Ayni kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan yurtimizning chekka hududlaridagi masjidlarni ta'mirlash va qayta qurish ishlari jadal davom etmoqda. Ushbu xayrli ishlarda saxovatpesha hamyurtlarimiz imkoniyat doirasida homiylik qilmoqda. Ushbu ko'maklar bilan masjidlar barpo etilib, namozxonlar uchun sharoitlar muhayyo qilinmoqda.
Mana shunday jomelardan Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Chim” va Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Chuya” qishlog'ida yangi qad rostlayotgan masjidlaridir. Hozirda ushbu masjidlarda tashqi va ichki pardozlash va bezak berish ishlari davom ettirilmoqda.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonlaridan ushbu jomelarni aholi uchun eng qulay bo'lgan hududda qurish yuzasidan muhim tavsiyalar berilgan edi. Shunga mos ravishda mazkur jome masjidlarni mahalliy aholi uchun eng qulay mintaqada bunyod etish ishlari boshlangan va ayni kunlarda ham davom ettirilmoqda.
O'tgan kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Chuya” jome masjidiga 6 tonna ichki va tashqi suvoq xom-ashyolari, 20 litrli 45 dona suvoq-bo'yoqlari, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidiga 3 tonna ichki va tashqi suvoq xom-ashyolari, 20 litrli 25 dona suvoq-bo'yoqlari kabi qurilish materiallari jo'natildi.
Shu kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov masjid qurilishiga moddiy va ma'naviy yordam berayotgan barcha insonlarning haqiga duo xayrlar qilindi. Jumladan, masjid barpo etilishiga juda katta hissa qo'shayotgan insonlar, quruvchi-muhandislar, saxovatpesha kishilar va joy ajratib bergan muruvvatli insonlarning haqlariga ko'pdan-ko'p duolar qilindi.
Darhaqiqat, Allohning uyi bo'lgan masjid qurishning savobi ulug' ekani mo''tabar manbalarda bayon etilgan. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o'shalar hidoyat topuvchi zotlar bo'lsalar ajabmas” (Tavba surasi, 18-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham masjid qurish va uni obod qilish borasida ko'plab targ'iblar kelgan. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom shunday dedilar: “Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh jannatda shuning mislicha uy bunyod qiladi”(Muttafaqun alayh).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o'sha chiroqning nuri o'chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig'for aytib turadilar”.
Masjid qurish va uni obod etish mana shunday ulug' savobli amal ekanini chin qalbidan his etgan muxlis xalqimiz masjidlar binosini yangidan barpo etish ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
Oliyhimmat insonlarimiz sabab diyorimizdagi masjidlar mo'min-musulmonlar uchun qulay va shinam bo'lmoqda, xonaqohlari keng va yorug' qilinmoqda, atroflari obod va ko'rkam etilmoqda hamda qurilish ishlarini zamonaviylik va milliylikka uyg'un holda olib borilmoqda.
Alloh taolo mana shunday jomelarni xalqimizga muborak aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.