Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Munofiqlik alomatlari

20.11.2020   22450   7 min.
Munofiqlik alomatlari

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «آيَةُ الْمُنَافِقِ ثَلَاثٌ: إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ وَإِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ» مُتَّفقٌ عَليه

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa, yolg'on gapiradi, va'da bersa, bajarmaydi, omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», dedilar».
Muttafaqun alayhi – Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Munofiq – bu tashida o'zini musulmon va iymon keltirgan shaxs sifatida ko'rsatadigan, lekin aslida iymon keltirmagan va qalbida kofirligicha qolgan kishidir. Arablar islomdan avvalgi davrlarda «munofiq» so'zini Islom kelgandan keyingi ma'nosida tushunmaganlar, ya'ni bu so'z Islom kelishidan oldin o'zini iymon keltirgandek ko'rsatib, aslida kofir bo'lish ma'nosida qo'llanilmagan. Bu so'zning asl o'zagi «nafaq» so'zidan olingan bo'lib, ba'zi kemiruvchilar kavlaydigan inga nisbatan ishlatiladi. Ularning inida ikki teshigi bo'ladi va agar bir teshik tarafdan xavf kelayotganini sezsa ikkinchi teshikdan qochib qoladi. Munofiqning ham ikki yuzi bo'lib, vaziyat taqozosiga ko'ra o'zgartirib turgani uchun shunday nomlangan.

Ulamolar munofiqlik ikki xil ko'rinishda bo'lishini aytadilar:

Birinchisi, inson aslida kofir bo'lgan holatda o'zini iymon keltirgandek tutishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi munofiqlar ana shunday bo'lganlar.

Ikkinchisi, hech kim bilmaydigan holat bo'lsa din buyruqlariga to'liq rioya qilmaslik, boshqalar biladigan holatlarda esa to'liq rioya qilish bo'lib, bu ham nifoq deyiladi. Alloma Hattobiy rohimahulloh shu ma'noni zikr qilganlar. Shunga ko'ra birinchi turdagi nifoq – e'tiqodiy, ikkinchisi esa amaliy nifoq deb nomlanadi.

Ba'zi insonlarda mana shu alomatlarning barchasi topilishi va shu bilan birga mo'min bo'lishi mumkin. Shuning uchun ham Imom Navaviy hadisning ma'nosi unda zikr qilingan alomatlar topilgan kishi munofiqqa o'xshab, ularda bor xulqlarga ega bo'lib qolishi ma'nosida ekanini aytganlar. Boshqa ulamolar, xususan, Imom Qurtubiy esa hadisda amaliy nifoq nazarda tutilgan, deydilar. Chunki, Umar roziyallohu anhu ham Huzayfa roziyallohu anhudan: «Menda nifoqdan biror narsa borligini bilasanmi?», deb so'raganlar va bundan e'tiqoddagi nifoqni emas, balki amaldagi nifoqni nazarda tutganlar. U zot kufr ma'nosidagi nifoqni nazarda tutgan bo'lishlari aslo mumkin emas.

Ulamolarning yuqorida keltirilgan so'zlari va boshqa sharhlardan xulosa qiladigan bo'lsak, hadisdagi alomatlar topilgan insonni e'tiqodida munofiq bo'lib, kofir bo'lgan, deyilmaydi, balki amallarida munofiqlarning ishini qiladigan va ularga o'xshab qolgan shaxs deyiladi.

Hadisdan olinadigan foydalar:

1. Munofiqlarning sifatlari bilan sifatlanib qolishdan qattiq qaytarilganligi.

2. Musulmon inson ulardan saqlanish uchun ham munofiqlarning sifatlarini yaxshi bilib olishi lozimligi.

Bu sifatlar quyidagilardir:

1. Yolg'on gapirish.
Yolg'on – bu voqelikdagi narsaning teskarisini gapirish bo'lib, bu harom amal sanaladi. Imom Navaviy rohimahulloh aytadilar: «Yolg'onning harom ekanligiga Qur'on va Sunnatda bir qancha dalillar kelgan. U eng xunuk gunoh va uyatli ayblardan sanaladi. Uning harom ekaniga ummatning barchasi ittifoq qilgan».

2. Va'daga xilof qilish.
Hadis va'daga xilof qilish ham munofiqlarning alomati bo'lgani uchun harom amal ekanligini bildiradi.

3. Omonatga xiyonat qilish.
Masalan, insonga bir kishi bir narsani omonat topshirib, saqlab turishini so'radi. Omonatni qabul qilgan inson uni ishlatib yursa yoki beparvolik qilib uni saqlamaydigan bo'lsa yuqoridagi hadisga tushib qoladi va omonatga xiyonat qilgan bo'ladi.

4. Hadisda munofiqlarning uchta sifati zikr qilindi.
Bundan munofiqlarning sifati faqatgina shu ekanini tushunib qolmaslik kerak. Chunki, Imom Buxoriy va Muslim Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «To'rt (xislat bor), ular kimda bo'lsa, aniq munofiq bo'libdi. Kimda ulardan bittasi bo'lsa, to uni tashlamagunicha, unda munofiqlikdan bir xislat bo'ladi: omonat topshirilsa, xiyonat qiladi; gapirsa, yolg'on gapiradi; ahdlashsa, ahdni buzadi; janjallashsa, fojirlik qiladi».

Mavzuning avvalida keltirilgan hadisa uch xislat aytilgan bo'lsa, bunda qo'shimcha yana bir xilsat – janjallashsa, fojirlik qilish ham zikr qilinmoqda. «Fojirlik qilish» ni ulamolar haqdan og'ib, yolg'on gapirishga o'tish va taqvosizlik qilish, deb sharhlaganlar. Ulamolar shu va boshqa rivoyatlar hamda oyatlardan xulosa qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam munofiqlarning barcha sifatlarini emas, ba'zisini aytishni iroda qilganlar, deydilar. Chunki, boshqa oyat va hadislarda munofiqlarning boshqa alomatlari ham zikr qilingan. Quyida ularning ham ba'zilarini sanab o'tamiz.

5. Namozga dangasalik va Allohni kam zikr qilish.
Alloh taolo munofiqlarni sifatlab shunday marhamat qiladi:

وَإِذَا قَامُوٓاْ إِلَى ٱلصَّلَوٰةِ قَامُواْ كُسَالَىٰ يُرَآءُونَ ٱلنَّاسَ وَلَا يَذۡكُرُونَ ٱللَّهَ إِلَّا قَلِيلٗا١٤٢

Va qachon namozga tursalar dangasalik bilan, xo'jako'rsinga turadilar va Allohni kamdan-kam yodga oladilar (Niso surasi, 142-oyat).

6. Bomdod va xufton namozlariga erinish, ularga beparvo bo'lish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Munofiqlarga eng og'ir namoz – bomdod va xuftondir» (Muttafaqun alayhi).

7. Yomonlikka buyurib, yaxshilikdan to'sish
Alloh taolo aytadi:
ٱلۡمُنَٰفِقُونَ وَٱلۡمُنَٰفِقَٰتُ بَعۡضُهُم مِّنۢ بَعۡضٖۚ يَأۡمُرُونَ بِٱلۡمُنكَرِ وَيَنۡهَوۡنَ عَنِ ٱلۡمَعۡرُوفِ

Munofiq erkaklar va munofiq ayollar bir-birlaridandirlar (ya'ni, kofirlikda bir-birlariga o'xshaydilar). Ular yomonlikka buyuradilar, yaxshilikdan to'xtatadilar… (Tavba surasi, 67-oyat).

3. Rostgo'ylik va va'daga vafoq qilishning fazilatli amal ekani.
Hadis borasida aytilgan sharhlarning barchasi hadisni tushunish va unga amal qilish uchundir. Shuning uchun ham zamonamiz ulamolaridan Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytganlaridek, hadisning ruhiyatini yo'qotmagan holatda unga amal qilish, munofiqlik alomatlari sanalmish odatlardan qattiq ogoh bo'lish va ularni kichik sanamaslik lozim.

Alloh taolo barchamizni munofiqlarning sifatlariga ega bo'lib qolishdan saqlasin. O'zi va Rasuli maqtagan sifatlarga ega bo'lishga muvaffaq qilsin!

Yahyoxon Boboxonov,
Angren shahar «Qorabog'» jome masjidi
imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   6884   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA