Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
«Isro» (الإسراء) Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni kechaning bir bo'lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.
«Me'roj» (المعراج) esa, Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya'ni, O'zining Huzuriga ko'tarishidir.
Ma'lumki, butun olamlarning Parvardigori Alloh taolo hamma narsadan oliy, ustun va yuksakdir.
Hikmati
Bu mo''jizaviy safarning hikmatlari ko'p bo'lib, bu haqda Alloh taolo Isro surasining 1-oyatida: «...unga (ya'ni, Muhammad alayhissalomga) O'z mo''jizalarimizni ko'rsatish uchun...» [1] deb, marhamat qilgan.
Shunday ham bo'ldi: «Darhaqiqat, u (Muhammad alayhissalom) Parvardigorining buyuk mo''jizalarini ko'rdi» (Najm surasi, 18-oyat).
Allohning huzurida «mehmon» bo'lish mushriklarning aziyatlari cho'qqiga chiqqan bir paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga katta tasalli bo'ldi. Bu ish tufayli u zotning ko'ngillaridan tushkun kayfiyat aridi, umid niholi gurkiradi.
Ayni choqda, bu voqea musulmonu kofir uchun sinov imtihoni ham bo'ldi. Bu imtihondan barcha sahobalar o'tishdi, kofir, mushriklar esa yana dog'da qolishdi.
Tafsiloti
Jumhur ahli sunna val jamoa ulamolari Isro va Me'roj hodisasining Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar bo'lganlaridan keyin, Makka davrida, hijratdan sal oldin, islom da'vati quvg'in bilan muvaffaqiyat o'rtasida turgan bir paytda, uyg'oq hollarida, ruh va tanalari bilan, Jabroil farishta hamrohligida, Buroq nomli mo''jizaviy ulovda, kechaning bir bo'lagida, bir marta yuz berganiga ittifoq qilishgan.
Besh vaqt namoz Isro kechasi Me'rojda farz qilinganiga barcha ulamolar yakdildirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari payg'ambarlikning 14-yili, rabiul avval oyining boshida, u zot qamariy hisobda 53 yoshga to'lganlarida (milodiy 622 yil sentyabr oyi o'rtalarida) bo'lganiga ham barcha ulamolar ittifoq qilishgan.
Vaqti
Isro va Me'roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo'q. Ammo qachon sodir bo'lgani haqida turlicha qarashlar bor. Quyida ularni birma-bir ko'rib chiqamiz:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar bo'lishlaridan oldin (bu rivoyat shozz [3] bo'lib, Sharik ibn Abu Namir tarafidan sodir etilgan xato ekaniga barcha muhaddislar ittifoq qilishgan[4]);
– payg'ambarlikning birinchi yili (imom Tabariy ixtiyor qilgan);
– payg'ambarlik kelganidan bir yilu olti oy keyin (Imom Zahabiyning ushbu qavli haqida Abu Umar ibn Abdul Barr: «Men Zahabiydan boshqa bu gapni aytgan birorta siyrat olimini bilmayman», degan [5]);
– payg'ambarlik kelganidan besh yil o'tib (qozi Iyoz naqli);
– payg'ambarlik kelganidan etti yil keyin (Zuhriyning bir qavli);
– payg'ambarlikning o'ninchi yili (Muhammad Sulaymon Mansurfuriy ixtiyor qilgan);
– hijratdan uch yil oldin (Ibn Asiyr naqli);
– hijratdan bir yilu olti oy oldin, ramazon oyida (Voqidiy rivoyati);
– hijratdan bir yilu besh oy oldin, shavvol oyida (Movardiy qavli hamda, Suddiydan Tabariy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan);
– hijratdan bir yilu to'rt oy oldin, zulqa'da oyida (Suddiy va Muqotillarning bir qavli);
– hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida (Ibn Foris naqli);
– hijratdan bir yilu ikki oy oldin, muharram oyida (Ibn Abdul Barr naqli);
– hijratdan bir yil oldin, rabiul avval oyida (ko'pchilik roviylar rivoyati, jumladan: Ibn Abbos, Ibn Mas'ud, Ibn Umar, Anas, Jobir, Oisha, Ummu Salama, Ummu Honilardan rivoyat qilingan (Alloh hammalaridan rozi bo'lsin). Qatoda, Urva ibn Zubayr, Muso ibn Uqba, Ibn Qutayba, Bayhaqiy, Ibn Sa'd, Ibn Asokir, Ibn Mardavayh, Hofiz Ibrohim Harbiylar rivoyat qilishgan (Alloh hammalarini rahmatiga olsin). Muqotil va Zuhriylarning bir qavli);
– hijratdan sakkiz oy oldin, rajab oyida (Abul Faraj ibn Javziy naqli);
– hijratdan olti oy oldin, ramazon oyida (Hofiz Abu Rabi' ibn Solim naqli).
Qaysi kunda ro'y bergani xususidagi fikrlar ham xilma-xildir
– 12-rabiul avval (Jobir va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumlar qavli);
– 17-rabiul avval (Ibn Umar, Oisha, Ummu Salama va Ummu Honi roziyallohu anhumlar qavli);
– 27-rabiul avval (Hofiz Ibrohim Harbiy qavli);
– Rajab oyining birinchi juma kechasi [6] (roviyi noma'lum);
– 10-rajab (Qays ibn Abbod rivoyati);
– 25-rajab (roviyi noma'lum);
– 27-rajab (Qosim ibn Muhammad rivoyati);
– 17-ramazon (Ibn Sayyidinnas naqli);
– 29-ramazon (roviyi noma'lum).
Tahqiq (haqiqatini aniqlash)
Isro va Me'roj hodisasining qachon yuz bergani haqida birorta ham sahih hadis yoki sahobalardan sahih asar yo'qligini, shu sababli muhaqqiq ulamolarimiz ko'p va xo'b bahslar olib borishganini, natijada, ma'lumotlarni «tarjih» [7] qilishganini (ya'ni, haqiqatga yaqinini aniqlashganini) aytib o'tmoqchimiz.
Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy: «Sahih qavlga ko'ra [8] Abu Tolib payg'ambarlikning o'ninchi yili rajab oyida, Hadicha roziyallohu anho ham shu yili ramazon oyida vafot etishgan. Bu paytda hali besh vaqt namoz farz qilinmagan edi. Islom ummati besh vaqt namoz Isro kechasi farz qilingani xususida ijmo' qilgan. Isro surasining siyoqi-oqimi Isro hodisasining juda kech (ya'ni, Makka davrining oxirgi yillarida) yuz berganiga dalolat qiladi. Natijada, biz Isro hodisasi (payg'ambarlikning 12-yili, haj mavsumida bo'lib o'tgan) «Birinchi aqaba bay'ati»dan sal oldinroq bo'lgan yoki (birinchi aqaba bay'ati bilan payg'ambarlikning 13-yili, haj mavsumida bo'lgan) «Ikkinchi aqaba bay'ati» orasida bo'lgan, degan fikrga keldik, yana Alloh biluvchiroq» degan [9].
Hofiz Ibn Foris Asbihoniy Isro voqeasining hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida bo'lganiga jazm qilgan (ishonch hosil qilgan va bir to'xtamga kelgan edi) [10].
Shayx Muhammad Abu Zahra: «Isro va Me'roj hodisasi yigirma ettinchi rajabda bo'lgan, degan fikr sahih bo'lmagan xabar ila kelgandir. Ba'zi odamlar bu oy-kunni rost-to'g'ri deb qabul qilishganining guvohi bo'ldik. Biz buni aniq ishonch hosil qilmagan va bir to'xtamga kelmagan holdagina qabul qilamiz. Sababi, roviylar yana Isro va Me'roj hodisasining hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lganiga ittifoq qilishgan», deydi [11].
Imom Navaviy bu xususda ikki xil fikrni keltirgan. «Ravzatut tolibin» kitobida: «Isro va Me'roj hodisasi rajab oyining yigirma ettinchi kechasi bo'lgan», desa, «Fatovo»kitobida [12]: «Rabiul avval oyida bo'lgan», deydi.
Rajab oyining yigirma ettinchi kechasi bo'lgani haqidagi rivoyatni Abdul G'aniy Maqdisiy ixtiyor qilgan. Ammo hofiz Abu Ishoq Ibrohim Harbiy uni inkor etgandir [13], qolaversa, barcha muhaddis ulamolar rivoyatning sahih emasligini bir ovozdan ta'kidlashgan.
Alloma Abu Shoma Maqdisiy [14], imom Abul Hattob Umar ibn Dihya[15] kabi olimlar: «Isro va Me'roj hodisasi rajab oyida bo'lgani haqidagi rivoyat ta'dil va tarjih ulamolari nazdida kizbdir», deyishgan.
Rajab oyining birinchi juma kechasi bo'lgani haqidagi rivoyatni alloma Ibn Kasir: «Asli-asosi yo'q», degan [16].
Hulosa
Jobir bilan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rabiul avval oyining dushanba kuni ham tug'ilganlar, ham vahiy u zotga rost tush orqali kela boshlagan, ham Me'rojga chiqqanlar, ham Madinaga hijrat qilganlar, ham vafot etganlar» [17].
«Ibn Asiyr Jazariy: «Isro voqeasining dushanba kuni bo'lgani mening nazarimda sahihdir», degan. Ibn Munir ushbu gapni ixtiyor qilgandir» [18].
Abul Barakot Nasafiy: «Isro hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo'lgan», deydi [19].
Shayx Alouddin Mansur: «Isro Payg'ambar alayhissalom Madinaga hijrat qilishlaridan bir yil ilgari voqe bo'lgan», degan [20].
Doktor Ahmad Abu Zayd [21] bilan doktor Abdul Aziz Usmon Tuvayjiriy [22]: «Arjah (haqiqatga yaqinroq) so'zga ko'ra, besh vaqt namoz hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) Isro va Me'roj kechasi farz qilingan», deyishadi.
Mulla Ali qori ibn Muhammad Sulton Hanafiy: «Isro hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Ibn Asiyr: «Mana shu sahihdir», degan», deydi [23].
Shayx Ali Noyif Shahhud: «Isro va Me'roj hodisasi ko'pchilik va muhaqqiq ulamolarning so'zlariga ko'ra, hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Tadqiqot va mushohada qilinsa ham, Isro va Me'roj hodisasi rabiul avvalda bo'lganiga ishonsa bo'ladi», deydi [24].
Qozi Iyoz: «Bir emas, bir qancha olim Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) yuz berganini aytgan», deydi [25].
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: «Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Bu ko'pchilik ulamolarning so'zidir. Hatto Ibn Hazm bu borada mubolag'a qilib, ijmo'ni naql qilgan», deydi [26].
Imom Bag'aviy: «Me'roj hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo'lganiga ilm ahli ittifoq qilgan», deydi [27].
Demak, Isro va Me'roj voqeasi hijratdan bir yil oldin, payg'ambarlikning 13-yili rabiul avval oyida, dushanba kuni bo'lgani «rojih» (haqiqatga yaqin)dir. Bu vaqt milodiy 621 yilning sentyabr' yoki oktyabr' oyiga to'g'ri keladi.
O'shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qamariy 52 yoshga to'lgan edilar.
Alloh taolo O'zining buyuk hikmati ila bu hodisaning aniq vaqtini Qadr kechasi kabi unuttirdi!
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: «Isro kechasida «rag'oib» namozini o'qish o'ylab topilgan bo'lib, uning asli-asosi yo'q», deydi [28].
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari: «Isro kechasi to'planib, ilmiy suhbatlar o'tkazish keyingi davrlarda yuzaga chiqqan. Ba'zi ahli ilmlar mazkur ulug' hodisani yodga olish bilan birga ko'pchilikka uning ahamiyatini eslatish va dinu diyonat yo'lida va'zlar qilishni musulmonlar uchun foydali deb bu ishni o'tkazishgan. Isro kechasidagi alohida namozlar va boshqa narsalar hujjatsiz ishlardir», deydilar [29].
Abdul Azim Ziyouddin
_______________________________________
[1] Isro surasi 1-oyat.
[2] Najm surasi 18-oyat.
[3] Abu Ya'lo Haliliy «shozz» so'ziga quyidagicha ta'rif bergan: «Shozz» rivoyatning bor-yo'g'i bitta isnodi bo'lib, roviyi ishonchli bo'ladimi, bo'lmaydimi farqi yo'q. Agar ishonchsiz bo'lsa, rivoyati «matruk» bo'lib, qabul qilinmaydi. Roviyi ishonchli bo'lsa, o'zida to'xtaydi va rivoyati hujjatga yaramaydi» (Shayx Abdul Karim ibn Abdulloh Huzayr, «Sharhun nuxba» 1/56).
[4] Abu Hayyon Andalusiy, «Al-bahrul muhit» (6/2); Alouddin Bag'dodiy, «Tafsirul Hozin» (4/134).
[5] «At-tamhid lima fil muvattoi minal ma'oniy val asonid» (8/48).
[6] Bu kechani «Rag'oib kechasi» deyishadi.
[7] «Tarjih» – ma'lumotlar ichidan kuchli, vazni og'ir, ehtimoli ko'p va haqiqatga yaqinini aniqlash.
[8] Olusiy tafsiri, (23/46).
[9] «Ar-rahiqul maxtum».
[10] «Tafsiri Olusiy», (Alaq surasi tafsiri).
[11] «Hotamun nabiyyin» (2/94), «Zuhratut tafosir» (1/4322).
[12] Ibn Hajar Asqaloniy, «Fathul Boriy», 7-juz; Muhammad Sayyid Tantoviy, «At-tafsirul vasit» (1/2590); Muhammad ibn Yusuf Solihiy, «Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod» (3/65).
[13] Hofiz ibn Rajab, «Latoiful ma'orif», (233).
[14] «An-nofe'ul bo'is», 116.
[15] «Adou ma vajab min bayoni vaz'il vazzo'iyna fi rajab» (53-bet).
[16] «Al-bidoya van nihoya», 3/107.
[17] Abu Bakr ibn Abu Shayba rivoyati; Ibn Kasir, «Al-bidoya van nihoya» (3/107).
[18] Olusiy tafsiri (10/357).
[19] «Tafsirun Nasafiy» (Isro surasi 1-oyat tafsiri).
[20] «Qur'oni karim – o'zbekcha izohli tarjima», Isro surasi 1-oyat izohi.
[21] «As-siyratun nabaviya» (1/73).
[22] «As-siyratun nabaviya» (1/56).
[23] «Sharhun nuqoya» (1/180).
[24] «As-siyratun nabaviya durusun va 'ibarun» (1/461).
[25] «Ash-shifo bi ta'rifi huquqil Mustafo» (1/180).
[26] «Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy», «Me'roj» bobi.
[27] «Tafsirul Bag'aviy» (5/64).
[28] «Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy» (6/115).
[29] «Zikr ahlidan so'rang», 7-son.
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan