Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

27.11.2020 y. Qabriston ziyorati odoblari va unda bid'at va xurofotlardan tiyilish

23.11.2020   7973   14 min.
27.11.2020 y. Qabriston ziyorati odoblari va unda bid'at va xurofotlardan tiyilish

بسم الله الرحمن الرحيم

QABRISTON ZIYoRATI ODOBLARI VA UNDA BID_''AT VA HUROFOTLARDAN TIYILISh

Muhtaram jamoat! Alloh taolo insoniyat ibrat olishi va tafakkur qilishi uchun ko'pgina oyat-mo'jizalarini zohir qilib qo'ygan. Ulardan biri va har kuni ko'z o'ngimizda sodir bo'lib turgani o'lim va hayotdir.

Qur'oni karimda o'lim va hayotning yaratilishi inson hayotini yaxshiliklarga sarflashi uchunligi bayon qilinadi:

الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ

ya'ni: “Allohsizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G'afur (kechirimli)dir” (Mulk surasi 2-oyat).

Boshqa oyati karimada esa hech bir jon egasi o'limdan qochib qutula olmasligi ta'kidlanadi:

كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ الْمَوْتِ وَنَبْلُوكُمْ بِالشَّرِّ وَالْخَيْرِ فِتْنَةً وَإِلَيْنَا تُرْجَعُونَ

ya'ni:Har bir jon o'limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin)  Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz(Anbiyo surasi 35-oyat).

Dinimizda qat'iy e'tiqod qilinadigan tushunchalardan biri shuki, inson hayoti uchga bo'linadi. Dunyodagi sinovli hayot, qabrdagi barzaxiy hayot va oxiratdagi abadiy hayot. Bularga imon keltirish imon asoslaridandir. Inson vafot etishi bilan uning oxiratdagi yangi hayoti boshlanishi, ya'ni Qiyomat kunigacha qabr hayoti – barzaxda yashashi hadisi shariflarda zikr qilingan. Shuning uchun musulmonlar inson o'ldi, tamom, u endi butunlay unutildi, demaydilar. Balki, bu dunyodan o'tgan mo'min-musulmonlarga hurmat bajo keltirib, doimo duolari, tilovatlari va xayru-ehsonlarida yod etadilar. Alloh taolo o'tganlarning haqqiga duo qiluvchi mo'minlarni maqtab shunday deydi:

وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ

وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ

ya'ni:Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: Ey, Rabbimiz! O'zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!(Hashr surasi 10-oyat).

O'tganlarni yaxshilik bilan yodga olishning bir ko'rinishi ularning qabrlarini ziyorat qilishdir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qilganlar:

كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ زِيَارَةِ الْقُبُورِ، أَلا فَزُورُوهَا،، فَإِنَّهُ يَرِقُّ الْقَلْبَ، وَتَدْمَعُ الْعَيْنَ، وَتُذَكِّرُ الآخِرَةَ،

 وَلا تَقُولُوا هَجْرًا"

(رواه الامام الحاكم عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya'ni: “Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim, endi ziyorat qilaveringlar. Chunki qabr ziyorati qalbni yumshatadi, ko'zni yoshlantiradi va oxiratni eslatadi. Lekin fahsh-yomon so'zlarni so'zlamanglar” (Imom Hokim rivoyat qilganlar).

Mana shu va boshqa hadisi shariflardan kelib chiqib, ulamolarimiz qabr ziyorati erkaklarga ixtilofsiz savobli ish ekanini aytganlar. Ayollarning qabr ziyoratiga aksar ulamolar shartlar bilan ruxsat berganlar. Ayollar erlarining roziligi bilan satri avratda, yig'lab dod-voy qilmasdan qabrlarni ziyorat qilishlari durust. Oisha onamiz raziyallohu anho Madinadan Makkaga kelganlarida Makka shahriga dafn qilingan akalari Abdurrahmon ibn Abu Bakr raziyallohu anhuning qabrlarini ziyorat qilar edilar.

Qabr ziyoratining bir qancha odoblari borki, ularga amal qilish bilan bu savobli ish mukammal bo'ladi:

  1. Niyatni to'g'rilash. Ziyoratga borgan kishi avvalo Alloh taoloning roziligini qasd qilib, oxiratni yodga olish va qabriston ahlining haqqiga duo qilishni niyat qiladi.
  2. Qabristonga iloji boricha tahoratli kirish.
  3. Qabristonni dabdaba qilmasdan xokisorlik bilan ziyorat qilish. Ayollar ham hayo bilan avratlarini berkitib yurishlari dinimiz talabidir.
  4. Qabristonga kirganda duo qilish. Sunnatda kelgan duo:

السَّلَامُ عَلَيْكُمْ أَهْلَ الدِّيَارِ مِنْ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُسْلِمِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللَّهُ بِكُمْ لَاحِقُونَ نَسْأَلُ اللَّهَ لَنَا وَلَكُمْ الْعَافِيَةَ

ya'ni: “Assalomu alaykum, ey, mo'min va musulmonlar diyori ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo'shilamiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so'raymiz” (Imom Ibn Moja rivoyatlari). Bu duoning boshqacha ko'rinishlari ham bor, ularni ham o'qish mumkin.

  1. Qabr ziyoratida Qur'on tilovat qilish. Ziyoratga borganda qaysi sura yoki oyalarni o'qish qat'iy belgilab qo'yilmagan. Qur'onning xohlagan joyidan xohlagan miqdorda o'qish joiz. Lekin ulamolarimiz Baqara surasining avvali va oxiridan, “Oyatal kursiy” oyati, “Mulk”, “Yasin”, “Ixlos”, “Falaq” va “Nas” suralaridan imkon boricha o'qishni tavsiya qiladilar. Tilovatning savobini duo qilib yaqinlariga va qabriston ahliga bag'ishlaydi.
  2. Qabr ustidagi o'sib turgan maysa va o'simliklarga tegilmaydi, chunki ularning tasbehidan o'tganlarga manfaat bor. Qurigan o'simliklarni esa olib tashlash mumkin.
  3. Qabristonga xohlagan kunda borish joiz. Ayni bir kunni tayin qilib olinmaydi.
  4. Qabriston yonidan o'tganda qabr ahllariga salom berib o'tish sunnatdir. Ulovdagi kishi to'xtay olmasa ham, salom berib ketaveradi.
  5. Qabrlarni bosmaslik va ular ustiga o'tirmaslik kerak. Chunki hadisi shariflarda bu ishlar cho'g'ni ustida yurish va cho'g' ustida o'tirish kabidir, deb ta'riflanadi. Dinimizda vafot etgan kishining hurmati ham xuddi tirikniki kabidir, shuni doim yodimizda saqlashimiz kerak.
  6. Payg'ambarimiz alayhissalomning va aziz avliyolarning qabrlarini ziyorat qilganda ziyorat odoblariga rioya qilish zarur. Ziyorat uchun boriladigan qabrlarning eng ulug'i Payg'ambarimiz alayhissalomning qabrlaridir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo'ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy Ibn Umardan rivoyat qilganlar).

Ko'pchilik ulamolar ziyorat qiluvchi avval U Zot alayhissalomning qabrlariga qarab salom berib, so'ngra qiblaga qarab duo qiladi, deyishgan.

Ziyorat qiluvchi U Zotning qabrlari ro'parasida o'zini xokisor tutgan holda vazminlik bilan to'xtab, salavot va salom aytadi. Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumoga salom berib, duo qiladi. Islom ulamolari va aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qilganda ham shu kabi odoblarga rioya qilinadi.

Qabr ziyoratida bir qancha bid'at-xurofotlar ham borki, ular sababli kishi o'zi bilmagan holatda savobli ishni gunohga aylantirib qo'yadi. Bid'at-xurofotlarning eng ko'p uchraydiganlarini sanab o'tamiz:

  1. Qabristonga jonliq olib borib, u joydagi marhumlarga atab jonliq so'yish, sham yoqish va latta bog'lash kabi ishlarni qilmaslik. Bu ishlar e'tiqodga qarab, katta gunoh yoki shirk darajasidagi ishlardir.

Avliyolarga atab jonliq so'yish haqida Imom Rabboniy rahmatullohi alayh o'zlarining “Maktubot” nomli kitoblarida: “Fiqhiy rivoyatlarda ulug'larning nomiga atalgan jonliqni qabr ustiga olib borib so'yish shirk ishlar qatoriga kiritilgan va bundan saqlanish lozimligi qattiq ta'kidlangan. Ushbu jonliq jinlarga atab so'yilgan jonliq hisoblanadi. Bu ish shar'an taqiqlangan, shirkka oid amallardandir” deganlar.

Alloma Ibn Obidin rahmatullohi alayh bu mavzuda shunday deganlar:

وَاعْلَمْ أَنَّ النَّذْرَ الَّذِي يَقَعُ لِلْأَمْوَاتِ مِنْ أَكْثَرِ الْعَوَّامِ وَمَا يُؤْخَذُ مِنْ الدَّرَاهِمِ وَالشَّمْعِ وَالزَّيْتِ وَنَحْوِهَا إلَى ضَرَائِحِ الْأَوْلِيَاءِ الْكِرَامِ تَقَرُّبًا إلَيْهِمْ فَهُوَ بِالْإِجْمَاعِ بَاطِلٌ وَحَرَامٌ ...  وَقَدْ اُبْتُلِيَ النَّاسُ بِذَلِكَ ، وَلَا سِيَّمَا فِي هَذِهِ الْأَعْصَارِ

ya'ni: “Bilingki, avom xalq tarafidan o'liklarga atab nazrlar qilish, avliyolarning qabrlariga ularga yaqin bo'lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish ijmo' qilingan botil va harom ishlardir... Bu narsalarga xususan, asrimiz odamlari ko'proq mubtalo bo'lganlar». (“Raddul Muhtor” kitobi).

  1. Qabr ahlidan duo qilib hojatini so'rash, farzand so'rash, qabrni tavof qilib aylanish, siypalab yuziga surtish joiz emas. Afsuski, ba'zi joylarda qabr atrofini aylanib, hatto sajda qilish holatlari kuzatildi. Ruku va sajda faqat Alloh taolo uchun qilinadigan amallardandir. Ularni xoh tirikka, xoh o'likka qilish kishini Islomdan chiqaradi. Musulmon yurtda bunday hukmlarni bilmaslik uzr bo'lmaydi, insonni kufrdan qutqarmaydi. Huddi shunday duo ham ibodat bo'lib, uni faqat Alloh taologa qilinadi, o'zgaga emas.
  2. O'tganlardan shumlanib, “kafanini chaynabdi” va shunga o'xshagan botil e'tiqodlar bilan qabrlarini ochish mutlaqo mumkin emas. Bu ishlar ham harom amallardan.
  3. Qabrlarni dabdabali qilish va bezashdan tiyilish kerak. Chunki tiriklarga foydasi tegadigan pishiq g'isht, taxta va temir kabi mahsulotlarni qabrga ishlatish mumkin emas. Gohida bir oilani bir yillik xarajatini qoplaydigan qiymatdagi marmarlar bilan qabrlarni bezash ham kuzatiladi. Bu ochiq-oydin isrofdir. Bu dabdalardan mayyitga foyda yo'q. Faqat riyokorlikka yaraydi xolos. Qabrlarni bejirim qilib loy bilan suvab qo'yish va belgi bo'ladigan darajadagi tosh qo'yish joiz.

O'z navbatida ta'kidlash joizki, barchamizning oxirgi boradigan manzilimiz bo'lgan qabristonlarni qarovsiz tashlab qo'ymaslik kerak. Avvalo, o'tganlarni tartib bilan dafn qilib, yurish uchun alohida yo'lakchalar qilish, manzarali daraxtlar ekish va toza-ozoda saqlash lozim. Yovvoyi yoki uy hayvonlari qabristonga kirib qabrlarni oyoqosti qilmasligi uchun kerakli choralar ko'rish, iloji bo'lsa atrofini o'rash maqsadga muvofiqdir.

Qarovsiz qolgan qabrlarni tozalash, obod etish savobli ishdir. Bu kabi savobli ishlarni barcha musulmonlar sidqi dildan bajarishlari, o'z yaqinlari qabrlari atorifida shunday qabrlar bo'lsa, ularga ham e'tibor qaratishlari darkor.

(Imom-xatiblar shu o'rinda namozxonlarni qabristonlarning obodonlashtirish ishlariga targ'ib etishlari so'raladi). 

Hulosa o'rnida aytish mumkinki, dinimizda joiz bo'lgan ishlarni, jumladan qabr ziyoratini ham sunnatga va ulamolarimizning tavsiyalariga muvofiq bajarsak, ko'zlangan savob va maqsadlar hosil bo'ladi. Aksincha bid'at-xurofotlarning izidan ketib, nafaqat dinimizda buyurilmagan, balki man qilingan ishlarni qilishda davom etilsa, dunyo va oxiratda isrof, qiyinchilik va azobga sabab bo'ladi.

 Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam qilsin, turli bid'at xurofotlarga ergashishdan asrasin!

 

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi Ijtimoiy illatlar: Firibgarlik va o'zgalar molini nohaq eyishhaqida bo'ladi, inshaalloh.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   8871   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar