Ispan tilidagi eng yirik «El Mundo» xalqaro gazetasida «Ipak yo'li va Samarqand sehri. Nima uchun O'zbekiston sizning sayohatlaringiz ro'yxatida bo'lishi kerak?» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«Ushbu Markaziy Osiyo mamlakati mozaika bilan qoplangan ajoyib masjidlari va Ipak yo'li tarixi bilan ko'plab sayohatchilarni o'ziga jalb qilib kelmoqda, - deyiladi maqolada. - Biz boshqa hech kimga o'xshamaydigan marshrutlarni qidirayotganlar uchun O'zbekistonning betakror tarixiy shaharlari haqidagi muhim ma'lumotlarni ilindik».
Muallifga ko'ra, mehmondo'st va takrorlanmas O'zbekiston madaniyati, tarixi va go'zal tabiati bilan juda mashhur. O'zbekistonga sayohat ochilmagan joylarni kashf qilishni va yangi sarguzashtlarni boshdan kechirishni istagan turistlar uchun ajoyib imkoniyat.
«O'zbekistonning poytaxti Toshkent mamlakat tarixining jonli guvohi. Qadimgi Ipak yo'lining muhim nuqtasi bo'lgan ushbu ajoyib shahar o'z ko'chalarida Osiyo va Yevropa madaniyatini uyg'unlashtirgan. Uning ta'sirchan arxitekturasi va boy tarixi sizni o'tmishga sayohat qilishga chorlaydi», - qayd etgan nashr muxbiri.
Ispan gazetasi Samarqand shahrini turizm marvaridi sifatida baholagan. «Afsonalari bilan mashhur bu shahar O'zbekiston durdonasidir. YuNYeSKOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan va 2700 yildan ortiq tarixga ega bo'lgan uning maftunkor islom me'morchiligi qadim kentning tarixiy ildizlaridan darak beradi, - deb yozgan nashr. - Bibixonim masjidi bo'ylab sayr qilish va to'liq koshinlar bilan qoplangan 35 metrlik mahobatli fasadga ega ushbu tarixiy bino shahardagi diqqatga sazovor joydir. Bundan tashqari, Afrosiyob muzeyiga tashrif buyurib, shahar tarixi bilan tanishishingiz yoki Registon maydonining ulug'vorligiga qoyil qolishingiz mumkin. Bu erdagi har bir koshin o'tmishdan so'zlaydi».
Maqolada 2500 yillik tarixga ega qadimiy Buxoro shahri haqidagi ma'lumotlar mushtariylar e'tiboriga havola qilingan. «She'riyat va ertaklar shahri deb ataladigan Buxoro tarixiy binolari bilan «osmon ostidagi muzey» hisoblanadi. Shaharning masjid, madrasa va maqbaralari O'zbekistonning boy madaniy merosidan darak beradi. Shaharda 140 dan ortiq arxitektura yodgorliklari mavjud», - deb ta'kidlagan gazeta.
«El Mundo»da bosilgan maqolada qalamga olingan Hiva shahri haqidagi muhim ma'lumotlar ham tarixiy joylarga sayohat qilishni xush ko'radiganlarni befarq qoldirmasligi aniq.
Nashrda qayd etilganidek, hududida haqiqiy o'rta asr qal'asi joylashgan yagona shahar - bu Ichan-qal'adir. «G'arbiy O'zbekistondagi ushbu kichik shaharcha an'anaviy arxitekturaning haqiqiy namunasi hisoblanadi. YuNYeSKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan eski shahar sizni O'zbekistonning, ehtimol, har bir go'shasida saqlanib qolgan boy tarix bilan tanishishga chorlaydi», - deb yozgan «El Mundo»da.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.
13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.
Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.
Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.
Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.
«Xalq so‘zi».