يَسَۡٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَۖ قُلۡ مَآ أَنفَقۡتُم مِّنۡ خَيۡرٖ فَلِلۡوَٰلِدَيۡنِ وَٱلۡأَقۡرَبِينَ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱبۡنِ ٱلسَّبِيلِۗ وَمَا تَفۡعَلُواْ مِنۡ خَيۡرٖ فَإِنَّ ٱللَّهَ بِهِۦ عَلِيمٞ٢١٥
215. (Ey Muhammad), sizdan nima ehson qilishni so'rashsa, "Nima ehson qilsangiz ham ota-onaga, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qiling, qanday yaxshilik qilsangiz ham Alloh uni albatta biladi", deng.
Ya'ni, ey Payg'ambarim, sizdan nimalarni ehson qilish haqida so'rashsa, ehsonni ota-onaga, qarindoshlar va etimlarga, miskinlar va musofirlarga qilish kerakligini ayting. "Ehson" deganda odatda birovga biror ne'matni berish va fazlu karam ko'rsatish tushuniladi. Lekin "ehson" so'zi lug'atda "yaxshilik qilish, ezgulik ko'rsatish" ma'nolarini ham anglatadi. Qur'onda ehsonning fazilati haqida zikr etish barobarida ehson qiluvchilarga beriladigan savob-mukofotlar, ularga etadigan manfaatlar ham bayon etiladi. Haqiqatan, biror kishiga bir narsani ehson qilsangiz yoki unga biror yaxshilik ko'rsatsangiz, bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, o'zgalarga manfaat etkazganingizdan xursand bo'lasiz. Ehson qilingan kishi ham o'ziga ko'rsatilgan yaxshilikdan sevinadi, dilida sizga muhabbat paydo bo'ladi, agar sizga keki bo'lsa, unutadi. Shu tariqa jamiyatda kishilar o'rtasida totuvlik, hurmat-ehtirom paydo bo'ladi, dushmanchiliklar barham topadi, osoyishtalik va farog'at barqaror bo'ladi. Eng asosiysi, kimga yaxshilik qilsangiz, Alloh taolo hammasini bilib turadi, ehsonni o'zingizga o'n barobar qilib qaytaradi. Chunki Parvardigorning bunday va'dasi bor: "Kim bir yaxshilik qilsa, unga o'sha yaxshiligi o'n barobar qilib qaytariladi" (An'om, 160). Qur'oni karimda yaxshilik-ehson qiluvchilarning sifatlari batafsil bayon etilgan. Ular kechalari turib namoz o'quvchilar, tun oxirida Parvardigorlaridan mag'firat so'rovchilar, mol-mulklaridan muhtoj va faqirlarga nasiba ajratuvchi kishilardir. Ehsonning turlari ko'p: Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga ergashish ham – ehson, birovni kechirish ham – ehson, boshga kelgan musibat va ozorlarga sabr qilish ham – ehson, hatto birovga yaxshi muomala qilish ham – ehson. Alloh azza va jalla bunday buyuradi: "Allohga ibodat qilinglar, Unga hech narsani sherik qilmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, etimlarga, kambag'allarga, qarindosh qo'shnilarga, oddiy qo'shnilarga, oila a'zolaringizga ehson (yaxshilik) qilinglar" (Niso, 36).
Musulmon kishi kimga yaxshilik qilishni, qanday yaxshilik qilishni juda yaxshi biladi. Chunki Allohning Kitobida, Payg'ambar alayhissalom hadislarida bu haqda juda ko'p amr-farmonlar, ko'rsatmalar kelgan. Shularga ko'ra, ehson qilish eng oldin sizni tug'ib katta qilgan, edirib-ichirgan, kiyintirgan, chiroyli ta'lim, xulqu odob o'rgatgan, kamolga etkazib uyli-joyli qilgan ota-onadan boshlanadi. Imom Nasafiy va Hozin tafsirlarida zikr qilinishicha, farzand uchun ota-onaning maqomi shunchalar ulug'ki, u ota-onani nomi bilan chaqirmay, balki "otajon, onajon" kabi shirin so'zlar murojaat qilishi, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmasligi, ular oldida o'zini qul yoki cho'rilardek tutishi lozim. Shundan keyin qarindosh-urug'lar, o'zgalar mehr-muruvvatiga muhtoj bo'lib qolgan etimlar, kambag'al-faqirlar, safarda aziyat chekayotgan musofirlarga ehson qilinadi. Ehson-sadaqa qilinishi lozim bo'lgan toifalar haqida Payg'ambarimiz alayhissalomdan bir necha hadisi shariflar vorid bo'lgan: "Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi silai rahm uchundir"; "Rasuli akram alayhissalom: "Yetimni qaramog'iga olgan kishi bilan men jannatda mana bunday yonma-yon turamiz" dedilar hamda ko'rsatkich va o'rta barmoqlarini juftlab ko'rsatdilar"; "Beva va miskinga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi Alloh yo'lida jang qilgan, tuni bilan namoz o'qigan va kun bo'yi ro'za tutib yurgan kishi kabidir" (Buxoriy va Muslim rivoyati). Bulardan esa, har bir musulmon atrofidagi kishilarga mehribon, himmatli, saxovatpesha, sadoqatli bo'lishi lozim, degan fikr kelib chiqadi.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati