Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim muazzinni eshitganida «Ashhadu alla ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu, roziytu billahi Robban va bi Muhammadin Rasulan va bil Islami dina» desa, uning gunohi mag'firat qilinur», dedilar» (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
"Allohdan o'zga ibodatga sazovor Zot yo'q. U yolg'iz O'zidir. Uning sherigi yo'q va albatta, Muhammad Uning bandasi va Rasulidir, deb guvohlik berurman. Allohni Robb, Muhammadni Rasul va Islomni din, deb rozi bo'ldim".
Ushbu hadisda kim azonni eshitganidan keyin mazkur duoni o'qisa, gunohlari mag'firat etilishi va'da qilinmoqda.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq azondan so'ng shahodat kalimasini aytishga odatlanaylik.
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida tushuncha bersangiz, uni juma kuni ham tutsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida Imom Buxoriy rahimahulloh quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:
Abul Abbos Makkiy aytadi: “Men Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu taolo anhumoning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Sen doimo ro‘za tutar va kechalari ibodat qilar ekansan?” – dedilar. Men: “Ha”, dedim.
U zot alayhissalom: “Agar sen shunday qilsang, ko‘zing zaiflashib, nafsing toliqadi. Kim yil bo‘yi ro‘za tutsa, ro‘za tutmabdi. Har oyda uch kun ro‘za tutish – yil bo‘yi ro‘za tutish kabidir”, dedilar.
“Men bundan ham ko‘prog‘iga qodirman”, dedim.
U zot alayhissalom: “Unda Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut, u kishi bir kun ro‘za tutar va bir kun og‘zi ochiq bo‘lar hamda dushmanga yo‘liqqanda qochmas edi”, dedilar.
Kimdir mazkur hadisga amal qilib, Dovud alayhissalom ro‘zasini tutayotganda uning ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, hech karohiyatsiz joiz bo‘ladi.
Kishining nafl ro‘za tutishga odatlangan kunlari yoki Ashuro kuni kabi fazilatli ro‘zalar juma, shanba yoki yakshanba kunlaridan biriga to‘g‘ri kelib qolsa, shu kuni ro‘za tutishi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.