Abu Aliyya aytadi: «Bir kuni Umar ibn Abdulaziz odamlar bilan o'tirgan edi. Kun yarim bo'lib, qizdira boshlagach, odamlarga: «Men qaytib kelgunimcha shu erda turinglar» deb, bir oz dam olish uchun ichkariga kirib ketdi. Birozdan so'ng o'g'li Abdulmalik kelib, uni so'ragan edi, odamlar uning ichkariga kirib ketganini aytishdi. O'g'li kirishga izn so'radi, unga izn berildi. U kirib, otasidan «Mo'minlarning amiri, bu erga nima uchun kirdingiz?» deb so'radi. «Bir oz dam olmoqchi edim», dedi Umar. O'g'li odob bilan: «Fuqarolaringiz eshigingiz oldida kutib turgan holda sizga o'lim kelib qolishidan omondamisiz? Ulardan berkinib oldingizmi?» dedi. Umar ibn Abdulaziz bu gapdan so'ng tez o'rnidan turib, odamlar oldiga chiqdi.
«Solihlar gulshani» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.