Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Sentabr, 2025   |   1 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:11
Peshin
12:20
Asr
16:31
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
23 Sentabr, 2025, 1 Rabi`us soni, 1447

Qor parchasi – mo''jiza

19.11.2020   7502   7 min.
Qor parchasi – mo''jiza

Qishda qor yog'ishini tomosha qilish zavqli ish. To'g'rimi? Hamma joy oppoq qorga burkanadi, atrof musaffo, havo top-toza, uchib-uchib tushayotgan qor parchalariga qo'lingizni tutsangiz, kaftingizga qo'nib erib ketadi.

Biz qorni uch yoki to'rt ko'rinishda tasavvur qilamiz: mayda qor. Qor maydalab yoqqanda qattiq sovuq bo'ladi, odamning xayoliga osmonda qor tugab qolayotgandek, ana shu qor oxirgisidek tuyiladi; o'rtacha qor, bu qor yoqqanda havo mo''tadil bo'ladi, suyakkacha o'tib ketadigan sovuq bo'lmaydi; laylak qor. Bu qor hammaning jonu dili. Ammo u uzoq vaqt yog'maydi va havo harorati ham yoqimli bo'ladi; shilta qor. Bu yomg'ir aralash yog'adigan qor. Bunda ham havo xiylagina sovuq bo'ladi.

Demak, bilganlarimiz shu to'rt xil qor ekan. Ularni hajmiga qarab ajratamiz. Ammo Alloh taoloning musavvirligini qarangki,  ushbu qor zarralarining birortasi boshqa biriga o'xshamaydi va ularning har biri alohida san'at asaridir.

Olimlarning ta'kidlashicha, er yuzini butkul qor qoplasa ham hech bir qor zarrasiga boshqasiga o'xshamaydi.

Amerikalik tadqiqotchi olim Vil'son Bentley 50 yil davomida olib borgan kuzatishlari natijasida 1985 yil shunday xulosaga keldi. Qor zarrasini suratga tushirishni san'at darajasiga ko'targan olim umrining yarmini shu ishga sarf etdi.

Har bir qor zarrasi osmondan tushgan mukammal san'at asaridir. Ana shu bir dona qor zarrasining o'ziyoq inson zotiga Buyuk Yaratuvchini tanishga kifoya qiladi. Ya'ni, Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir» (Nahl surasi, 11-oyat).

Qorning mo''jizasi shu bilan tugamaydi. Har yili qishda tog'larda muz zaxirasi yig'iladi. Muz qalin bo'lishi uchun qor ko'p yog'ishi kerak. Agar tog'lar me'yorida muz zaxirasini to'plab ololmasa, o'sha yili daryolarning suvi kam bo'ladi. Shuningdek, yaylovlarga va dalalarga ham qor ko'p yog'sa, o'sha bahorda o't-o'lan mo'l bo'ladi, ekin-tikin barakali bo'ladi.

Alloh taolo muborak Kalomida: «U osmondan suv nozil qilgan Zotdir. Bas, u (suv) ila turli nabototlar chiqardik. Undan yashil giyohlarni chiqardik. Undan g'ujum-g'ujum boshoqlar chiqaramiz. Va xurmodan, uning novdalaridan yaqin shingillar chiqaramiz va uzum bog'lari chiqaramiz. Bir-biriga o'xshagan va o'xshamagan zaytun va anorlarni chiqaramiz. Uning meva qilish paytidagi mevasiga va pishishiga nazar soling. Albatta, bunday narsalarda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-belgilar bordir» (An'om surasi, 99-oyat), deb marhamat qilgan.

Bundan ayon bo'ladiki, qish faslining qahratoni va qor-yomg'irlari bizning bahorimizni, yozimizni, kuzimizni serob qilish uchun ekan. Biz esa ana shu g'animat faslda Qur'oni karimni mutolaa qilaylik, zikrni ko'paytiraylik, amri ma'ruflar, nahyi munkarlar eshitish uchun muhtaram olimlarimizning suhbatiga borib fayz olaylik. Do'stlarni ziyorat qilib iymonlashaylik. Zotan, ulug'larimizning tavsiyalari ham shu o'zi.

Qur'oni karimni qanchalik ko'p o'qisak, qalblarimiz shifo topadi, ko'nglimiz rohatlanadi, ko'zimiz ravshanlashadi, xotiramiz mustahkam bo'ladi. Qalb shifo topsa, tananing boshqa a'zolari ham sog'lom bo'lishi mashhur hadisda vorid bo'lgan. Yana bir hadisi sharifda Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Temirga suv tegsa zanglaydi. Huddi shunga o'xshab qalblarni ham zang bosadi”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, uning jilosi nima?” deb so'raldi. U zot: “O'limni ko'p eslash, Qur'on o'qish”, deya marhamat qildilar (Bayhaqiy, Abu Nuaym Quzoiy rivoyat qilgan Jaloliddin Suyutiy bu rivoyatni “Jomeul ahodis”da, Muttaqiy  Hindiy “Kanzul ummol”da keltirgan)

Imom Ahmad ibn Hanbal aytadi: “Tushimda Alloh azza va jallani ko'rdim. Undan: “Yo Rabbim, bandalaring Senga qurbat hosil qiladigan eng afzal amal qaysi?” deb so'radim. U Zot: “Ey Ahmad, Mening Kalomim bilan (qurbat hosil qiladilar)”, dedi. Men: “Parvardigorim, ma'nosini tushunsalarmi ѐki tushunmasalar hammi?” dedim. Shunda Alloh: “Ma'nosini tushunsalar ham, tushunmasalar ham”, deb marhamat qildi” (Ibn Qudoma. Muxtasaru minhojil qosidin).

Yog'ayotgan qor parchalari, tunlarning quyuqligi biz bandalarga ana shu hikmatlarni eslatib, ibodatga mahkam bo'lishimizga undaydi.

 

Fotograf Aleksey Kljatov ham ko'p yillardan beri qor parchalarining yirik planli suratlarini tasvirga tushirish bilan shug'ullanadi. U doimiy ravishda o'z rasmlarini Flickr resursiga joylab keladi. “Men uyimning ochiq ayvonida LED chirog' bilan yoritilgan shisha ustiga tushayotgan qor parchalarini suratga olaman. Ba'zida esa tabiiy yorug'lik hamda fon sifatida qora tolalardan foydalanaman”, deb yozadi u.

Quyida Aleksey tasvirga olgan qor parchalaridan namunalar keltirildi:

 O'MI matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Har narsa ko‘ringanidek emas

22.09.2025   2540   1 min.
Har narsa ko‘ringanidek emas

Er-xotin havonot bog‘ida yurardi. Maymunlar yonidan o‘tayotganlarida ayoli urg‘ochi maymunga parvona bo‘layotgan erkak maymunni ko‘rib:

– Qarang, qanday g‘amxo‘r, mehribon ekan, – dedi.

Eri unga bir jilmayib indamay qo‘yaqoldi.

Keyin ular sherlar qafasi yonidan o‘tishdi. Erkak sher bir chetda beparvo yotar, urg‘ochisi undan uzoqda edi. Ayol eriga yana:

– Qarang, anavi sher ayolidan uzoqda, loqayd yotibdi. Oilasiga g‘amxo‘r emas, shekilli, – dedi.

Shunda er ayoliga:

– Qani, urg‘ochi sherga biror narsa uloqtirib ko‘r-chi? – dedi.

Ayol bir kichkina cho‘pni urg‘ochi sherga qarata uloqtirdi. Shunda erkak sher tezda o‘rnidan turib, vajohat bilan ayolini himoya qilish uchun ayolga tomon yugurib qoldi. Uning vajohatidan qo‘rqib ketgan ayol erining ortiga o‘tib oldi.  Er ayolini yetaklab maymunlar tomon yurdi va unga:

– Endi maymunlarga ham biror narsa uloqtir-chi? – dedi. Ayol yana bir cho‘pni olib achomlashib o‘tirgan maymunlarga qarata otdi. Shunda erkak maymun o‘zini jonini saqlash maqsadida daraxt tepasiga qarab qochib qoldi.

Erkak ayoliga qarab bunday dedi:

– Ko‘rdingmi, xotin, hamma narsa ham ko‘ringani kabi bo‘lavermaydi.

Darhaqiqat, ko‘pchilikni ko‘p narsalarning zohiri aldab qo‘yadi. Ammo ba’zan biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan narsalar aslidan boshqacha bo‘lib chiqishi ham mumkin. Yolg‘on ko‘ringan narsa esa ba’zida rost bo‘lib chiqishi mumkin. Shunday ekan, xulosa qilishga shoshilmaylik.

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar