Shu yil 27-28 noyabr' kunlari Niger poytaxti Niamey shahrida “Tinchlik va taraqqiyot yo'lida terrorizmga qarshi kurashda ahdlashuv” mavzusida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati tashqi ishlar vazirlari kengashining 47-sessiyasi o'z ishini boshlaydi.
Tashkilot Bosh kotibi doktor Yusuf bin Ahmed al-Usaymin 47-sessiyaning kun tartibiga islom dunyosi dolzarb mavzu va masalalar, jumladan, islomofobiyaga qarshi kurashish va dinlar sha'niga bildirilayotgan salbiy fikrlarga barham berish bo'yicha hamkorlik qilish hamda tashkilotga a'zo bo'lmagan davlatlardagi musulmon jamiyatlari ahvoli haqidagi masalalar muhokama qilinishini ta'kidladi.
Shuningdek, Halqaro Sud mahkamasida rohinjalar to'g'risidagi masalani o'rganish, madaniyat va dinlar o'rtasidagi muloqotni mustahkamlash va “IHT 2025” ish dasturida erishilgan yutuqlarga oid mavzular muhokama etiladi.
Halqaro aloqalar bo'limi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.
“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.
Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati