سَلۡ بَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ كَمۡ ءَاتَيۡنَٰهُم مِّنۡ ءَايَةِۢ بَيِّنَةٖۗ وَمَن يُبَدِّلۡ نِعۡمَةَ ٱللَّهِ مِنۢ بَعۡدِ مَا جَآءَتۡهُ فَإِنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلۡعِقَابِ٢١١
211. Bani Isroildan ularga qanchalab ochiq dalillarni berganimizni so'rang. Kim Alloh ne'matlari kelganidan keyin ularni o'zgartirsa, Alloh albatta qattiq jazo beruvchidir.
Alloh taolo tarixda shakkokligi va itoatsizligi bilan mashhur bo'lgan Bani Isroil qavmini hidoyatga yo'llash uchun ularga juda ko'p mo''jizalarni, ochiq-oydin dalil-isbotlarni ko'rsatib qo'ydi. Masalan, ularga yuborilgan payg'ambar Muso alayhissalomga ato etgan mo''jizalarning o'zi bir nechadir: u kishi qo'llarini qo'ltiqlariga tiqib olsalar, ko'rganni xushnud etadigan darajada oppoq bo'lib chiqar edi; Fir'avn sehrgarlarini mag'lub etish uchun hassalarini erga tashlaganlarida u ilonga aylanib, sehrgarlarning ilonlarini yutib yubordi; Muso alayhissalom hassalari bilan xarsang toshga ursalar o'n ikki buloq otilib chiqib, tashnalikda qolgan qavm suvga serob bo'ldi. Alloh taolo qavmning o'zini ham butun tarixi davomida turli ne'matlar, imtiyozlar bilan siylagan: qattiq issiqdan himoya qilish uchun ular ustiga bulutlarni soya tashlash uchun yuborgan, osmondan shirinlik va bedana go'shti tushirib turgan, fir'avn askarlari o'ldirish maqsadida ta'qib qilib, etay deb qolganida dengizni ikkiga bo'lib, ularni qutqargan va hokazo. Ammo itoatsiz qavm shuncha ne'matlarga shukr qilmadi, hidoyat yo'lidan yurmadi. Bani Isroilga o'xshab insonlar Alloh hukmidan chekinguday bo'lishsa, Islomga Alloh buyurganiday to'laligicha kirishmasa, ularni og'ir musibat kutib turibdi. Alloh taolo bergan imon va ilmni o'zgartirib, insonlarni haq yo'ldan adashtiruvchilar esa, Alloh azza va jallaning qattiq azobiga uchrashlari aniq!
زُيِّنَ لِلَّذِينَ كَفَرُواْ ٱلۡحَيَوٰةُ ٱلدُّنۡيَا وَيَسۡخَرُونَ مِنَ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْۘ وَٱلَّذِينَ ٱتَّقَوۡاْ فَوۡقَهُمۡ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِۗ وَٱللَّهُ يَرۡزُقُ مَن يَشَآءُ بِغَيۡرِ حِسَابٖ٢١٢
212. Kofirlargadunyohayotiziynatlabqo'yildi, ularmo'minlarnimasxaraqilishadi. Holbukitaqvodorlarqiyomatkuniulardanustundir. Allohxohlaganigabehisobrizqberur.
Kufr keltirganlar imonsiz bo'lgani uchun ham dunyo hayotiga qattiq ko'ngil qo'ygan. Ular bu borada mo'minlar ustidan kulib yurishadi, ularni dunyo hayotidan zavqlana olmaslikda, berilgan imkoniyatlardan foydalanmaslikda ayblab, masxara qilishadi. Chunki imondan yiroq kimsalarga dunyo hayoti chiroyli ko'rsatib qo'yilgan. Ular berilgan umrni faqat ayshu ishratda, ko'ngilxushliklarga ko'milib o'tkazishni istashadi. Ular hayot mazmunini bazmi-jamshidlar, ichimliklar, buzuqliklar, g'aroyib ko'ngilochar ishlar, rohat-farog'at, lazzatlarda deb bilishadi. Din va e'tiqodni ortiqcha ish sanashadi.
Bularning hammasi havoyi nafsga qullikdan, ikki dunyoda ham baxtsiz bo'lishdan boshqa narsa emas! Qorning ochmay turib, aslo to'ya olmaysan, to'yib ovqat esang seni besaranjomlik, jizzakilik, shuningdek loqaydlik va bo'shashuvchilik bosadi. Nahotki ayolning og'ushi barqaror baxt bo'la olsa? Qalb va hirs hech qachon barqaror bo'la olmaydi. Ma'shuqalar maqtov va xushomadga, sovg'a va hurmat-e'tiborga o'ch bo'lishadi. Sevishganlar qo'shilgach, bir-birlaridan hafsalasi pir bo'lib, ko'ngli soviydi. Bu muhabbatni baxtli deb hisoblay olmaymiz. Chunki ularning har biri boshqasini oxirigacha tanib, u haqda o'ylagan xayollari, orzu-umidlari chilparchin bo'lgach, undagi komil joziba bir zumda g'oyib bo'ladi. Shu kabi haddan tashqari badavlat bo'lish ham mol-mulkka qul bo'lish emasmi? Inson o'zini mol-mulk xizmatiga topshirib, faqat uni to'plash va yiqqanini asrash bilan ovora bo'lib qolganda o'z boyligining quliga aylanib, bir qurol bo'lib qolmaydimi? Har qanday boylik va mol-dunyo insonga vaqtinchalik berib qo'yilganini, unga qalbdan muhabbat qo'yish katta kulfat keltirishini aslo esdan chiqarmaslik kerak. Bu kabi kimsalar haqida Qur'oni karim bunday deydi: "Kofirbo'lgankimsalaresa (manashuhayotidunyoningo'tkinchilazzatlaridan) foydalanib, chorvahayvonlariegandekeb-ichurlarvado'zaxularningjoylaribo'lur" (Muhammad, 12). Ko'ngil xotirjamligi, odamlar o'rtasidagi, inson va Alloh o'rtasidagi kelishuv, mana shular haqiqiy baxt-saodat emasmi? Bu farog'at, ruhiy taskin, kelishish inson o'z kuchini, mol-mulkini boshqalar xizmatiga sarflagandagina chinakamiga amalga oshgan bo'ladi. U ezgu niyatlar va harakatlar bilan ezgu hayot kechirsagina bunga erishadi. U Alloh bilan ibodat va itoat vositasida mahkam bog'lansagina Alloh uning xotirjamligi va farog'atini ko'paytirib qo'yadi, yordamini va berayotgan atolarini ziyodalashtirib qo'yadi. Imondan tashqarida bu baxt bo'lishi mumkinmi?
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari