— Bir yil oldin qizim vafot etgandi. Devorga rasmini ilib qo'yishim mumkin-mi? Keyin qizimni ko'p o'ylayman, tushlarimga kirsa deyman, lekin hech tushimga kirmaydi, u mendan rozimasmikan deb o'ylab qolaman. Men noto'g'ri o'ylamayapman-mi?
— Yaxshi emas. Uch zarari bor: birinchisi, inson va hayvon rasmini beldan yuqori joyga osish nojoizdir. O'simlik va jonsiz narsalarning rasmini osib qo'yishning hech zarari yo'q. Ikkinchisi, jonli rasm ilingan xonaga rahmat farishtalari kirmaydi. Fotorasmlarni al'bomda saqlash lozim. Uchinchisi, devorida rasm osilgan xonada namoz o'qish makruhdir.
Qizingizning ruhi shod bo'lishi uchun Qur'on tilovati qilib, sadaqa berib, shularning savobini uning ruhiga bag'ishlash mumkin. Tushga kirmasligi yomonlik alomati emas.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi", dedilar.
"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).