— Mahallamizga odam sochlar evaziga oshxona buyumlarini almashadigan odamlar keladi. Biz uyda to'planib qolgan sochlarimizni berib, o'sha buyumlardan olganmiz. Lekin o'g'lim, bunday qilish gunoh, deyapti. Bu haqda shariatimizda nima deyilgan?
— Shariatimizda odam a'zolarining savdosidan qattiq qaytarilgan. Agarchi u o'lik tana yoki kesib olingan soch yoki tirnoq bo'lsa ham. Odam a'zosi qanday holda bo'lmasin uning savdosi nojoizdir. Shu o'rinda bozorlarda keng ko'lamda sotilayotgan “parik”larning hukmi ham nima bo'lishi haqida ham savol kelib chiqadi. Agar parik odam sochidan tayorlangan bo'lsa, (ba'zilari shunday ham ekan) uni taqish yuqorida aytib o'tganimizdek, mumkin emas. Agar bemorlik yoki biror sababdan sochi to'kilgan bo'lsa ham. Agar sun'iy narsalardan yoki hayvonlar yungi yoki junlaridan bo'lsa, ulamolar bunga ruxsat bergan.
Raddul muxtor sohibi Ibn Obidin (inson sochi) so'zining davomida “Inson sochidan foydalanish umuman joiz emas. Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh ulama qiluvchi ayolni ham, ulama qildiruvchi ayolni ham la'natlasin”, degan hadislariga binoandir. Ayollar sochlarining o'rimlarini ziyoda qilishi uchun tuyaning yungidan ulab olsalar joiz” degan.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.