Termiz shahri yaqinida joylashgan Sulton Saodat ziyoratgohi Termiz sayyidlari xonadonining H-HVII asrlar davomida qurilgan maqbaralaridan iborat bo'lgan o'ziga xos me'moriy majmuadir. Uning nomi Sulton Saodat, arab tilidan tarjima qilinganda – «baxtlilar sultoni» demakdir. Termiz sayyidlarining etakchilari – naqiblari asrlar davomida “Sulton Sadot” – sayyidlar sultoni unvoni bilan sharaflanganlar. Ikkala atama bir-biriga o'rindosh sifatida foydalanilgan, arab tilida
“Bab as-sadat madan as-saodat,
xubb as-sadat miftax as-saodat”.
Ya'ni:
“Sayyidlar eshigi, baxt konidir,
Sayyidlarga muhabbat baxt kalitidir”, kalimasi keng ishlatilgan.
Dastlabki maqbaralarning eng qadimgisi, olimlarning fikriga ko'ra, Somoniylar davrida qurilgan. Avvalo, majmuaning janubi-g'arb tomonida joylashgan ikkita maqbara barpo etilgan bo'lib, ularda qadimiy qabrlar joylashgan. Ushbu ikkala maqbarani baland peshtoqli ayvon bilan birlashtirgan usti gumbazli oraliq maydon masjid vazifasini o'tagan. Maqbaralar hashamatli bo'lib, unda pishgan g'ishtlar qo'llangan va turli uslubiy naqshlar bilan ziynatlangan. Ayniqsa Temuriylar davrida Sulton Saodot majmuasida katta xajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan.
Majmuadagi ilk qabrda Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amirning hoki yotibdi. Uning Islom dunyosida e'tirof etilgan shajarasi Hazrat Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam borib taqaladi. Naql qilinishicha, Hazrat Ali roziyallohu anhuning Fotima roziyallohu anho onamizdan tug'ilgan o'g'li Husayn roziyallohu anhumo, so'nggi sosoniy shohi Yazdigardning qiziga uylanadi. Ularning farzandi Alidan Husayn al-Asqar, undan Ubaydulloh dunyoga keladi. Ubaydullohning farzandi Ja'far al-Hujjat Madina shahrining hokimi bo'lganligi rivoyat qilinadi. Ja'far al-Hujjatdan Amir Husayn, undan esa Hasan al-Amir tug'iladi. U milodiy 850 yili yaqinlari bilan Samarqandga keladi. U erda o'n bir yil yashab keyin Balxga o'tadi. Taxminan 865 yilda Termizga keladi va shu erda butunlay o'rnashib qoladi.
Somoniylar davridan Termiz sayyidlari xudovandzoda faxriy unvoniga sazovor bo'lishgan. Aynan shu ma'noda, lekin boshqa ko'rinishda Temuriylar davri manbalarida Termiz sayyidlari “xonzoda”, HV asrning ikkinchi yarmidan esa “mirzo” unvonlari bilan sharaflanganlar. Shuningdek, ular o'zlarining ismi-shariflaridan tashqari Musaviy, Alaviy va boshqa ko'plab kuniyalar va unvonlar bilan nomlanganlar.
Termiz sayyidlari xonadonining vakillari salohiyati butun islom dunyosida e'zozlanib kelindi, ular asrlar davomida jamiyat hayotida etakchilik qilganlar. Sayyidlar sulolasiga mansub bo'lish o'z davrining ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy va ilmiy jarayonlarida faol ishtirok etishni talab etgan. Jumladan, Termiz sayyidlarining ettinchi naqibi Majididdin Ali ibn Ja'far Musaviy XII asrning birinchi yarmida Saljuqiylar davlatining etakchi din peshvolaridan biri bo'lish bilan birga, olimlar homiysi sifatida taniladi va Termizda rasadxona qurdiradi. Termizdan etishib chiqqan eng mashhur shoir Adib Sobir Termiziy Majididdin Ali ibn Ja'farning homiyligida ijod qilgan. Muhammad Horazmshoh 1212 yilda ulamo va imomlarini yig'ib, Abbosiylarni xalifalikdan mahrum qiladi va vaziri, Termiz sayyidlaridan bo'lgan A'lo al-Mulkni xalifa deb e'lon qiladi. Sayyidlar mo'g'ullar bosqinidan keyin ham mavqelarini yo'qotmay, vayron bo'lgan Termiz markazini Sulton Saodat majmuasi hududiga ko'chirishadi. Termiz sayyidlaridan etishib chiqqan mashhur alloma Sayyid Burhoniddin Termiziy (1275-1342) 1231 yilgacha shahar ahliga etakchilik qilgan, keyinchalik Kichik Osiyoga, Koniyaga ko'chib ketib, Jaloliddin Rumiyning ustozi bo'lgan. Sayyid Burhoniddin Termiziyning Turkiyaning Qaysariya shahrida qad ko'targan maqbarasi asrlar davomida ziyoratgoh bo'lib keladi. Honadonning yana bir etakchisi Hudovanzoda Abu-l Makarim A'lo al-Mulk – “Amir ash-Shaxid” (1292-1344) Termiz hokimi bo'lib, mo'g'ullarga qarshi mustaqillik kurashida faol ishtirok etgan. Uning o'g'illari va jiyanlari manbalarga ko'ra Amir Temur hayoti va faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishadi. Nashr etilgan shajaralardan biriga ko'ra Amir Temurning ilk umr yo'ldoshi Honzoda oliy nasab bo'lgan. Termiz sayyidlarining shajarasiga ko'ra A'lo al-Mulkning esa shunday ismli jiyani va qizi bo'lgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, Amir Temur sayyidlar bilan oilaviy aloqada bo'lgan. Mazkur voqelik tarix davomida o'z isbotini topadi: ko'plab Temuriylar sayyidlar bilan nikohlar vositasida qarindoshchilik rishtalarini bog'laganlar. O'zaro nikohlar natijasida Temuriylar va sayyidlar xonadoni chambarchas bog'lanib ketganlar.
Amir Temur o'zining avlodlariga sayyidlarni aziz tutishni vasiyat qilib ketgan. Temuriylar bu vasiyatga sodiq bo'lib Samarqandda Shohi Zindada Termiz sayyidlarining vakillarini dafn etgan bo'lsalar, Shahrisabzda Ulug'bek tomonidan 1437 yilda barpo etilgan, asli nomi "Avlodi muborak" bo'lgan - Gumbazi Sayyidon maqbarasi Termiz sayyidlarining dahmasiga aylangan. “Sulton Sodot” Abul Maoliy 1459 yilda vafot etgan va Gumbazi Sayyidonda dafn etiladi. Sayyidning qabritoshida Termiz sayyidlariniig shajarasi keltirilgan.
Shayboniylar va undan keyingi davrlarda ham Termiz sayyidlari ma'lum mavqega ega bo'lishadi. Shayboniyxon o'zining o'g'li Muhammad Temur Sultonga Termiz sayyidlaridan kelin olib beradi. Abdullaxon II Sulton Saodotni ziyorat qilgani va maqbarani ta'mirlagani haqida ma'lumot bor.
Islom dunyosi tarixida Termiziylar ma'rifati, ilmu-urfondagi iste'dodlari bilan alohida ajralib turadi. Ular orasida sayyidlar honadoni vakillari ham bor: falakiyotchi olim Jaloliddin Ja'far ibn Husayn at-Termiziy, tabib, dorilarning tavsifi, ishlatilishi sohasiga bag'ishlangan "Mujarrabat", ya'ni, "Sinalgan dorilar" kitobining muallifi Muhammad Ma'sum ibn Sayyid al-Hasaniy at-Termiziy, "Munoqibi Murtozaviy" tarixiy asarini yozgan Mir Muhammad Solih Termiziy, "Dastur al-Mulk" asarining muallifi Hoja Samandar Termiziy shular jumlasidandir. Termiz sayyidlari xonadonidan etishib chiqqan mashhur naqqosh-xattot Mir Sayyid Ali Hindistonda Humoyun saroyida xizmat qilgan.
XX asrning 30-yillarigacha ziyoratchilar Sulton Saodat maqbarasini ziyorat qilganlar. Lekin, sho'rolar tuzumining siyosati oqibatida ziyorat taqiqlangan, majmua darvozaxonasi buzib tashlangan va xonaqoh g'ishtlari tashib olib ketishgan. Qabrlar ustidagi qabrtoshlar olib tashlangan.
Termiz sayyidlari xonadonining tarixini, mamlakat ravnaqi va taraqqiyotini ta'minlashga qo'shgan hissasini, ular abadiy makon topgan maskan haqidagi ma'lumotlarni o'rganish moziy sahifalarini to'ldirishga xizmat qiladi. Masalan, afg'on qabilalarining diniy rahnamosi Pir Boboning asli ismi Sayyid Ali Shoh at-Termiziydir. Shu kabi Termiz sayidlari xonadonining vakillari, butun Islom dunyosida Hitoydan tortib Turkiyagacha, Tataristondan tortib Hindistongacha tarqaladilar. Ular barcha joyda qalb nuri, aql ziyosi bilan islom ma'rifatini tarqatadilar, o'tkir zakovati, yuksak odobi, mukammal axloqi, qolaversa hidoyat yo'lidagi karomatlari bilan Islom dunyosi nafiga xizmat qilib nazarga tushdilar.
Jaloliddin Mirzayev
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi katta ilmiy xodimi
tarix fanlari nomzodi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati