Yaqin yillardan beri ba'zilar tomonidan: ““Juma ayyomingiz muborak bo'lsin”, “Juma muborak” deyish mumkin emas, chunki, juma kuni qiyomat kuni bo'ladi, qachonki biz mahshargohdan o'tib jannatda yig'ilganimizdagina “juma muborak bo'lsin”, deb aytamiz. Juma bilan tabriklash bid'at, chunki, Payg'ambar alayhissalom va sahobalar bir-birlarini juma bilan tabriklamagan” degan har xil gap-so'zlar tarqalib qoldi. Bu gap-so'zlarga qisqa javob shuki, mo'min-musulmonlar o'zaro bir-birlariga sog'liq-salomatlik tilab, Juma kuni bilan tabriklashlari muboh (savob ham, gunoh ham bo'lmaydigan) amallardandir.
Chunki juma kuni bilan tabriklab, muborakbod qilish bir qancha oyati karima va hadisi shariflardan ko'zlangan maqsadga muvofiq keladi hamda umumiy shariat qoidalariga to'g'ri keladi. Quyida ularni bayon qilamiz:
Birinchidan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
ﻭَﻗُﻮﻟُﻮﺍ ﻟِﻠﻨَّﺎﺱِ ﺣُﺴْﻨًﺎ
ya'ni: “Odamlarga shirin so'z bo'ling” (Baqara surasi 83-oyat).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi sharifda shunday deganlar:
"والكلمة الطيبة صدقة"
(متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Yaxshi gap sadaqadir” (Muttafaqun alayh).
Demak, musulmonlar bir-birlarini juma kuni bilan tabriklab, yaxshi tilaklarni aytishlari mazkur oyati karima va hadisi shariflardagi shirin so'z va yaxshi gaplarni gapirishga bo'lgan targ'ibning mazmuniga to'g'ri keladi.
Juma kuni bilan tabriklab, muborakbod qilish bir qancha asrlardan beri musulmonlar orasida odat tusiga aylanib, bu sababli musulmonlar bir-birlarini xursand qilib kelmoqdalar. Mana shunday o'zaro xursandchilikka sabab bo'ladigan amalni nimasi bid'at bo'ladi. Vaholanki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida bunday degan bo'lsalar:
"أحبُّ الأعمالِ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ سُرُورٌ يدْخِلُهُ على مسلمٍ"
(رواه الإمام ابن حبان والإمام الطبراني عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه)
ya'ni: “Alloh taologa eng yaxshi amal – musulmonning qalbiga xursandchilik kirgazishdir” (Imom Ibn Hibbon va Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, mana shu hadisga amal qilgan holda, musulmon kishining qalbiga xursandchilik kirgizish maqsadida juma kuni bilan tabriklashimiz mumkin bo'ladi. Qolaversa, buyuk sahobiy Ibn Mas'ud raziyallohu anhu bir ajoyib so'zni aytganlar:
ما رأى المسلمون حسنا فهو عند الله حسن، وما رآه المسلمون سيئا فهو عند الله سيء
(رواه الإمام الحاكم في المستدرك)
ya'ni: “Musulmonlar yaxshi ko'rgan narsa – Alloh taolo nazdida ham yaxshidir, musulmonlar yomon ko'rgan narsa – Alloh taolo nazdida ham yomondir” (Imom Hokim rivoyatlari).
Mana shu purma'no gapga binoan ham juma kuni bilan o'zaro muborakbod etish va yaxshi tilaklar tilashimiz mumkin bo'ladi.
Ikkinchidan, Juma kuni bilan tabriklash – o'zaro duo qilish va bir-biriga yaxshi tilaklar aytishdir. Qur'oni karim va hadisi shariflarda duo qilishga bo'lgan targ'ib biror-bir qaydsiz mutlaq kelgan. Jumladan, Alloh taolo duo qilish haqida Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ
فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar” (Baqara surasi, 186-oyat).
Ushbu oyatdagi duo maxsus bir duoga qaydlanmasdan umumiy bo'lganidan keyin, musulmon kishining boshqa birodariga “juma kuningiz muborak bo'lsin” degan duosi ham mazkur oyati karimaning mazmuniga muvofiq kelaveradi. Agar ushbu oyat maxsus duolarni o'z ichiga oladi, juma bilan tabriklashdagi duoni o'z ichiga olmaydi desak, mutlaq (qaydsiz) kelgan oyatni qaydlab qo'ygan bo'lamiz. Bu esa hanafiy mazhabimizdagi usul qoidalarga to'g'ri kelmaydi.
Qolaversa, bizni har bir duoimiz va yaxshi tilaklarimizning lafziga muvofiq albatta Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan biror hadis yoki sahobalardan biror rivoyat topilishi shart emas. Bunday qoida shariatimizda yo'q. Balki, yuqorida zikr qilingan umumiy bir qancha dalillar mavjud, ular o'z ichiga ko'plab amallarni qamrab oladi. Shunday ekan, Payg'ambarimiz alayhissalom va sahobalarning bir ishni qilmaganlarining o'zginasi, uni man qilish uchun dalil bo'lmaydi.
Uchinchidan, Qurbon va Ramazon hayiti kunlari bilan tabriklash, shuningdek, yangi kiyim kiyganda, kishining tavbasi qabul bo'lganda, haj ibodatini tamomlaganda, nikoh aqdi tuzilganda, farzand dunyoga kelganda tabriklash haqida bir qancha hadis va rivoyatlar mavjud. Ammo juma kuni bilan tabriklash haqida sarohatan (ochiq-oydin) hadis yoki rivoyat kelmagan. Mana shunday o'rinlarda shariat qonun-qoidalarini yaxshi o'rgangan ulamolarimiz bir qoida ishlatadilar: “dalili bor narsaga dalil kelmagan narsani qiyos qilish (taqqoslash)”. Bu qoidani ishlatish uchun ikkita shart topilishi kerak. Birinchisi, qiyos qilinayotgan amalning shariatga zid joyi bo'lmasligi kerak. Ikkinchisi esa, dalili kelgan amal bilan dalili yo'q amalni bajarishdan maqsad bir bo'lishi kerak. Shunday ekan, yuqoridagi Qurbon va Ramazon hayitlari bilan tabriklash kabi dalili kelgan amallarga juma kuni bilan tabriklash amalini qiyos qilinadi. Chunki barchasidan maqsad bir, u ham bo'lsa – musulmonning qalbiga xursandchilik solishdir.
Qolaversa, Juma kuni kunlarning eng yaxshisi ekani haqida Payg'ambarimiz shunday deganlar:
"خَيْرُ يَوْمٍ طَلَعَتْ عَلَيْهِ الشَّمْسُ يَوْمُ الْجُمُعَةِ فِيهِ خُلِقَ آدَمُ وَفِيهِ أُدْخِلَ الْجَنَّةَ وَفِيهِ أُخْرِجَ مِنْهَا"
(رواه مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi jumadir! U kuni Odam yaralgan, u kuni jannatga kiritilgan, u kuni jannatdan chiqarilgan, qiyomat ham juma kunidadir” (Imom Muslim rivoyatlari).
Shuningdek, Juma kuni musulmonlarning hafta ichidagi bayramlari hisoblanadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"إن هذا يوم عيد جعله الله للمسلمين، فمن جاء الي الجمعة فليغتسل، وإن كان عنده طيب فليمس منه،وعليكم بالسواك" ( اخرج إبن ماجة عن إبن عباس رضي الله عنه)
ya'ni: “Albatta bu (juma kuni) bayram kunidir. Alloh uni musulmonlar uchun (bayram) qilgan. Shunday ekan, kim jumaga etsa, g'usl qilsin. Agar unda xushbo'ylik bo'lsa, undan sepib olsin va misvokni lozim tutinglar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Hazrati Umar raziyallohu anhu ham Juma kunini haftalik bayram ekani haqida bunday deganlar:
"يوم جمعة، ويوم عرفة، وكلاهما بحمد الله لنا عيدٌ" (رواه الطبري في جامع البيان).
ya'ni: “Allohga hamd bo'lsinki, Juma va Arafa kunlari biz musulmonlarga bayram qilib berdi” (Imom Tabaroniy “Jomi'ul bayon” kitoblarida keltirganlar).
Bayram bilan tabriklash va muborakbod qilish mumkinligi haqida mo''tabar ulamolarimiz tomonlaridan bir qancha ma'lumotlar mavjud bo'lib, jumladan, buyuk muhaddis va faqih Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh “Mirqotul mafotih” kitoblarida أتاكم رمضان، شهر مبارك ya'ni, “Sizlarga Ramazon keldi. Bu muborak oydir” degan hadisni sharhida shunday deganlar:
هو أصل في التهنئة المتعارفة في أول الشهور بالمباركة
ya'ni: “Mana shu hadis (yangi) oylarning avvalida urfga aylangan muborak bo'lsin, deb tabriklashga asos hisoblanadi.
Imom Ibn Qudoma rahmatullohi alayh “Mug'niy” kitoblarida shunday deganlar:
"قال أحمد، رحمه الله: ولا بأس أن يقول الرجل للرجل يوم العيد: تقبل الله منا ومنك".
ya'ni: Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytdilar: “Bayram kuni kishi birodariga: “Alloh sizu bizdan qabul qilsin”” deyishini hech qanday zarari yo'q.
Imom Shihob Ahmad Molikiy rahmatullohi alayh aytadilar:
سئل مالك عن قول الرجل للرجل في العيد تقبل الله منا ومنك وغفر لنا ولك
فقال: "ما أعرفه ولا أنكره لأنه قول حسن"
ya'ni: Imom Molik rahmatullohi alayhdan bayram kuni kishi birodariga: “Alloh sizu bizdan qabul qilsin va gunohlarimizni kechirsin!” deyishi haqida so'ralganda u zot bunday javob berdilar: “Uni (dalili borligini) bilmaymiz, lekin inkor ham qilmaymiz, chunki bu yaxshi so'zdir”.
Imom Suyutiy rahmatullohi alayh “Usulul amaniy bi-husulit tahaniy” kitoblarida bunday deganlar:
التهنئة بنحو الأعياد والشهور، لها أصل في السنة كالتهنئة بالمولود.
ya'ni: “Farzand ko'rganda tabriklashni hadislarda asosi bo'lgani kabi bayram va oylar bilan tabriklashni ham hadislardan asosi bor”.
Demak, bayramlarda tabriklash mumkin bo'lganidan keyin juma kunida ham tabriklash va muborakbod etish mumkin va joizdir. Chunki yuqoridagi hadislar bilan juma kunini ham bayram ekani ochiq-oydin ma'lum bo'ldi. Shunga binoan, bu kunni bayramona kayfiyatda, xushbo'yliklarni sepib, xursadchilik bilan, ibodatlarni ado etib, o'zaro bir-birimizdan hol-ahvol so'rab, yaxshi tilaklarni bildirib o'tkazishimiz ayni mudao bo'ladi. Juma kuni sizga barokatli, muborak bo'lsin, deyish ham, yaxshi tilaklar jumlasidandir.
Hulosa qiladigan bo'lsak, yuqoridagi barcha oyati karima, hadisi sharif, rivoyat va fiqhiy qoidalar hamda ulamolarimizning fikrlaridan ma'lum bo'lmoqdaki, musulmonlar bir-birlarini Juma kuni bilan tabriklab, o'zaro duolar qilishlarida hech qanday shariatga zid joyi yo'q. Aksincha, bu duoi xayr va yaxshi tilaklar sababli musulmonlar orasida mehr-muhabbat, o'zaro xursandchilik, oqibat ziyoda bo'lib, birodarlik rishtalari mustahkamlanadi. Albatta, bu tabriklash ixtiyoriy bo'lib, uni vojib yoki sunnat demaymiz. Bu amalni tark qilgan kishi gunohkor ham bo'lmaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo'limi mudiri v.v.b.
G'ulomiddin Holboyev
Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.
Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.
Ibrohimjon Rustamov:
– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.
Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.
Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.
Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.
Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.
Qurbonali Aripov:
— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.
Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.
Tolibjon O‘rmonov:
— Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.
Muborakxon Inomova:
— Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.
Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!
Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi