Ilmning hammasi dunyodir. Oxirat esa unga amal qilishdir. Ixlos bilan qilinganidan boshqa hamma amal behudadir.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy
***
Kishining olim bo'lishiga Alloh taolodan qo'rqmog'i, ilmsiz qolishiga esa amaliga mag'rurlanishi kifoya qiladi.
Masruq
***
Badbaxtning nishonasi besh narsadir: ko'ngli qattiq bo'lmoq, ko'zi yoshsiz bo'lmoq, besharm va behayo bo'lmoq, dunyoga moyil bo'lmoq, umidsiz bo'lmoq.
Fuzayl ibn Iyoz
***
Fosiqdan hayo tilama, zolimdan – vafo.
Alisher Navoiy
***
Ko'zni ayollarga tikishdan, ularning suratlarini tomosha qilishdan tiymoq kerak. Aqlning so'nishiga, hayo pardasining yirtilishiga va eng muhimi, ibodatning «mazasi» yo'qolishiga asosiy sabab ana shudir.
Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy
***
Ilm, hikmat o'rgangin, bo'lma mag'rur,
Maqtanchoqni sharmandasi chiqdi, ko'r.
Mahmud Koshg'ariy
***
Qanchalik go'zal deb hisoblamang, ayolni pardozdan keyin tomosha kilgan ma'qul.
Ayol adabiyotning o'ta bilimdoni bo'lishi shart emas, ammo u nozik did egasi bo'lishi shart.
Chjan Chao
***
Kimning ko'ziga faqat o'z yaxshiliklari ko'rinsa, u odamlar nafratiga mubtalo bo'ladi, agar faqat o'z yomonliklari ko'rinsa, odamlar nafratidan emin bo'ladi.
Mahfuz Muhammad
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi