26 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov Surxondaryo viloyatiga safarlari davomida masjidlar qavmlari, mo'ysafid otaxonlar va keng aholi vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazmoqdalar.
Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumani “Oftobmakon” mahallasida o'tkazilgan ana shunday muloqotlarga muhtaram Prezidentimizning Afv farmonlari asosida ozodlikka chiqqan bir guruh fuqarolar ham taklif etildi.
Muloqotda bugun xalqimizga xos kechirimlilik, insonparvarlik va bag'rikenglik qadriyatlaridan kelib chiqib, hayotda bilib-bilmay adashgan, xato qilgan insonlarga muruvvat qo'li cho'zilayotgani va ularni hayotda o'z o'rnilarini topishda ko'mak berilayotganini bildirdilar.
Darhaqiqat, chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, tanlagan yo'lini xato ekanini anglab tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan mahkumlar Davlatimiz Rahbari tomonidan afv etilayogani haqiqiy olijanoblik namunasi bo'lmoqda.
Mamlakatimizda afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishi, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishi uchun ularga ko'mak berish bo'yicha rejali ishlar olib borilmoqda.
Buning ijobiy samarasi o'laroq, ularning aksariyati hayotda o'z o'rnini topdi, kimdir tadbirkorlik, kimdir, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug'ullanmoqda, yana kimlardir davlat va jamoat tashkilotlarida samarali mehnat qilmoqda.
Ushbu o'tkazilgan suhbatlarda surxondaryolik mana shunday fuqarolar muhtaram Prezidentimizga, xalqimizga o'z minnatdorligini bildirib, halol mehnat qilib, mamlakat rivojiga o'z hissalarini qo'shayotganlarini so'zlab berdilar.
Faraz qilish kerakki, Prezident farmoni bilan afv etilgan insonlar o'z uylariga kirib borar ekanlar, ularning yaqinlari, ayniqsa, farzandlari ko'zlaridagi cheksiz quvonchni hech narsaga qiyoslab bo'lmaydi.
Hulosa qilib aytganda, Davlatimiz Rahbarining afv etish to'g'risidagi farmonlari qanchadan-qancha ko'ngillarga shodlik, oilalarga halovat va ro'shnolik ulashmoqda.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati