كَانَ ٱلنَّاسُ أُمَّةٗ وَٰحِدَةٗ فَبَعَثَ ٱللَّهُ ٱلنَّبِيِّۧنَ مُبَشِّرِينَ وَمُنذِرِينَ وَأَنزَلَ مَعَهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ بِٱلۡحَقِّ لِيَحۡكُمَ بَيۡنَ ٱلنَّاسِ فِيمَا ٱخۡتَلَفُواْ فِيهِۚ وَمَا ٱخۡتَلَفَ فِيهِ إِلَّا ٱلَّذِينَ أُوتُوهُ مِنۢ بَعۡدِ مَا جَآءَتۡهُمُ ٱلۡبَيِّنَٰتُ بَغۡيَۢا بَيۡنَهُمۡۖ فَهَدَى ٱللَّهُ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لِمَا ٱخۡتَلَفُواْ فِيهِ مِنَ ٱلۡحَقِّ بِإِذۡنِهِۦۗ وَٱللَّهُ يَهۡدِي مَن يَشَآءُ إِلَىٰ صِرَٰطٖ مُّسۡتَقِيمٍ٢١٣
213. Insonlar bir millat edilar. Keyin Alloh xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi payg'ambarlarni yubordi, ularga odamlar orasidagi ixtiloflar haqida hukm qilish uchun haq Kitobni tushirdi. Ochiq-oydin hujjat kelganidan keyin ham Kitob berilganlar hadlaridan oshib, ravshan oyatlar haqida talashib-tortishishdi. Alloh O'z izni bilan mo'minlarni tortishgan narsalarida hidoyatga yo'lladi. Alloh xohlagan bandasini to'g'ri yo'lga hidoyat qiladi.
Odam alayhissalom va Momo Havo dunyoga kelishganidan keyin bir farzand tug'ilsa, ikkovlari unga Haq dinni o'rgatishar edi. Shu tarzda hamma bir dinda hech ixtilofga bormay yashashda davom etdi. Avlodlar ko'paygach, har qaysisi alohida mizoj va tabiatda tug'ildi, o'rtalarida kelishmovchiliklar paydo bo'ldi, aqida va amalda ular bir-birlari bilan tortisha boshlashdi. Keyin Alloh taolo shu ixtiloflarni oradan ko'tarish va to'g'ri yo'lni ko'rsatish uchun payg'ambarlarni yubordi. Ular izdoshlariga Alloh hukmlarini etkazishar, inkor etuvchilarni azob va jazo bilan qo'rqitishar edi. Parvardigorning O'zi ular o'rtasidagi kelishmovchilik-tortishuvlar xususida hukm qilishi uchun payg'ambarlar bilan birga samoviy Kitoblar ham tushirdi. Alloh taolo bunday degan: "Darhaqiqat, Biz insonni imtihon qilib, aralash bir nutfadan yaratdik. Uni eshituvchi va ko'ruvchi qilib qo'ydik. Darhaqiqat Biz uni xoh u shukr qiluvchi (musulmon) bo'lsin, xoh noshukr (kofir) bo'lsin, yo'lga yo'lladik. Biz kofirlar uchun zanjirlar va o't-olov tayyorlab qo'yganmiz" (Inson, 2-4). Haqiqatda Haq din ustida tortishuvchilar o'sha Kitob tushirilgan jamoa (ahli kitoblar) edi, ular ochiq-oydin dalillarni ko'ra-bila turib ham yana ixtilofga borishdi.
أَمۡ حَسِبۡتُمۡ أَن تَدۡخُلُواْ ٱلۡجَنَّةَ وَلَمَّا يَأۡتِكُم مَّثَلُ ٱلَّذِينَ خَلَوۡاْ مِن قَبۡلِكُمۖ مَّسَّتۡهُمُ ٱلۡبَأۡسَآءُ وَٱلضَّرَّآءُ وَزُلۡزِلُواْ حَتَّىٰ يَقُولَ ٱلرَّسُولُ وَٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ مَعَهُۥ مَتَىٰ نَصۡرُ ٱللَّهِۗ أَلَآ إِنَّ نَصۡرَ ٱللَّهِ قَرِيبٞ٢١٤
214. Yoki ilgari o'tganlarga kelgan narsa sizlarga kelmay turib jannatga kiramiz, deb o'ylayapsizlarmi? Ularga balo va musibat etib, shunday larzaga tushishdiki, hatto Payg'ambar va mo'minlar: "Allohning yordami qachon kelarkin?" deyishdi. Ha, ogoh bo'lingki, Allohning yordami albatta yaqindir!
Oldingi payg'ambarlar va ummatlarga dushman tarafidan turli kulfat va aziyatlar etganida ular sabr qilishgan edi, bu ummat ham ularday bo'lishi lozim. Mehnat va mashaqqat chekmay jannatni orzu qilish nomunosib ishdir. Abu Mulayka bunday degan edi: "Ibn Abbos roziyallohu anhumo: "Hatto o'tgan payg'ambarlar noumid bo'lishib" dedilar-da, Yusuf surasining "Bizlar yolg'onchi bo'ldik, deb gumon qila boshlashganida..." mazmunidagi 110-oyatini o'qidilar, unga Baqara surasining quyidagi: "hatto Payg'ambar va mo'minlar: "Allohning yordami qachon kelarkin?" deyishdi" oyatini ulab tilovat qildilar. Ogoh bo'lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir", deb javob qildilar. So'ng men Urva ibn Zubayr bilan uchrashganimda unga shu gapni aytdim" (Buxoriy rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.