ٱلۡحَجُّ أَشۡهُرٞ مَّعۡلُومَٰتٞۚ فَمَن فَرَضَ فِيهِنَّ ٱلۡحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي ٱلۡحَجِّۗ وَمَا تَفۡعَلُواْ مِنۡ خَيۡرٖ يَعۡلَمۡهُ ٱللَّهُۗ وَتَزَوَّدُواْ فَإِنَّ خَيۡرَ ٱلزَّادِ ٱلتَّقۡوَىٰۖ وَٱتَّقُونِ يَٰٓأُوْلِي ٱلۡأَلۡبَٰبِ١٩٧
197. Haj vaqti ma'lum oylardir, kim ularda hajni qasd etsa, haj paytida shahvoniy ishlar, gunoh va janjal-tortishishdan saqlansin. Qanday yaxshi amal qilsangiz ham Alloh biladi. Ozuqa g'amlab olinglar, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Ey oqillar, azobimdan qo'rqinglar!
Haj ibodati Ibrohim alayhissalom davrlaridan buyon ado etib kelinadigan ulug' ibodatlardan, Islomning beshinchi ruknidir. Shavvol, zul-qa'da va zul-hijja oyining dastlabki o'n kuni haj vaqtidir. Haj yo umra uchun niyat bilan ehromga kirgan kishi xotini bilan jinsiy yaqinlik yoki unga olib boruvchi shahvoniy so'z va harakatlardan, gunoh ishlardan, hamrohlari bilan tortishib-janjallashishdan o'zini mutloq tiyishi lozim. Bu yaramas ishlar hajdan boshqa paytlari ham musulmonlarga munosib emas, ammo haj paytida bunday ishlarni qilish o'ta qabihlik sanaladi. Inson gunohlaridan poklanish, Alloh mag'firatidan umidvor bo'lib haj qilsayu, ammo yana gunoh ishlarga yo'l qo'yishi aqlsizlikning o'zginasidir.
Alloh taolo qilgan har bir yaxshiligingizni bilib turadi, mukofotini to'liq qilib beradi. Shunday ekan, haj paytida fursatni qo'ldan bermay ko'proq yaxshilik qilishga shoshilinglar. Yana haj safariga chiqqanda yo'l tadorikini ko'ringlar, etarli ozuqalaringizni g'amlab olinglar, toki hamsafarlaringizga og'irligingiz tushmasin. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Yaman xalqi hajga ozuqa olmay kelar, "biz tavakkul qiluvchilarmiz" der edi. Makkaga kelgandan so'ng odamlardan tilanchilik qilishga tushishardi" (Buxoriy rivoyati). Boshqa bir rivoyatda kelishicha, yamanliklar: "Baytullohni haj qilamizu Alloh bizni och qo'yarmidi", deyishar ekan. Bularning ishini rad etib ushbu oyati karima nozil bo'lgan. Ammo shuni bilib qo'yinglarki, ma'naviy-ruhiy ozuqa hisoblanmish taqvodorlik (Allohdan qo'rqish) eng yaxshi ozuqadir. Kim taqvoli bo'lsa, har bir amalida Alloh roziligini istasa, unga safar mashaqqatlari oson kechadi. Tilanchilikdan saqlanishda hoji uchun a'losi parhezdir.
لَيۡسَ عَلَيۡكُمۡ جُنَاحٌ أَن تَبۡتَغُواْ فَضۡلٗا مِّن رَّبِّكُمۡۚ فَإِذَآ أَفَضۡتُم مِّنۡ عَرَفَٰتٖ فَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ عِندَ ٱلۡمَشۡعَرِ ٱلۡحَرَامِۖ وَٱذۡكُرُوهُ كَمَا هَدَىٰكُمۡ وَإِن كُنتُم مِّن قَبۡلِهِۦ لَمِنَ ٱلضَّآلِّينَ١٩٨
198. Parvardigoringizdan rizq talab qilish sizlarga gunoh emasdir. Arafotdan qaytganingizda Mash'arul-Haromda Allohni zikr qilinglar. Ilgari adashganlardan bo'lsangiz-da, sizlarni hidoyatga boshlagani uchun Uni zikr qilinglar.
Haj kunlarida va haj safarida tijorat qilish joiz, asl niyat haj bo'lganidan keyin tijorat yo kirakashlik vositasida Allohdan rizq talab etish gunoh bo'lmaydi. “Mash'arul-Harom” esa Muzdalifadagi bir tog'ning nomi. Arafotdan qaytgandan keyin o'sha tog' ustida va Muhassar vodiyidan tashqari Muzdalifaning hamma erida bir muddat turish joizdir.
Islom dini kelguniga qadar arablarning erkaklari Ka'bani yalang'och holda, ayollari esa birgina uzun matoga o'ralib tavof qilishar, keyin bu kiyimlarini tashlab yuborishar edi. Alloh taolo Payg'ambari Muhammad alayhissalom orqali din hukmlarini nozil qildi va haj ibodatini ado etishdagi amallarni zikr etdi. Ya'ni, Quraysh ahli ham boshqa hojilar kabi Arafotdan qaytgach, Mash'arul-Haromda Allohni ko'p-ko'p zikr qilishlari, so'ngra Makkaga qaytib, ifoza tavofini qilishlari kerak bo'ladi. Alloh shu tariqa haj ibodatidagi Quraysh paydo qilgan bid'at ishlarni Islom bilan bekor qildi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo bunday deydilar: "Johiliyat davrida arablarning Ukoz, Majanna, Zulmajoz degan bozorlari bo'lardi. Musulmonlar haj mavsumida shu bozorlarda tijorat qilishni gunoh, deb hisoblashdi. Shundan so'ng yuqoridagi oyat nozil bo'ldi" (Buxoriy rivoyati).
ثُمَّ أَفِيضُواْ مِنۡ حَيۡثُ أَفَاضَ ٱلنَّاسُ وَٱسۡتَغۡفِرُواْ ٱللَّهَۚ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمٞ١٩٩
199. So'ngra odamlar tushgan erdan tushinglar va Allohdan mag'firat so'ranglar. Alloh albatta mag'firat qiluvchi, rahmlidir.
"Odamlar tushgan er" Arafotdir. Ma'lumki, Arafotda quyosh botgunicha bir muddat turish hajning farzlaridandir. Qur'oni karimning bu amri Makka ahliga qaratilgan, chunki ular haj qilishda Arafotda to'xtab o'tirmay, Muzdalifadan qaytib tushishar edi. Oldin bunday xatolarga yo'l qo'ygan bo'lsanglar, Allohdan mag'firat so'ranglar, U kechiruvchi, bandalariga o'ta rahmlidir. Hazrati Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: "Quraysh va uning diniga e'tiqod qiluvchilar Muzdalifada vuquf (turish) qilishardi, ularni xums, deb atashardi. Boshqa arablar Arafotda vuquf qilishardi. Islom kelganidan so'ng Alloh taolo Payg'ambarga Arafotga kelib, shu erda vuquf qilishni, keyin Muzdalifaga tushishni amr qildi. Allohning: "So'ngra odamlar tushgan erdan tushinglar va Allohdan mag'firat so'ranglar" degan oyatining mazmuni shunga dalolat qiladi" (Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Haj – Arafotdir», deganlar. Arafotga qadam bosmagan, hech yo'q bir necha lahza unda turmagan kishining haji haj bo'lmaydi. Hajning eng muhim farzi bo'lmish Arafotdagi vaqfada (turishda) har kim o'zining holatini chuqur mushohada qiladi – qayerda turgani, qalbining ahvolinini sarhisob etadi. Arafot turli irq, millat va madaniyat vakillari bo'lgan mo'minlarning Yaratganga qullik qiladigan maskandir. Sahih rivoyatlarda kelishicha, Arafotda turgan hoji duoim mustajob bo'ldimikin, degan shubhaga borsa ham gunohkor bo'ladi, ya'ni bu erda duolarning ijobat bo'lishiga shubha qilish ham mumkin emas. Hijratning o'ninchi yili Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom haj qilib, Arafotda dunyoning to'rt tomonidan kelgan bir yuz yigirma ming hoji huzurida olamshumul Vado xutbalarini qilganlar. Arafotda Qur'oni karimning nozil bo'lishi nihoyasiga etgan. Imom Buxoriy shunday rivoyat qiladilar: «Yahudiylar Umar roziyallohu anhuning huzurlariga kelib, «Sizlar bir oyatni o'qiysizlar, agar o'sha oyat bizga nozil bo'lganida, buni bayram qilib olgan bo'lur edik», deyishdi. «Men o'sha oyatning qachon, qayerda, qanday nozil bo'lganini bilaman. Allohga qasamki, bu arafa kuni bo'lib, biz ham Arafotda edik», dedi hazrati Umar. – Bu ushbu oyatdir: «Bugun diningizni mukammal qildim, ne'matlarimni benuqson, to'liq qilib berdim va sizlarga Islomni din deb rozi bo'ldim». (Moida, 3)”.
فَإِذَا قَضَيۡتُم مَّنَٰسِكَكُمۡ فَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ كَذِكۡرِكُمۡ ءَابَآءَكُمۡ أَوۡ أَشَدَّ ذِكۡرٗاۗ فَمِنَ ٱلنَّاسِ مَن يَقُولُ رَبَّنَآ ءَاتِنَا فِي ٱلدُّنۡيَا وَمَا لَهُۥ فِي ٱلۡأٓخِرَةِ مِنۡ خَلَٰقٖ٢٠٠
200. Manosiklaringizni tugatgach, ajdodlaringiz yodlaganidek yo undan ham ziyoda Allohni yodlanglar. Ba'zi odamlar borki, ular: "Ey Parvardigorimiz, bizga shu dunyoligimizni ber", deyishadi. Ularga oxiratda nasiba yo'qdir.
O'tmishdagi arablar haj kunlarida ota-bobolarining fazilati va yaxshiliklarini aytib faxrlanishar edi. Parvardigor musulmonlarni bu narsadan qaytarib, faqat O'zini yodlashga buyurgan. Ya'ni, haj marosimlarini tugatgandan keyin ham Alloh taoloning zikrini yanada ko'paytiringlar. Chunki ajdodlaringiz ham shunday qilishgan, sizlar esa ulardan ham ko'proq Allohni yodlanglar. Oralaringizda shunday odamlar borki, ular Allohdan faqat bu dunyo ne'matlarini so'rashadi, oxirat bilan ishlari bo'lmaydi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo, Suddiy, Ibn Zayd kabi mufassirlarning so'ziga ko'ra, "Ba'zi odamlar borki, ular: "Ey Parvardigorimiz, bizga shu dunyoligimizni ber", deyishadi" oyati karimasi johiliyat davri arablari haqida nozil bo'lgan. Chunki ular haj qilayotib vaqfa (turish joylari) eriga kelganlarida "Ey Parvardigorimiz, bu yilni yomg'irli, barakotli, serhosil qilgin", "Allohim, menga tuya, qo'y ber" yoki "Dushmanimiz ustidan bizni g'olib qil" kabi faqat dunyoviy hojatlarini so'rashardi. Zero, ular oxirat nimaligini bilishmas va unga ishonishmas edi. Alloh taolo mo'minlarni bunday duo qilishdan qaytardi va buni xabar tarzida nozil qildi. Faqat dunyoga tegishli narsalarni so'raydigan bandalarini ogohlantirib, "Ularga oxiratda nasiba yo'qdir", deya zikr etdi.
Ushbu oyati karima garchi johiliyat zamoni arablari haqida tushgan bo'lsa ham, aslida uning qamrovi keng, hukmi esa barchaga umumiydir. Oyatda zikr etilganiday, ba'zi toifadagi insonlar Allohni zikr qilishadi, duoga qo'l ochishadi. Ammo dillariyu tillari dunyoviy istaklar bilan mashg'ul bo'ladi. Ularning butun fikri-zikri dunyo, eng katta g'ami ham dunyo ishlaridir. Ular ana shu dunyoviy muammolarga o'ralashib, oxiratlari bilan qiziqishmaydi. Karami keng Parvardigor bundaylarning duosini ham ijobat etadi, quruq qaytarmaydi, ammo ularga oxiratda hech qanday nasiba, mukofot, ulush yo'qdir.
وَمِنۡهُم مَّن يَقُولُ رَبَّنَآ ءَاتِنَا فِي ٱلدُّنۡيَا حَسَنَةٗ وَفِي ٱلۡأٓخِرَةِ حَسَنَةٗ وَقِنَا عَذَابَ ٱلنَّارِ٢٠١
Endi odamlar orasida shundaylari ham borki, ular Parvardigorlaridan ham dunyo, ham oxirat yaxshiliklarini so'rashadi, bular haqiqiy mo'minlardir. Ular oldingi oyatda tilga olinganlardan farqli o'laroq, Alloh taoloni hamisha yodga olib, Undan dunyodagi va oxiratdagi yaxshiliklarni baravar so'rashadi, ya'ni, dunyodagi nasibalarini ham unutishmaydi, oxiratni ham esdan chiqarishmaydi. Dunyo va oxirat yaxshiliklari yo'lida baravar kuch-g'ayrat sarflashadi. Parvardigorlaridan so'rashda ham "Menga mol-qo'y, boylik yoki yaxshi xotin ber" deb ne'mat turini ham sanamay, umumiy qilib dunyo va oxirat yaxshiliklarini so'rashadi, barcha hojatlarini Allohga havola etishadi. Oyati karimadagi "hasana" (yaxshilik) so'zining ma'nosi haqida turli fikrlar aytilgan. Chunonchi, mufassirlardan Sobuniyga ko'ra, dunyodagi hasana sihat-salomatlik, ofiyat, yaxshi maskan, go'zal, soliha rafiqa, farovon rizq kabi juda ko'p narsalarni qamrab olgan. Oxiratdagi nasibaga esa, hisob-kitobning engil bo'lishi, jannatga kirish, Alloh jamolini ko'rish kabi yaxshiliklar kiradi.
Ushbu oyat dunyo va oxirat yaxshiliklarini o'zida jamlagan eng mashhur duolardan sanaladi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam eng ko'p qilgan duolaridan biri ushbu: "Robbana, atina fid-dunya hasanatav va fil axiroti hasanatav va qina azaban-nar" (Ey Parvardigorimiz, bizga dunyoda ham, oxiratda ham yaxshiliklar ber va do'zax azobidan asra) edi” (Buxoriy rivoyati). Anas ibn Molikning o'zlari ham duo qilmoqchi bo'lsalar, ushbu oyatni o'qiganlar. Bir gal odamlar u kishidan duo qilishni so'rashdi, hazrati Anas shu duoni o'qidilar, odamlar "Yana duo qiling" deyishgan edi, Anas: "Axir men dunyo va oxirat yaxshiliklarini so'radim-ku, yana nima istaysizlar?" deb javob berganlar.
أُوْلَٰٓئِكَ لَهُمۡ نَصِيبٞ مِّمَّا كَسَبُواْۚ وَٱللَّهُ سَرِيعُ ٱلۡحِسَابِ٢٠٢
202. Ana o'shalarga qilgan ishlaridan nasiba bor va Alloh tez hisob-kitob qiluvchidir.
Ba'zilar qilgan duolarida faqat dunyoviy rohat-farog'atni so'rashadi, bundaylarga oxiratda hech qanday nasiba bo'lmaydi. Ba'zilar esa ham dunyo, ham oxirat yaxshiligini talab etishadi, ularga qiyomat kuni yuksak maqom va ulug' savoblar ato qilinadi. Bunday mo'minlarga dunyo saodatidan tashqarida oxiratda erishadigan nasibalari, ya'ni jannat bog'lari, sharbatli anhorlar, ohu ko'zli hurlar, muhtasham qasrlar, Alloh taoloning jamoli kabi ne'matlar, inson aqli bovar qilmaydigan xursandchiliklar aslo kechiktirmay, tezda beriladi. Chunki "Alloh tez hisob-kitob qiluvchidir".
Alloh taoloning go'zal ismlaridan biri al-Muhsiydir, ya'ni barcha maxluqot va mavjudotlarning hisob-kitobini yaxshi biluvchi, tez qiluvchidir. Alloh azza va jalla bandasining jamiki holatidan xabardordir. U amallarni sarhisob qilib, yo'liqish kuniga tayyorlab qo'yadi. Masalan, inson necha kun yashagan, qancha payt sayr qilgan, qancha so'z gapirganini sanab, adog'iga etishi imkoni yo'q. Lekin Alloh taolo barcha amallaringizni nozik jihati, tafsiloti, munosabati, turtki bo'lgan sababi va maqsadini biladi. Banda qiyomat kuni ko'radigan barcha narsalarni U hisoblab qo'ygandir. Alloh taolo ishlarning nozik jihatini hisobga oluvchi, sirlarini biluvchi, zohirini ko'ruvchi va botinidan xabardor Zotdir. U zot toat‑ibodat, xaloyiqni olgan nafasini hisoblab, yashirgan narsalaridan xabardor bo'lib, jamiki mavjudotni, uning harakatlanishini, sonini va holatini biluvchidir. Agar inson, har bir harakati, olgan nafasi, amali, qalbga yashirgan niyati va maqsadlarini Alloh taolo hisoblab turibdi deb ishonsa, u kishini Alloh bilan bo'ladigan aloqasi yaxshi tomon o'zgaradi.
۞وَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ فِيٓ أَيَّامٖ مَّعۡدُودَٰتٖۚ فَمَن تَعَجَّلَ فِي يَوۡمَيۡنِ فَلَآ إِثۡمَ عَلَيۡهِ وَمَن تَأَخَّرَ فَلَآ إِثۡمَ عَلَيۡهِۖ لِمَنِ ٱتَّقَىٰۗ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّكُمۡ إِلَيۡهِ تُحۡشَرُونَ٢٠٣
Sanoqli kunlar zulhijja oyining o'n birinchi, o'n ikkinchi, o'n uchinchi (ya'ni tashriq) kunlaridir, shu kunlari hojilar Mino vodiyida turishadi. Bir musulmon haj kunlari Allohdan qo'rqib shariatga xilof ishlardan tiyilsa, unga Minoda ikki yoki uch kun turish baravar joiz, lekin uch kun turishi afzaldir. Kishi ikki kun ichida hajga taalluqli amallarni tezda ado etib, Minodan qaytishi ham mumkin.
Minoda ichki va tashqi, ma'naviy hamda jismoniy shaytonlar bilan mujodala etish uchun tosh otish o'rinlari – jamarot bor. Yana bu erda qurbonlik so'yib, hazrati Ibrohim va Ismoilning taqvosi, tavakkuli va itoatkorligidan o'rnak olish imkoni bor. Arafot va Muzdalifada imoni ziyodalashib, qalbi oynadek musaffo bo'lib qolgan mo'min Minoda shaytonga qarshi zo'r bir mujodala boshlaydi. Insonni Allohga ibodat qilishdan chalg'itadigan har bir narsa shaytondir. Shaytonni toshbo'ron qilish yomonliklar, nohaqliklar, zulm va zo'rlikni inkor qilishdir. Minoda katta, o'rta va kichik shaytonlarning ramzini toshbo'ron qilish hazrati Odam va hazrati Ibrohim alayhimassalomlarning sunnatlariga ergashishdir. Bu amal imonga qarshi kurashgan yovuz kuchlarga qarshi adovat izhor qilish va ulardan g'olib kelishning timsolidir. Haj ibodatining yakuniga etib kelayotgan hoji bu sa'y-harakati ila shaytonga va uning yo'liga ergashganlarga o'zining nafratini izhor qiladi. Ayni paytda o'zining shaytoni la'inga aslo ergashmasligini e'lon qiladi.
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati