Joriy yilning 24 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov va Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Ikromxon Najmiddinovlar Chortoq tumaniga tashrif buyurdilar.
Tashrif tumandagi 9-sonli maktabidan boshlandi. Maktabda 100 nafar o'qituvchi va o'quvchilar ishtirokida yig'ilish o'tkazildi. Yig'ilishda Abdulhay Tursunov va Ikromxon Najmiddinovlar “Salomlashish odoblari”, “Ustoz sharafli zot”, “Ota-ona hurmati va e'zozi” hamda “Yoshlikda ilm olishning fazilati” mavzularida ma'ruzalar qildilar.
Tashrif davomida tuman hokimligi bilan hamkorlikda tumandagi nizoli oilalar bilan suhbatlar o'tkazilib, ularga hayotiy misollar asosida tavsiya va ko'rsatmalar berildi.
Shundan so'ng “Bog'” MFY faollari bilan uchrashuv o'tkazildi. 50 nafar aholi vakillari ishtirok etgan uchrashuvda “Jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish”, “Aqidaparastlikning salbiy oqibatlari” mavzusida ma'ruzalar qilindi.
Huddi shunday yig'ilish tumandagi “Yangiobod” MFY faollari ishtirokida ham o'tkazildi. Unda “Yoshlar o'rtasida o'z joniga qasd qilishning oldini olish”, “Giyoxvandlik va OITSning zararlari” mavzusida ma'ruza qilindi.
Viloyat bosh imom-xatibi peshin namozi vaqtida “Zayd ibn Horisa” jome masjidiga tashrif buyurib, namozxonlarga “Yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar, yoshlar ta'lim-tarbiyasi” mavzularida ma'ruza qilib berdi.
Shuningdek, “Namangan” va “Dilkash” MFYdagi maxsus hisobdan chiqarilgan shaxslar va qidiruvda bo'lgan fuqarolarning oila a'zolari bilan profilaktik suhbatlar o'tkazildi.
Tashrif so'nggida tumanda faoliyat ko'rsatayotgan masjidlar imom-xatib va imom-noiblari ishtirokida yig'ilish o'tkazilib, tavsiya va ko'rsatmalar berildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.