Bugun, 25 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov va “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo Abdurahmonov Surxondaryo viloyatida diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, imom-xatiblar va aholi vakillari bilan uchrashish maqsadida ushbu viloyatga safarlari boshlandi.
Surxondaryoning yuragi bo'lmish ko'hna Termiz o'zining boy tarixi, dunyoga mashhur olimu fuzalolari bilan tarix sahifalariga, allaqachon, zarhal harflar bilan bitilgan durdona shaharlar sirasiga kiradi.
So'nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan bu zaminda qo'nim topgan bir qator allomalarning qadamjolari, maqbaralari obod qilinib, ziyoratgohga aylantirildi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari viloyatga o'z safarlarini ulug' bobokalonimiz Hakim Termiziy qabrining ziyorati ila boshlandilar. Ulug' allomalar ruhini shod etish maqsadida, Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, yurt obodligi va xalqimiz farovonligini tilab duolar qilindi.
Ma'lumki, buyuk mutafakkir ziyoratgohi viloyatdagi eng obod, eng ko'rkam maskanlardan biriga aylandi. Bu dargohga ziyoratga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ham yildan-yilga ko'payib bormoqda.
Muhtaram Prezidentimizning tavsiyalari asosida ushbu qadamjoda keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Maqbaraning ichki qismi to'liq rekonstruktsiya qilinib, naqshinkor jilo berilgan, Qur'oni karim oyatlari bitilgan. Natijada, ulug' ajdodimiz mangu qo'nim topgan tabarruk go'sha nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylandi.
Surxondaryo viloyati safari davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV