۞يَسَۡٔلُونَكَ عَنِ ٱلۡأَهِلَّةِۖ قُلۡ هِيَ مَوَٰقِيتُ لِلنَّاسِ وَٱلۡحَجِّۗ وَلَيۡسَ ٱلۡبِرُّ بِأَن تَأۡتُواْ ٱلۡبُيُوتَ مِن ظُهُورِهَا وَلَٰكِنَّ ٱلۡبِرَّ مَنِ ٱتَّقَىٰۗ وَأۡتُواْ ٱلۡبُيُوتَ مِنۡ أَبۡوَٰبِهَاۚ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمۡ تُفۡلِحُونَ١٨٩
189. Sizdan hilol haqida so'rashadi. "Ular insonlar uchun va haj uchun vaqt o'lchovidir", deng. Uylaringizning orqa tarafidan kelishingiz yaxshilik emas, yaxshilik taqvodorlikdadir. Uylarga eshiklaringizdan kiringlar va Allohdan qo'rqinglar, shundagina najot topasizlar.
Oyati karimadagi "hilol" yangi chiqqan oy ma'nosida. Alloh taolo oyni O'zi bilgan qonun va hikmat bilan, kechalari nur sochib, yoritib turishi, bandalarning yillar va vaqt sanog'ini bexato bilib yurishlari uchun yaratgan. Bu haqda bir necha hadislar ham bor: Husayn ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Makka amiri xutba qilib: "Rasululloh bizlarga ibodatlarni oyni ko'rib ado etishni... amr qilganlar", dedi" (Abu Dovud, Doriqutniy rivoyati); Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilingan rivoyatda: "Oyni ko'rib ro'za tutinglar va uni ko'rib ochinglar", deganlar (Termiziy rivoyati). Hilol (yangi chiqqan o'roq shaklidagi oy) surati musulmon o'lkalarda dinlari ramzi sifatida ishlatiladi.
O'tmishdagi arablar ehromga kirganidan keyin yana uylariga kirmoqchi bo'lishsa, darvozadan emas, tomdan tushishar yo uyining orqa tomonini teshib, o'sha erdan kirishar edi. Ular bu narsani yaxshi amal, deb e'tiqod qilishardi. Baro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Arablar johiliyat davrida ehrom bog'lashsa, uylariga tomdan oshib tushishar edi. Keyin Alloh taolo yuqoridagi oyatini nozil qildi" (Buxoriy rivoyati). Alloh taolo bu oyati karimada mazkur e'tiqodning ma'nisizligini bildirib, yaxshilik faqat O'ziga taqvo qilish bilan bo'lishini zikr etmoqda.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.