وَأَنفِقُواْ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ وَلَا تُلۡقُواْ بِأَيۡدِيكُمۡ إِلَى ٱلتَّهۡلُكَةِ وَأَحۡسِنُوٓاْۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٩٥
195. Alloh yo'lida sarf qilinglar va o'zlaringizni o'z qo'llaringiz bilan halokatga otmanglar. Yaxshilik qilinglar, Alloh albatta yaxshilik qiluvchilarni sevadi.
Alloh yo'lidagi jang uchun o'z molidan sarf etmaslik va baxillik qilish o'z-o'zini halok qilish bilan barobardir. Shuning uchun Alloh bergan rizq va ne'matlarni Uning o'zi buyurgan yo'llarga sarf qilish lozim. Bir kishi mol-davlat topsayu uni harom-harish ishlarga, masalan, xamr ichish, nasha chekish yoki zino qilish kabilarga sarflasa, Parvardigorning ne'matlariga katta noshukrlik qilgan bo'ladi, bu bilan o'zini halokatga otgan sanaladi. Alloh azza va jalla barcha insonlarni yaxshilik qilishga, bir-birlariga ezgulik, xayrli, savobli ishlar yo'lida ko'maklashishga buyuradi. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom: "Ey ummatlarim, agar bir-birlaringizni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarishni tark etsangiz, boshingizga shunday balo-ofatlar keladiki, u yaxshi-yomonga barobar fojia bo'ladi", deb ogohlantirganlar. Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu: "Baqara surasining 195-oyati nafaqa to'g'risida nozil bo'lgan", degan (Buxoriy rivoyati).
“Nafaqa” so'zi lug'atda «yaxshilikka mablag' ajratish» ma'nosini bildiradi. Shariatda esa o'z qaramog'idagi kishini etarli kiyim-bosh, taom, maskan (uy), tozalik va ro'zg'or anjomlari-ashyolari bilan ta'minlash «nafaqa» deyiladi. Nafaqa er-xotinlik va qarindoshlik yo'li bilan vojib bo'ladi.
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar