وَلَا تَأۡكُلُوٓاْ أَمۡوَٰلَكُم بَيۡنَكُم بِٱلۡبَٰطِلِ وَتُدۡلُواْ بِهَآ إِلَى ٱلۡحُكَّامِ لِتَأۡكُلُواْ فَرِيقٗا مِّنۡ أَمۡوَٰلِ ٱلنَّاسِ بِٱلۡإِثۡمِ وَأَنتُمۡ تَعۡلَمُونَ١٨٨
188. Bir-birlaringizning mollaringizni nohaq emanglar. Bilaturib odamlarning mollaridan bir qismini eyish maqsadida gunoh yo'l bilan uni hokimlarga uzatmanglar.
Bu oyati karima Abdon Hadramiy haqida nozil bo'lgan. U Imrul Qays Kindiydan bir parcha erni da'vo qildi. O'rtalarida xusumat chiqdi. Ikkovi ajrim qilishlarini so'rab, Rasululloh alayhissalomning huzurlariga bordi. Imrul Qays o'sha erni Abdonga berishdan bosh tortib, qasam ichmoqchi bo'lganida ushbu oyat nozil bo'ldi va u qasam ichishdan voz kechib, hukm Abdon foydasiga hal bo'ldi. Bu borada Payg'ambar alayhissalom shunday deganlar: "Men ham bir insonman, huzurimga haq talashib, da'vo bilan kelib turasizlar. So'zga ustalik qilib, o'zgalar haqini nohaq o'zlashtirib olsangiz, bilib qo'yinglar, o'sha narsa do'zaxning bir cho'g'idir. Hohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin" (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Garchi oyat o'sha davrdagi bir hodisa tufayli nozil bo'lgan esa-da, undagi xitob qiyomatgacha barcha ummatga qaratilgandir. "Mollarni nohaq eyish" deyilganining ma'nosi o'g'irlik qilish, omonatga xiyonat etish, firib-aldov bilan o'zlashtirish, foiz olish, qarzga narsa olib, undan tonish, pora berish va olish, zo'rlik bilan tortib olish, qimorda yutib ketish, o'lchov va tarozidan urish, odam savdosi, sehr va folbinlik bilan pul topish, nojoiz tijorat bilan molni qo'lga kiritishdir. Yuqoridagi usullarning har biri orqali mol topish shariatda harom qilingan. "Bilaturib odamlarning mollaridan bir qismini eyish maqsadida gunoh yo'l bilan uni hokimlarga uzatmanglar" oyati matnidagi "tudlu" so'zi "adla"dan olingan bo'lib, odatda quduqqa chelak tashlash ma'nosini bildiradi. Bu o'rinda esa "molni pora sifatida hokimlarga uzatish" ma'nosida qo'llangan. Zolim hokimlarga boshqaning molidan ehson qilish, o'z molini ularga pora qilib berish yo ular bilan birga harom ishlar qilish ham tamoman nojoizdir. "Gunoh yo'l bilan"ni Qurtubiy "zulm va haddan oshish bilan" tarzida tafsir qilgan. Sobuniy esa ushbu oyatni quyidagicha izohlagan: "Ya'ni, bilaturib o'zgalar molini nohaq o'zlashtirib olishingizda sizning foydangizga hal qilishlari uchun undan bir qismini pora sifatida hokimlarga uzatmang". Ushbu oyat juda katta huquqiy va ijtimoiy masalalarni qamrab olgan va unda tavsiya etilgan nasihatlarga amal qilish orqali mo'min banda nafsini "nafsi mutmainna" (sokin nafs) darajasiga olib chiqadi. Qozi yoki hokimga haqni to'xtatish yo nohaq ishni yurg'izib yuborish maqsadida pora berish og'ir gunoh ishdir. Bu ish adolatsiz hukmga, zulmning qaror topishiga va fasod ishlarning keng tarqalishiga olib boradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Payg'ambar alayhissalom: "Hukm chiqarishda pora bergan ham, olgan ham Allohning la'natiga yo'liqadi", deb ogohlantirganlar" (Ahmad rivoyati). Asrimizga kelib dunyoda poraxo'rlik shu qadar ildiz otib ketdiki, hozir deyarli barcha mamlakatlarda ko'p ishlar, muomalalar porasiz bitmaydigan bo'lib ketdi. Pora ko'p odamlarni vijdonidan ayirdi, xizmat ko'rsatuvchining xizmat buyuruvchiga nisbatan munosabati buzilishiga sabab bo'ldi. Poraxo'rlik balosidan aholining kambag'al, nochor qismi ayniqsa katta zarar ko'ryapti. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh pora beruvchini ham, oluvchini ham, o'rtalarida turganni ham la'natladi», deganlar. Ulamolar «la'natladi» so'zining ma'nosini «harom qilindi» deb sharhlashgan. Ayrim ulamolar: «Pora beruvchining maqsadi musulmonga ozor etkazish yoki haqqi bo'lmagan narsani qo'lga kiritish bo'lsa, u la'natlangandir. Bordiyu o'zining haqqini qo'lga kiritish yoki o'zidan zulmni daf qilish uchun pora bersa, u la'natlangan bo'lmaydi. Hokimning esa, biron bir haqni bekor qiladimi, zulmni daf qiladimi – farqi yo'q, pora olishi harom. O'rtadagi kishi esa, pora beruvchi kabi, maqsadiga qarab baholanadi», deyishgan. Boshqa ulamolar bu fikrga qarshi chiqib, poraning haromligi mutlaq – hamma holda ham harom, deyishgan. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: «Birodaringning hojatini bilib, uni ravo qilsangu (buning evaziga) senga hadya berganida qabul qilsang, bu ishing haromdir».
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi