Abu Aliyya aytadi: «Bir kuni Umar ibn Abdulaziz odamlar bilan o'tirgan edi. Kun yarim bo'lib, qizdira boshlagach, odamlarga: «Men qaytib kelgunimcha shu erda turinglar» deb, bir oz dam olish uchun ichkariga kirib ketdi. Birozdan so'ng o'g'li Abdulmalik kelib, uni so'ragan edi, odamlar uning ichkariga kirib ketganini aytishdi. O'g'li kirishga izn so'radi, unga izn berildi. U kirib, otasidan «Mo'minlarning amiri, bu erga nima uchun kirdingiz?» deb so'radi. «Bir oz dam olmoqchi edim», dedi Umar. O'g'li odob bilan: «Fuqarolaringiz eshigingiz oldida kutib turgan holda sizga o'lim kelib qolishidan omondamisiz? Ulardan berkinib oldingizmi?» dedi. Umar ibn Abdulaziz bu gapdan so'ng tez o'rnidan turib, odamlar oldiga chiqdi.
«Solihlar gulshani» kitobidan
وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة نا عبيد الله بن موسى أنا إسرائيل، عن سماك أنه سمع موسى بن طلحة يحدث عن أبيه قال: مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل فقال: ما يصنع هؤلاء؟ قالوا: يجعلون الذكر في الأنثى قال: ما أظن ذلك يغني شيئا فبلغهم ذلك فتركوه فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: إنما هو ظن ظننته، إن كان يغني شيئا فاصنعوه، فإنما أنا بشر مثلكم وإن الظن يخطئ ولكن ما قلت لكم: قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل.
Muso ibn Talha otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bilan birga (Madina) xurmozorlari orasidan o‘tdim. U zot xurmolar ustiga chiqib olib, changlatayotgan odamlarni ko‘rib: “Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.
Odamlar: “(Xurmoning) erkagini urg‘ochisiga qo‘shmoqda”, dedi.
U zot: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.
Haligi odamlarga buning xabari yetib borganda, ular u(changlatish)ni tark qildi va xurmolardan tushdi. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallamga bu haqda xabar berilganda: “U mening bir gumonim, agar o‘sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversin! Albatta, men ham sizlar kabi basharman. Albatta, gumon xato qiladi. Lekin sizlarga “Alloh taolo bunday dedi”, deb biror narsa aytsam, zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on so‘zlamayman”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD