Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida 10 ming o'rinli masjid quriladi. Bu haqda qurilish vaziri Botir Zokirov «O'zbekiston 24» telekanalida bergan ma'lumotiga tayanib, kun.uz manbasi xabar berdi. Vazirlik vakillari loyihani prezident Shavkat Mirziyoevga topshirishgan. Zokirovning aytishicha, bu to'rtinchi taqdimot bo'lgan va prezident tomonidan loyihani boshlash bo'yicha topshiriq berilgan.
Qurilish vazirining so'zlariga ko'ra, majmuada atrofi milliy uslubdagi ayvonlar bilan o'ralgan 10 ming o'rinli masjid quriladi. Vazirlik masjid va uning atrofidagi qurilish ishlarini boshlash bo'yicha ko'rsatma olgan.
Payariq tumani hududida joylashgan Imom Buxoriy majmuasi hududida hozir ham masjid faoliyat olib boradi. Loyihaga ko'ra, shu masjid o'rniga kattaroq va zamonaviy uslubda qurilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, majmuaning o'zi ham qaytadan barpo etiladi. Ayni damda majmuaning yonida Imom Buxoriy nomidagi hadis maktabi ham faoliyat yuritmoqda.
Ma'lumot uchun, Imom Buxoriy Islom olamining etuk muhaddisi hisoblanadi. Uni muhaddislar imomi deb atashadi. Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy» sahih hadislar to'plami Islom olamida eng ishonchli hadis manbasi sifatida o'rganiladi. Imom Buxoriy milodiy 810 yilda Buxoroda tug'ilgan. 870 yilda esa hozirgi maqbarasi joylashgan Samarqand hududidagi Hartang qishlog'ida vafot etgan.
islom.uz
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.