Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Namozning (nimasi) afzal?» deb so'raldi. U zot:
«Qunut(qiyom)ning uzuni», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Abu Dovud keltirgan rivoyatda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan:
«Amallarning qaysi biri afzal?» deb so'raldi.
«Qiyomning uzuni», dedilar», deyilgan.
Sharh: Ma'lumki, «Qunut» duosi ham namozda tik turib o'qiladi. «Namozda qiyomni uzoq qilish uning eng afzal amali» deyish ushbu hadisdan olingan.
Abu Hanifa va Shofe'iy rahmatullohi alayhilar shu gapni ushlaganlar.
Boshqalar esa oldingi hadislardagi sajdaning fazli haqidagi gaplarni ushlab, «Namozning eng yaxshi, eng afzal amali sajda», deganlar.
«Hadis va hayot» kitobidan
Shu yil 13–14 mart kunlari yurtimizda "Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki" shiori ostida muborak Ramazon hayitini munosib kutib olish, mahallalar va muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan umumxalq xariya hashari diniy soha xodimlari va mo‘min-musulmonlarimizni ezgulik yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Mazkur xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi qariyb 2150 ta masjid, 270 ta ziyoratgoh va 4500 ta qabriston hududlarida keng ko‘lamli tozalik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hashar doirasida million kvadrat metrdan ortiq maydon chiqindilardan tozalanib, 35 000 tup ko‘chat ekildi hamda 88 000 dona daraxt oqlanib, shakl berildi.
Bayram oldidan nafaqat masjid va ziyoratgohlar, balki insonlar qalbiga ham quvonch ulashildi: imom-xatiblar boshchiligidagi 85 mingdan ziyod hasharchilar tomonidan 750 dan ortiq kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
Shuningdek, 4100 nafardan ziyod ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga jami 1 mlrd 465 mln so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bunday olijanob ishlar xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Ramazon hayiti shukuhini xonadonlarga olib kirdi.
Masjidlarda namozxonlar va ziyoratchilar uchun barcha qulay shart-sharoitlar hozirlanib, xonaqoh va tahoratxonalar bayram namoziga shay holga keltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati