Haqiqatni doimo takrorlab turish zarur, chunki bizga adashishni ham doimo eslatib turishadi.
Gyote
***
Odamlar senga ikki holatdagina bo'ysinadi: birinchisi yoqtirib qolsa, ikkinchisi ishonsa. Ammo, yoqtirmasa ishonmaydi.
Balbzak
***
O'ylaring so'zlaringga, so'zlaring fe'lingga, fe'ling taqdiringga tasir etadi. Go'zal o'yla, go'zal yasha.
Jaloliddin Rumiy
***
Husni xulq (chiroyli xulq) dan ko'ra yaxshilik qo'shadiganroq, hasaddan ko'ra yomonlik ustiga yomonlik qo'shadiganroq narsani ko'rmadim.
Shayx Najmiddin Kubro
***
To'g'ri va haq yo'ldan yurgan kishining yurishi arslon yurishidan ko'ra ham mahobatliroq (haybatliroq)dir.
Mahmud az Zamaxshariy
***
Sabr deb, inson boshiga tushgan alam va chidab bo'lmaydigan og'riqni to engunga qadar ushlab turishga aytiladi.
Abu Ali ibn Sino
***
Qalbaki maqtash haqoratlashdir, poydevorsiz qurilgan bino qulaydi.
Abu Bakr Horazmiy
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey o‘ranib yotuvchi! Kechani ozginasidan boshqasini (ibodatda) tik turib o‘tkaz! Yarmini yoki undan bir oz qisqarog‘ini. Yoki u(yarim)ga yana qo‘sh va Qur’onni tartil bilan tilovat qil” (Muzzammil surasi, 1-4 – oyatlar).
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kechani qoim qilishni buyurgan edi. Habib sollallohu alayhi vasallam buyruqqa bo‘ysundilar, kechalari qiyomda uzoq turardilar, hatto tovonlari yorilib ketardi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Kechaning ba’zisida u ila bedor bo‘l. Senga nofila bo‘lsin. Shoyadki Robbing seni maqtovli maqomda tiriltirsa” (Isro surasi, 79-oyat).
Ya’ni, bu dunyoning tunlarida qoim bo‘lganing kabi, Qiyomat kunida maqtalgan maqomda turasan.
Ramazon kechalari qoim bo‘lish va ro‘za tutish oyidir. Uning kechalari eng unutilmas damlar va eng qadrli vaqtlari esa ro‘zadorlar tun qorong‘uliklarida qoim bo‘lgan vaqtlardir:
So‘radim bir safar qorong‘u kechadan,
“Ichingda to‘lib-toshgan sirlar bormi?”, deb.
Dedi: “Hayotim ichra aytmadim chindan,
Saharda oshiqlarga so‘ylagan sirlarimdek”.
Ro‘zadorlar har bir vaqtni g‘animat bilganlaridan ularning tunlari ham juda qisqadir, bekorchilarning tunlari esa behuda bo‘lgani uchun uzundir. Alloh taolo solih bandalarini sifatlab bunday marhamat qiladi: “Ular kechalari oz uxlar edilar” (Zariyat surasi, 17-oyat).
Tun o‘z etagini yoygan vaqtda muhojir va ansoriy sahobalarning ho‘ngrab yig‘lagani eshitilar, tong otganda esa shijoat va jasoratli kishilarga aylanishardi. Ularning uylari tun qorong‘usida tilovat madrasalari, tarbiya universitetlari va iymon institutlariga aylanardi. Afsuski, bugungi kunda ba’zilarning uylari behayo qo‘shiqlar va beodob ishlar uchun markazga aylanib qolgan. Alloh taolo gunohlarimizni kechirsin! Biz tun qiyomini yo‘qotganimiz sababli qalblarimiz qotib qoldi, ko‘z yoshlarimiz quridi va iymonimiz zaiflashdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Ramazonda iymon va ihtisob(amalini xolis Alloh uchun qilish) ila qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.
Insonlar olamlar Robbisining huzurida turadigan, qabrlardagi o‘liklar qayta tiriltirilib, qalblardagi narsalar tekshiriladigan dahshatli kun – Qiyomat kunini eslash bu qiyomni bajarishga yordam beradi. Tunni qoim qilish qabrdagi zulmatni yorituvchi nurdir. Qabrning zulmati, dahshati va undagi bo‘ladigan g‘amlarni eslash ham tun qiyomini bajarishga yordam beradi. Yana bu qiyomga beriladigan ajrlar, gunoh va xatolarning o‘chirilishi kabi mukofotlarni xotirlash ham tun qiyomini osonlashtiradi.
Ulug‘ zotlar tunni qoim qilishda turli uslublarni qo‘llashar edi. Ular tunni ruku qilib, ba’zilari sajdada, boshqalari esa qiyomda turib o‘tkazardilar. Yana ularning tilovat qilib yig‘lab chiqadiganlari, tafakkur qiladiganlari va shukr etadiganlari, o‘zlarini hisob-kitob qiluvchilari ham bo‘lardi. Nima uchun bizning uylarimiz tun qiyomlarisiz qoldi, nega ular tilovatlardan bo‘shab qoldi?
Tun kirganda g‘ofil qalblar uyquga ketadi va bekorchilarning ruhlari o‘ladi. Ammo bu vaqtda mo‘min qalblar hayot va Allohdan qo‘rquvchi ko‘zlar yosh to‘kib tunni tongga ulaydi. Shoir aytadi:
Barcha ko‘zlar uxladi-yu, ammo qoldi ozchilik
Ko‘z yosh to‘kib va ham issiq o‘rinlarin tark etib.
Inson qabrda yotishi, insonlar bir joyga to‘planadigan va og‘irligidan bellarni sindirib yuboradigan kunni o‘ylasa qanday uxlaydi? Musulmonlarning bugungi avlodi turli axloqsiz o‘yinlar ustida tunni tongga ulashadi, bir oz hayo qilish ham kerak-da. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ey, Abdulloh! Kechasi turib keyin tunni qoim qilishni tark qiladigan falonchi kabi bo‘lmagin!”.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan