VALIYLAR VA KAROMATLAR
«Valiy» so'zi arabcha bo'lib, «yaqin do'st» ma'nosini anglatadi. Alloh taolo Qur'oni Karimda O'zining ma'lum bir bandalarga valiy ekanligini, ba'zi bir bandalar U Zotning avliyolari ekanini aytib o'tgan.
Alloh taolo A'rof surasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilib, but va sanamlarga ibodat qilayotgan va hidoyatga ergashmagan mushriklarga shunday deb xitob qilishni buyuradi:
إِنَّ وَلِـِّۧيَ ٱللَّهُ ٱلَّذِي نَزَّلَ ٱلۡكِتَٰبَۖ وَهُوَ يَتَوَلَّى ٱلصَّٰلِحِينَ١٩٦
«Albatta, mening valiyim Kitobni nozil qilgan Allohdir. U solihlarni valiy (do'st) tutadir» (196-oyat).
Alloh taolo Yunus surasida:
أَلَآ إِنَّ أَوۡلِيَآءَ ٱللَّهِ لَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ٦٢
«Ogoh bo'lingkim, Allohning valiylariga xavf yo'qdir va ular xafa ham bo'lmaslar», degan (62-oyat).
Allohning valiy(do'st)lariga bu dunyoda ham, oxiratda ham hech qanday xavf yo'qdir. Ular ikki dunyoda ham to'liq omonlikdadirlar. Ular bu dunyoda Allohga valiy – do'st bo'lganlari uchun, U Zotning ko'rsatmalari bo'yicha halol-pok, to'g'ri yashaganlari uchun ularga hech narsa xavf-xatar solmaydi. Ularning sog'ligiga, molu mulkiga, obro'-e'tiboriga, oilasiga, jonlariga, umuman, hech narsalariga hech qanday xavf yo'q.
Shuningdek, oxiratda ham ularga do'zaxning, undagi azob-uqubatlarning hech qanday xavfi yo'q.
Allohning valiy(do'st)lari bu dunyo va oxiratda hech xafa ham bo'lmaslar. Ular doimo xursand bo'lurlar.
Ana shu baxtiyor shaxslar, Allohning valiysi – do'sti bo'lish sharafiga muyassar bo'lganlar, ikki dunyoda xavfdan xoli bo'lganlar, ikki dunyoda xafa bo'lmaydiganlar kimlar?
ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَكَانُواْ يَتَّقُونَ٦٣
«Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir» (Yunus surasi, 63-oyat).
Demak, Allohning do'sti bo'lish juda ham oson ekan. Buning uchun avvalo U Zotga iymon keltirish, ikkinchidan esa taqvodor bo'lish, ya'ni Alloh taoloning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib yashash lozim ekan. Kimning iymonida zarracha xato bo'lsa yoki Alloh taoloning ko'rsatmalari asosida emas, o'zganing yo'lida hayot kechirsa yoxud o'z-o'ziga yo'llanma tuzib olsa, u odam Alloh taologa do'st bo'lish baxtidan mahrumdir. Alloh taologa do'st bo'lganlarga esa:
لَهُمُ ٱلۡبُشۡرَىٰ فِي ٱلۡحَيَوٰةِ ٱلدُّنۡيَا وَفِي ٱلۡأٓخِرَةِۚ لَا تَبۡدِيلَ لِكَلِمَٰتِ ٱللَّهِۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلۡفَوۡزُ ٱلۡعَظِيمُ٦٤
«Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham xushxabar bor. Allohning so'zlarini o'zgartirish yo'q. Ana o'sha buyuk yutuqdir» (Yunus surasi, 64-oyat).
Allohning valiylari – do'stlariga ikki dunyo saodatining xushxabari bor. Ular iymonlari va taqvolari tufayli, Allohning inoyati ila avvalo bu dunyoda saodatli hayot kechiradilar. Oxiratda esa xuddi shu iymonlari va taqvolari sababli jannatga doxil bo'ladilar.
Mazkur xushxabar Alloh taoloning so'zlaridir.
«Allohning so'zlarini o'zgartirish yo'q. Ana o'sha buyuk yutuqdir».
Qur'oni Karim ta'rifi bo'yicha valiy, uning sifatlari va darajasi shundan iborat.
Ahli tasavvuf esa valiyni turlicha ta'rif qilganlar. Agar e'tibor beriladigan bo'lsa, o'sha ta'riflar taqvo va ibodat, yaxshi xulq va oliymaqom islomiy sifatlar sohibi bo'lgan valiyning Alloh taologa qurbat hosil qilgan banda ekanligi xususidadir.
Ammo valiy ma'nosidagi tushunchalarda haddan oshish ham bo'lgan. Shiy'a mazhabidagilar «Valiy alohida bir martaba bo'lib, u faqatgina hazrati Ali roziyallohu anhuga berilgan», degan fikrni oldinga surishgan.
Ba'zi tarixchilarning ta'kidlashlaricha, valiy haqidagi tushunchani birinchi bo'lib tasavvufga kiritgan va bu haqda alohida kitob yozgan shaxs Hakim Termiziydir.
Valiylar haqidagi fikrlar asta-sekin haddidan oshib borib, e'tiqodga mutlaqo zid bo'ladigan gaplarni ham aytishgacha etganlar.
Masalan, Muhyiddin ibn Arabiy va ba'zi unga o'xshaganlar: «Hotamul avliyo anbiyolardan afzal bo'ladi», deyishgacha etganlar.
Doktor Soih Ali Husayn o'zining «Lamahotun minat-tasavvufi va tarixihi» nomli kitobida «Ibn Atoulloh Sakandariyning quyidagi gaplarini keltiradi: «Shayximiz Abul Abbos roziyallohu anhuning «Agar valiyning haqiqati kashf qilinsa, unga ibodat qilinardi. Chunki uning sifatlari va belgilari U Zotning sifatlaridandir», degan gaplarini nutq qilish mening tilimga qanchalar og'irligini bilsangiz edi».
Ammo o'zini bilgan so'fiylar valiyni Qur'oni Karim va Sunnati mutohhara ma'nolaridan kelib chiqib ta'rif qilganlar.
Bu haqda Ibn Hajar rahmatullohi alayhi:
«Valiy Alloh taoloni biluvchi, Uning toatida bardavom bo'luvchi va U Zotga ixlos ila ibodat qiluvchidir», deydi.
Zamonlar o'tishi bilan valiylar xususida turli qarashlar vujudga kelgach va ixtiloflar kuchaygach, ulamolarimiz valiylar va ularning karomatlari haqidagi masalani aqoid kitoblarimizga kiritishga majbur bo'lganlar.
Quyida «Sharhi Talxiysi aqoidi Tohoviya» kitobidan ushbu masalaga bag'ishlangan joyini boricha taqdim qilamiz:
VALIY HYeCh QAChON NABIY
MARTABASIGA YeTA OLMAYDI
«Avliyolardan birortasini anbiyolarning birortasidan afzal ko'rmaymiz. Bitta nabiy hamma valiydan afzaldir, deymiz».
Sharh: Ya'ni avliyolardan birortasi, kim bo'lishidan qat'i nazar, anbiyo alayhissalomlarning birortasidan afzal bo'la olmaydi, deb e'tiqod qilamiz. Agar hamma avliyolar bitta nabiy bilan solishtirilsa, nabiy ulardan ustin chiqadi va martabasi yuqori bo'ladi, deymiz.
Dalil:
Muallif «Ittihod» mazhabidagilarga (Banda ko'p ibodati ila Alloh bilan birlashib ketadi, deb e'tiqod qiluvchilarga) qilingan raddiyaga ishora qilmoqda. Shuningdek, so'fiylarning johillariga ham. Chunki ular ba'zi avliyolarni ba'zi bir anbiyolardan afzal, deydilar (Alloh asrasin).
Ammo haqiqiy, istiqomatdagi so'fiylar (axloq ulamolari) vahiy va shariatga ergashishga buyuradilar.
Alloh taolo xaloyiqning hammasini, jumladan, avliyolarni ham payg'ambarlarga ergashishga amr qilgan. Alloh taolo:
وَمَآ أَرۡسَلۡنَا مِن رَّسُولٍ إِلَّا لِيُطَاعَ بِإِذۡنِ ٱللَّهِۚ
«Qaysi bir rasulni yuborgan bo'lsak, Allohning izni ila faqat itoat qilinishi uchun yuborganmiz», deydi (Niso surasi, 64-oyat).
Boshqa bir oyatda esa:
قُلۡ إِن كُنتُمۡ تُحِبُّونَ ٱللَّهَ فَٱتَّبِعُونِي يُحۡبِبۡكُمُ ٱللَّهُ وَيَغۡفِرۡ لَكُمۡ ذُنُوبَكُمۡۚ وَٱللَّهُ غَفُورٞ رَّحِيمٞ٣١
«Ayt: «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashing, Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag'firat qiladir». Alloh o'ta mag'firatlidir, o'ta rahmlidir», degan (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Bas, kim kufrni botin tutib (ya'ni ichida valiyni nabiydan afzal ko'rib), Islomni zohir qilsa (ya'ni tilida «Nabiy valiydan afzal», desa) yoki o'zining kufriy aqiydasini Islom hijobi ila berkitsa, u zindiqdir. Agar o'z ixtiyori ila qo'lga tushmasdan oldin tavba qilsagina, tavbasi qabul qilinadi. Huddi hech kimning qistovisiz, o'z ixtiyori bilan musulmon bo'lgan kofir kabi.
AVLIYoLARNING KAROMATLARI
«Ularning karomatlariga va siqa – ishonchli kishilar tomonidan qilingan sahih rivoyatlariga ishonamiz».
Sharh: Ularning ikromi uchun sodir bo'lgan karomatlarini tasdiqlaymiz. Ammo Dajjol va unga o'xshaganlarga sinov uchun berilgan odatdan tashqari ishlarini tasdiq qilmaymiz. Shuningdek, ba'zi solih uchun imtihon maqsadida berilgan odatdan tashqari ishlarni tasdiq qilmaymiz. Ulardan adolatli, ishonchli roviylar tarafidan sobit bo'lgan rivoyatlarni tasdiqlaymiz. Har bir johil va yolg'onchi qilgan rivoyatni emas. Yoki Rasul va Nabiy sha'niga loyiq narsalar ularga nisbat berilganiga emas.
Mo''jiza va karomat lug'atda bir narsadir. U odatdan tashqari sodir bo'lgan ish. Mutaqaddimlarning nazdida ikkalasi ham bir narsadir. Lekin ko'pchilik mutaaxxir ulamolar ularning orasini farqlashadi. Mo''jiza payg'ambar uchun, karomat valiy uchun, deyishadi.
Odatdan tashqari har bir ish payg'ambardan sodir bo'lsa, odamlar o'shanga o'xshash narsani qilishdan ojiz qolsalar, bu mo''jiza bo'ladi. Agar odatdan tashqari ish payg'ambardan boshqa ahli taqvo va solih odamdan sodir bo'lsa, bu karomat bo'ladi. Agar o'sha odatdan tashqari ish to'g'ri yo'lda bo'lmagan odamdan sodir bo'lsa, bu sehr yoki sinov bo'ladi.
ALLOH TAOLOGA HOS SIFATLAR HYeCh KIMGA
MO'_''JIZA HAM, KAROMAT HAM BO'LMAYDI
Shubha yo'qki, kamol sifatlari uchdir.
Bu uch narsa yolg'iz Allohning O'zigagina xosdir. Chunki U Zot har bir narsani O'z ilmi bilan ihota qilgandir. U Zot har bir narsaga qodirdir. U Zot olamlardan behojatdir.
Shuning uchun ham Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ushbu uch narsani da'vo qilishdan voz kechishga amr qilgandir:
قُل لَّآ أَقُولُ لَكُمۡ عِندِي خَزَآئِنُ ٱللَّهِ وَلَآ أَعۡلَمُ ٱلۡغَيۡبَ وَلَآ أَقُولُ لَكُمۡ إِنِّي مَلَكٌۖ إِنۡ أَتَّبِعُ إِلَّا مَا يُوحَىٰٓ إِلَيَّۚ
«Sen: «Sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari bor», ham demasman, g'aybni ham bilmasman. Va yana sizlarga: «Men farishtaman», deb ham aytmasman. Men faqat o'zimga vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos», deb ayt» (An'om surasi, 50-oyat).
Chunki mushriklar gohida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g'ayb ilmini talab qilishar edi.
يَسَۡٔلُونَكَ عَنِ ٱلسَّاعَةِ أَيَّانَ مُرۡسَىٰهَاۖ
«Sendan Soat (qiyomat) haqida, uning qachon sobit bo'lishini so'rarlar» (A'rof surasi, 187-oyat).
Gohida esa ta'sir o'tkazishni talab qilar edilar.
وَقَالُواْ لَن نُّؤۡمِنَ لَكَ حَتَّىٰ تَفۡجُرَ لَنَا مِنَ ٱلۡأَرۡضِ يَنۢبُوعًا٩٠
«Ular dedilar: «Toki bizga erdan chashma otiltirmaguningcha, zinhor senga iymon keltirmasmiz» (Isro surasi, 90-oyat).
Gohida esa u zotda ham bashariy (insoniy) ehtiyojlar borligini ayb deb bilishar edi.
وَقَالُواْ مَالِ هَٰذَا ٱلرَّسُولِ يَأۡكُلُ ٱلطَّعَامَ وَيَمۡشِي فِي ٱلۡأَسۡوَاقِ
«Ulardedilar: «BuneRasulki, taomeb, bozordayuradir?!»(Furqonsurasi, 7-oyat)
Shunda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'zlari bu narsalarga molik emasliklarining, bu uch narsadan Alloh bergan miqdorgagina ega bo'lishlari mumkinligining xabarini berishni amr qildi. U zot Alloh bildirganicha biladilar. Alloh behojat qilganicha behojat bo'ladilar. Alloh odatdan tashqari qodir qilgan ishga qodir bo'ladilar. Barcha mo''jiza va karomatlar ushbu doiradan chetga chiqa olmaydi.
KAROMAT TUShUNChASI VA UNING TURLARI
«Karomat» «karuma», «yakrumu» fe'lidan olingan masdar bo'lib, yuqorilik va sharaf ma'nosini anglatadi.
Karomat shu ma'noda ikki xil bo'ladi:
Birinchi(asliy karomat)ning misoli quyidagi oyatda:
۞وَلَقَدۡ كَرَّمۡنَا بَنِيٓ ءَادَمَ وَحَمَلۡنَٰهُمۡ فِي ٱلۡبَرِّ وَٱلۡبَحۡرِ وَرَزَقۡنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ
«Batahqiq, Banu Odamni azizu mukarram qilib qo'ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko'tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik» (Isro surasi, 70-oyat).
Ushbu karomat mo'min bo'lsin, kofir bo'lsin, bashariyatning hamma a'zolari uchun umumiydir.
Ikkinchi(kasbiy karomat)ning misoli:
إِنَّ أَكۡرَمَكُمۡ عِندَ ٱللَّهِ أَتۡقَىٰكُمۡۚ
«Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir» (Hujurot surasi, 13-oyat).
Bu karomat taqvodor mo'minda hosil bo'ladi.
Odatdan tashqari ishlarni karomat deyish majoziydir. Chunki Alloh taolo o'sha ishlarni taqvodor mo'minning ikromi uchun uning tomonidan sodir etadi. Alloh taoloning ikrom qilishi o'sha ishlarning sodir bo'lishiga sabab bo'ladi.
Karomatning zohir bo'lishidagi hikmat – karomat sodir bo'lganidan so'ng valiyning ishonchi yana ham ziyoda bo'lib, dunyodagi zuhdi-taqvosi kuchayib, havoyi nafs da'vosi yo'qolishidir.
Karomatlarning rostligiga dalil:
كُلَّمَا دَخَلَ عَلَيۡهَا زَكَرِيَّا ٱلۡمِحۡرَابَ وَجَدَ عِندَهَا رِزۡقٗاۖ
«Zakariyo har safar uning oldiga – mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko'rdi» (Oli Imron surasi, 37-oyat).
وَمَن يَتَّقِ ٱللَّهَ يَجۡعَل لَّهُۥ مَخۡرَجٗا٢ وَيَرۡزُقۡهُ مِنۡ حَيۡثُ لَا يَحۡتَسِبُۚ
«Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo'lini ochib qo'yadir. Va unga o'zi o'ylamagan tarafdan rizq berur» (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ إِن تَتَّقُواْ ٱللَّهَ يَجۡعَل لَّكُمۡ فُرۡقَانٗا
«Agar Allohga taqvo qilsangiz, sizga furqon qilib beradi» (Anfol surasi, 29-oyat).
Ushbu ikki oyatda valiylikning sharti bo'lmish taqvo zikr qilindi. So'ngra taqvodor valiyning karomati zikr etildi. Bu unga hamma musibatlardan kushoyish berilishi, rizqining o'ylamagan, bilmagan tomondan berilishi va haq bilan botil orasini farqlovchi nurning berilishidir» (Iqtibos tugadi).
Ushbu iqtibosga qo'shimcha sifatida aytishimiz lozimki, tasavvufga kirish, unda shayx bo'lishdan asosiy maqsad karomat ko'rsatish emas. Balki ruhiy tarbiya ila shug'ullanish va mo'min-musulmonlarni tarbiya qilishdir. Karomatning ma'nosi ikrom qilishdir. Alloh taolo O'ziga taqvo va zohidlik hamda ko'p ibodat ila qurbat hosil etgan bandalariga ikrom ko'rsatib, ba'zi bir oddiy odamlar qila olmaydigan narsalarni ular orqali yuzaga chiqarib, duolarini qabul qilib, oliy darajadagi ilmu irfon hamda farosat berib, ularni mukofotlaydi. Ko'pchilik ahli tasavvufning «Valiy o'zining karomatini o'zi bilmasligi shart», degan gaplari bor.
Shu bilan birga, valiylarga va ularning karomatlariga Ahli sunna val jamoa mazhabi bo'yicha e'tiqod qilmog'imiz lozim.
Ya'ni har bir mo'min-musulmon sodiq iymoni tufayli Alloh taoloning himoyasiga kiradi, do'stiga – valiysiga aylanadi. Iymonlarining, ibodatlarining, ixloslarining tadrijiga ko'ra Alloh azza va jalla har bir mo'min-musulmonga ma'lum darajada ikrom ko'rsatadi.
Taqvosi, ehsoni kuchli bo'lgan valiylarga oddiy odamlar qila olmaydigan odatdan tashqari holatlar ato etilishi ham rost.
Suvda yuruvchi, osmonda uchuvchi, bir necha lahzada ko'z ilg'amas joylarga borib keluvchi, baliqlar unga itoat etuvchi, o'zgalarning holidan xabar berilgan, o'zining ko'rgiliklaridan ogoh etilgan karomat sohiblarining borligi ham rost.
Qiyomat qoim bo'lguncha turli valiylardan har xil karomatlar sodir bo'lishi ham inkor etilmaydigan bashoratdir.
KYeYINGI MAVZU:
TUSh, KAShF VA ILHOM
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bizga muborak Ramazon oyi ro‘zasini farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar, Ramazon oyi kechalarini qoim qilishni sunnat qilgan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin.
Biz oddiy oylardan biri emas, balki juda ulug‘, fazilatlarga to‘la oyning oxirgi uchinchi dahasi – jahannam otashidan asraguvchi dahasidamiz. Ushbu muborak oy jannat eshiklari ochiladigan, do‘zax eshiklari yopiladigan oydir. Har kecha bir nido qiluvchi nido qiladi: “Ey yaxshilikni istovchi, kelgin! Ey yomonlikni istovchi, to‘xtatgin!”.
Bu muborak oy – Ramazon oyida insonlarga mehr bilan bunday deyiladi: Tavba qiling, o‘zingizni sarhisob qiling va umringizdan qolgan fursatni g‘animat biling. Chunki shunday bir kun keladiki, inson dunyoga qaytishni orzu qiladi, ammo uning orzusi qabul qilinmaydi va unga muhlat berilmaydi
Doktor Zag‘lul Najjor ushbu holatning dahshatidan yig‘lab bunday deydi:
“Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar sen ularni do‘zax oldida to‘xtatilganlarida ko‘rsang edi! Ular: «Do‘zax uzra to‘xtatib qo‘yilganda, «Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Rabbimiz oyatlarini yolg‘onga chiqarmaydigan mo‘minlardan bo‘lsak», deyishlarini ko‘rganingizda edi!” (An’om surasi, 27-oyat).
Ushbu ulug‘ qissa Qur’on karimda qiyomat kunining eng dahshatli manzaralaridan birini tasvirlaydi. Bu shunday manzaraki, uni tasavvur qilganda tanimiz jimirlab ketadi, qalblar qo‘rquvdan titraydi. Ular dunyoda Allohning oyatlarini inkor qilgan, payg‘ambarlarini masxara qilgan va Allohdan boshqasiga ibodat etgan kimsalar edi.
Qiyomat kuni esa ular jahannam yoqasida turib, o‘z ko‘zlari bilan o‘sha olovni ko‘radilar. Uning dahshatli ovozini eshitadilar, zanjirlar va kishanlarning shohidi bo‘lishadi, aql tasavvur qila olmaydigan azoblarni ko‘radilar.
Shunda qo‘rquv shunchalik kuchayadiki, qalblar halqumga kelib qoladi, nafaslar tiqilib ketadi. Ana o‘sha paytda bu gunohkorlar shunday bir orzu qiladilarki, agar ularga dunyoda shu orzu berilganida edi, Allohga hech qachon osiy bo‘lmas edilar: “Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Robbimiz oyatlarini yolg‘onga chiqarmaydigan mo‘minlardan bo‘lsak”. Lekin bu orzu qabul qilinadimi? Bu kechikkan pushaymon foyda beradimi?
Javob keyingi oyatda keladi: “Yo‘q! Ularning oldindan yashirib yurgan (sir)lari ularga fosh bo‘lib qoldi. Bordi-yu, (dunyoga) qaytarilsalar ham, (yana o‘sha) taqiqlangan narsalarga qaytgan bo‘lur edilar. Ular, haqiqatan, yolg‘onchilardir!” (An’om surasi, 28-oyat).
Alloh taolo ularning haqiqiy holatini ochib beradi. Agar ular dunyoga qaytarilsa ham, yana avvalgi gunoh va inkorga qaytadilar. Chunki ularning bu yerdagi pushaymoni haqiqiy iymon emas, balki azobdan qo‘rqishdir.
Ushbu Qur’oniy qissa bizga katta ibrat beradi:
– Pushaymon kech bo‘lsa, foyda bermaydi.
– Tavba eshigi faqat dunyoda ochiq. O‘lim kelganda yoki qiyomat qo‘zg‘alganda tavba qabul qilinmaydi.
– Iymon faqat og‘izdagi so‘z emas. U qalbdagi ishonch, til bilan iqror va amal bilan isbotdir.
– Alloh muhlat beradi, ammo bee’tibor qoldirmaydi.
Bu yerda biz uchun muborak Ramazon oyidagi buyuk ibrat bor.
Ramazon – pushaymondan oldingi imkoniyat oyidir.
Ramazon – tavba eshigi yopilishidan oldingi fursatdir.
Bu oyda ko‘plab insonlar do‘zaxdan ozod qilinadi.
Savol shu: “Biz ozod qilinganlardan bo‘lamizmi yoki keyin pushaymon bo‘luvchilardanmi?”.
Ramazon faqat yeb-ichishdan tiyilish emas. U gunohlardan tiyilish, Allohga chin qalb bilan qaytish oyidir. Ramazondagi har bir kun – yangi sahifa sanaladi. Har bir kecha – ko‘z yoshi bilan yillar davomidagi kamchiliklarni yuvish imkoniyatidir
Shuning uchun, ey bu so‘zlarni o‘qiyotgan aziz insonlar:
Pushaymon foyda bermaydigan kunni kutmangiz.
Ayniqsa ushbu muborak oyda tavbaga shoshilingiz.
Ko‘proq istig‘for ayting. Namozingizni to‘g‘rilang. Qur’oni karim bilan munosabatingizni mustahkamlang. Kim bilsin, balki bu Sizning hayotingizdagi oxirgi Ramazon bo‘lishi mumkin.
Allohdan so‘raymizki, Bizni Ramazon oyini g‘animat bilib, O‘ziga yaqin bo‘ladigan hamda Ramazon oyi tugaganida jahannamdan ozod bo‘ladigan bandalari qatorida qilsin! Omiyn. Ya Robbal ’aalamiyn!. …” (Doktor Zag‘lul Najjor xotiralaridan).
I.Ahmedov tarjimasi