Bizda bir juda yomon odat bor: bir kishi bir salbiy xislat haqida gapirsa (ba'zan undan uzoqlashishga chaqirsa), xayolimizga avval boshqa birov keladi. Ayrimlarimiz hatto aytib ham yuboramiz (bunga tez-tez duch kelyapmiz afsuski). Nega "o'zimda yo'qmikan", deb xavotirga tushmaymiz har birimiz? Shunchalik farishtasifat bo'lib ketganmizmi? Darajamiz o'zlaridan xavotir oluvchi salaflarimizdan ham yuqori bo'lib ketganmi?
Afsuski, bunday holat keyingi yillarda ko'payib ketmoqda. Holbuki, ilm tarqalishi, kengayishi bu illatning ozayishiga sabab bo'lishi lozim edi, agar chindan haqiqiy ilm olinayotgan bo'lganida. Zotan, bir necha yil oldingiga qaraganda hozir internetda ancha ma'lumot to'plangan. Deyarli hamma savolga javob topasiz. Ma'lumotlar g'ij-g'ij. Shar'iy masalalarga ko'pchilikning tili biyron. Taqdim etilayotgan, ulashilayotgan masalalar ko'pligidan boshlar aylanadi. Ammo ahvol o'nglanish o'rniga ortga qarab ketayotgandekmiz.
Demak, bu degani - olayotgan bilimlarimiz faqat ma'lumot to'plashdan nariga o'tmayotganidan dalolat. Amalimizga, sulukimizga ta'sir qilmayapti degani bu. Ayni payg'ambarimiz alayhissalom panoh tilagan ilmga ega bo'lib borayapmiz degani.
Alloh holimizga rahm qilsin, O'zi o'nglasin.
Sayfulloh Nosir
8 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muloqotda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, haj va umra ibodatlarini uyushtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. Xususan, “Haj – 2025” mavsumi har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tgani, mutasaddilar sa’y-harakati bilan hojilarga yuqori darajada sharoit va imkoniyatlar hozirlangani, o‘zbekistonlik ziyoratchilar tartib-intizomi, odob-axloqi bilan barchaga namuna bo‘lib, risolagidek toatu ibodat qilganlari e’tirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar kelgusida ham diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish kabi masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati