandda Imom Buxoriy ilmiy markazida «Hadisshunoslik» maktabi, Imom Moturudiy markazi yonida «Kalom» ilmi, Farg'onadagi Marg'inoniy ilmiy markazida «Islom huquqi» maktabi, Buxoroda Bahouddin Naqshband markazida «Tasavvuf», Qashqadaryoda Abu Mo''in Nasafiy markazida «Aqida» ilmi maktablari fa'oliyat ko'rsata boshladi.
Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, Mo'ynoq tumanidagi ijobiy o'zgarishlarga hissa qo'shish maqsadida tumandagi “To'qmoq ota” jome masjidi imoratini qayta qurish ishlari boshlangan edi.
Joriy yilning 27-noyabr' kuni “To'qmoq ota” jome masjidining yangi imoratini ochish marosimi bo'ldi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Joqarg'ie Kengesi Boshlig'i M.Kamalov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o'rinbosari Ye.Durdiyev, Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti qozisi Sh.Bauatdinov, imom-xatiblar, tuman fa'ollari va nuroniylar ishtirok etdi.
Masjid qurish qanchalik savobli ish ekanligi barcha uchun ma'lum. Qurilish ishlari 2019-yil aprel' oyida boshlandi. Sahovatli insonlarning ko'magi bilan bir yarim yilda qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbir davomida masjidning qurilish-remont va obodonlashtirish ishlarida yaqindan yordam bergan quruvchilarga Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti tomonidan tashakkur bildirildi va birinchi juma namozi o'qildi.
Alloh taolo «To'qmoq ota» jome masjidi qurilish ishlarida qo'l ko'magini bergan, moliyaviy yordam bergan barcha insonlardan O'zi rozi bo'lsin.
Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti.
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV