Islom madaniyatida musulmonlarga pokiza bo'lish bilan birga, yuksak didli bo'lish va atrof-muhitni iflos qilmaslik hamda kishilar sog'lig'iga zarar etkazuvchi tasarruflar qilmaslik uqtiriladi. Chunki bunday ishlar turli xastaliklar tarqalishiga sabab bo'lishi mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangiz zinhor oqmay turadigan suvga bavl qilmasin. So'ngra unda g'usl qiladi», dedilar.
Boshqa bir rivoyatda:
«So'ngra undan tahorat qiladi» va yana boshqa bir rivoyatda «Oqmas suvga bavl qilishdan qaytardi» deyilgan ekan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bu hadisda muhim masala ko'tarilmoqda.
O'sha zamonda hech kimning esiga kelmagan tibbiy ehtiyotkorlik choralari ko'rilmoqda. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biror kishi ham oqmay turgan suvga bavl qilishi mumkin emasligini qattiq ta'kidlab aytmoqdalar.
Zamon o'tishi bilan ilm-fan, xususan, tibbiyot rivojlanib, odamlar bu ta'kidning ma'nosini endi tushundilar. Inson peshobida turli zararli moddalar bo'lar ekan. Peshob orqali suvga aralashib qolgan ushbu zararli moddalar mazkur suvni iste'mol qilgan, undan tahorat yoki g'usl qilgan kishilarga zarar etkazishi mumkin ekan.
Imom Buxoriy, imom Muslim va boshqa muhaddislarimiz Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Idishlarning ustini yoping. Meshlarni bog'lang. Eshiklarni berkiting. Chiroqlarni o'chiring. Bas, shayton meshlarni echa olmas. Eshiklarni ocha olmas. Idishlarning ustini ocha olmas. Agar birortangiz hech narsa topa olmasa, idishining ustiga bir cho'pni qo'yib bo'lsa ham, Allohning ismini zikr qilib qo'ysin. Albatta, fosiqcha uy ahlining ustidan uylariga o't qo'yib yuborur», dedilar».
Abu Dovudning lafzida:
«Eshigingni berkit va Allohning ismini zikr qil. Chirog'ingni o'chir va Allohning ismini zikr qil. Idishingning ustini yop va Allohning ismini zikr qil. Meshingni bog'la va Allohning ismini zikr qil», deyilgan.
Ushbu hadisi sharifning turli lafzdagi ikki rivoyati bir-birini to'ldirib kelmoqda. Ulardan kundalik hayotimizda doimo uchrab turadigan va amal qilishimiz lozim bo'lgan to'rt ish haqida so'z ketmoqda. Ikki rivoyatni bir-biriga qo'shib o'rgansak, anchagina hukmlar kelib chiqadi.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam siz bilan bizga boshqalarning ko'zida arzimas bo'lib ko'rinsa ham, aslida muhim bo'lgan ishlardan xabar bermoqdalar.
Avval aytib o'tganimizdek, musulmon odam har bir narsada Allohning zikrini unutmasligi lozim. Mana, kechqurun yotishdan oldin eshikni berkitib qo'yishda ham Allohning ismini zikr qilish kerak ekan.
Albatta, eshikni berkitib qo'yishda uy egasi uchun ko'plab foydalar bor. Zotan, eshikni o'zi berkitish uchun quriladi. Eshik berkitilmasa, uyga turli zararli hasharotlar, hayvonlar kirib, zarar etkazishi mumkin. Jumladan, oila a'zolarining sog'liqlariga zarar etishi mumkin.
Ushbu amri nabaviyga amal qilgan holda har bir musulmon kechqurun chirog'ini o'chirib yotmog'i lozim bo'ladi. Chiroqni o'chirmay yotishda zarar borligi sir emas. Bu ishning zararlaridan biri hadisi sharifning o'zida aytib o'tilmoqda:
«Albatta, fosiqcha uy ahlining ustidan uylariga o't qo'yib yuborur».
Bu jumladagi «fosiqcha» sichqondir. Sichqon qanday qilib uy ahlining ustidan uylariga o't qo'yib yuborishi mumkin? Kechasi chiroqni o'chirmay yotganda o'sha zamondagi pilikli chiroqning lipillab yonayotganini ko'rgan «fosiqcha» uning oldiga pildirab kelishi va uni turtib, yiqitib yuborishi mumkin. Shu bilan qarabsizki, uyga o't qo'yilib turibdi-da. Tunda zaruratsiz chiroqni o'chirmay yotganda bundan boshqa ko'ngilsizliklar ham bo'lishi mumkin. Hech bo'lmaganda, kechasi bilan behuda yonib turgan chiroqdan oila iqtisodiga zarar etishi turgan gap.
Demak, oziq-ovqat va ichimliklar turadigan idishlarning ustini yopib yurish lozim. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bu ishni alohida ta'kidlab aytmoqdalar:
«Agar birortangiz hech narsa topa olmasa, idishining ustiga bir cho'pni qo'yib bo'lsa ham, Allohning ismini zikr qilib qo'ysin», demoqdalar.
Ulamolarimiz ushbu jumlani tushuntirish uchun yozgan sharhlarida «Cho'p sabab bo'ladi, xolos. Qo'rishni Allohning ismi yuzaga chiqaradi», deganlar. Ushbu hadisi sharifga amal qilib, idishining ustini yopib yurganlar suyuq va quyuq taomlariga, ichimliklariga turli harom-xarish, sog'liq uchun zararli va shubhali narsalar tushib qolishidan chetda bo'ladilar.
Bu erda taom saqlanadigan idish mesh, qop, sanoch singari og'zi ip bilan bog'lanadigan bo'lganda ularning og'zini bog'lab yurish kerakligi haqida so'z ketmoqda. Agar e'tibor beradigan bo'lsak, ushbu ishlarning barchasini Allohning ismini zikr qilgan holda amalga oshirish kerakligi qayta-qayta ta'kidlanmoqda. Ha, doimo Allohning ismini aytib ish qilish kerak, ana shundagina Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek:
«Bas, shayton meshlarni echa olmas. Eshiklarni ocha olmas. Idishlarning ustini ocha olmas».
Agar Allohning ismi zikr qilinmasa, qanchalik o'rab, berkitilsa ham baribir shayton taom va ichimliklardan o'z nasibasini olar ekan.
Hayotimizda ushbu hadisi sharifga amal qilishga ehtiyojimiz ko'p. Amal qilishga o'tganimizda ham «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflariga amal qilmoqdaman», degan niyat bilan o'taylik. Ana o'shanda ikki dunyo yaxshiligiga erishamiz. Agar dunyoviy manfaatnigina o'ylab amal qiladigan bo'lsak, faqat o'sha narsaga erishamiz, xolos. Chunki har bir kishiga niyatiga yarasha beriladi.
Imom Muslim yana o'sha kishidan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Idishlarning ustini yoping, meshkoblarning og'zini bog'lang. Chunki yilda bir kecha bor, unda vabo tushadir. Yopqichi yo'q idish, bog'ichi yo'q meshkob oldidan o'tganida o'sha vabodan albatta ularga tushadir», dedilar».
Bu hadisi sharifda ham doimo, yil – o'n ikki oy davomida oziq-ovqat va ichimliklar saqlanadigan idishlar yaxshilab berkitilgan holda bo'lishi lozimligi ta'kidlanmoqda.
Bu hadisi sharifda hozirgi zamon tib ilmlari tasdiqlagan va qat'iyat-la amal qilayotgan oziq-ovqat orqali, ularga tushgan mikroblar orqali turli xastaliklar, vabo – epidemiyalar tarqalishi mumkin ekanligi ta'kidlanmoqda.
Demak, Islomda tibbiy ehtiyot choralari bundan bir ming to'rt yuz yil ilgari o'ziga xos uslub bilan yo'lga qo'yilgan. Bu ish ma'lum bir guruhning ishiga aylantirilmay, diniy ta'limotlar orasiga qo'shilgan. Davlat aholi o'rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Hadis va hayot kitobidan)
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi Siti Ruhaini Juhayatinni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Indoneziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiy diplomatiyagacha bo‘lgan barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Shubhasiz, O‘zbekiston-Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun ko‘plab sohalarda keng imkoniyatlar mavjud.
Elchi xonimning boy tajribasini qadrlaymiz va mamlakatimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz".
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 iyunda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi yangi elchisi Oybek Eshonov 2024 yilning 4 noyabr kuni Indoneziya Prezidenti Subianto Prabovoga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
"Dunyo" AA olgan surat