3IKRNING FAZILATI
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Zarr (roziyallohu anhu)ga Qur'oni karim tilovatidan keyingi eng afzal amal Allohni zikr qilish ekanini vasiyat qildilar. Shunday ekan, zikr haqida kengroq to'xtalib o'tish maqsadga muvofiqdir.
“Zikr”ning lug'aviy ma'nosi “Allohni eslash”dir. Allohni ko'p zikr etgan bandaning qalbi poklanadi, imoni mustahkamlanadi, duolari ijobat bo'ladi, ixlosi ortadi.
Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu) va Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Qaysi bir qavm (jamoa) Allohning zikri uchun yig'ilsa, ularni farishtalar tavof qiladi, ularga Allohning rahmati yog'iladi, ularning davrasiga sakinat (xotirjamlik) tushadi, Alloh ularni O'ziga yaqin farishtalar bilan birga yod etadi” (Imom Muslim).
Bandaning eng yaxshi holati uning o'z Rabbi zikri bilan mashg'ul bo'lishidir. Zikr sababi bilan banda uchta fazlga ega bo'ladi:
﴿فَٱذۡكُرُونِيٓ أَذۡكُرۡكُمۡ وَٱشۡكُرُواْ لِي وَلَا تَكۡفُرُونِ١٥٢﴾
«Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»(Baqara, 152).
﴿وَمَا خَلَقۡتُ ٱلۡجِنَّ وَٱلۡإِنسَ إِلَّا لِيَعۡبُدُونِ٥٦﴾
«Men jinlar va insonlarni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim»(Zoriyot, 56).
﴿فَلَوۡلَآ أَنَّهُۥ كَانَ مِنَ ٱلۡمُسَبِّحِينَ١٤٣ لَلَبِثَ فِي بَطۡنِهِۦٓ إِلَىٰ يَوۡمِ يُبۡعَثُونَ١٤٤﴾
«Bas, agar u (Yunus) Allohga doimo tasbeh aytuvchilardan bo'lmaganida, albatta, u baliq qornida Qiyomatgacha qolib ketgan bo'lur edi»(Soffot, 143–144).
Allohga tasbeh, takbir, tahlil aytish, hamd, shukr keltirish, duo va salavotlar aytish, Qur'on tilovat qilish, namoz o'qish, ro'za tutish, zakot, sadaqa va infoq qilish hamda haj va umra ayni zikrdir.
Allohga tasbeh, tahmid, tahlil va takbir aytish quyidagi iborada jamlangan:
Alloh taoloning eng sevgan to'rt kalomi bulardir, Alloh nazdida ulardan ko'ra sevimli kalom yo'qdir:
Subhanalloh.
Alhamdulillah.
Allohu akbar.
La ilaha illalloh.
Samura ibn Jundub (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo huzurida kalomning mahbubrog'i ushbulardir:
“سُبْحَانَاللهِوالحَمْدُللهِولَاإلَهَإلَّااللهواللهُأَكْبَرُ”
Ularning qaysi biri oldin aytilsa ham zarari yo'qdir”, dedilar (Imom Muslim).
Abu Zarr G'iforiy (roziyallohu anhu) rivoyatida Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Alloh huzurida kalomlarning mahbubrog'i: “Subhanallohi va bihamdihi”dir”, deganlar (Imom Muslim).
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) aytadi: «Men Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Zikrning afzali: “La ilaha illalloh”, duoning afzali esa, “Alhamdu lillah”dir”, deganlarini eshitdim».
Chunki bu duo va zikrlar abadiy qoladigan solih amal va savoblardir. Daraxt barglarini to'kkani singari, bular ham bandaning gunohlarini to'kadi. Bular jannat xazinalaridir.
Bu kalomlar haqida Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday bashorat qilganlar: “Bular arining ovoziga o'xshash ovoz bilan Arshning atrofida aylanib, sohibini xotirlatadi. Sizlarning har biringiz ham shunday bo'lishini xohlamaysizmi?”
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Kim yuz marta “La ilaha illalloh”, yuz marta “Alhamdulillah”, yuz marta “Subhanalloh”, yuz marta “Allohu akbar” deb zikr qilsa, ushbu zikrlar haqi evaziga o'n qulni ozod qilgan, etti qurbonlik qilganning savobini oladi”.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bu to'rt kalom haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qalqonlaringizni olinglar!”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, dushman ko'rindimi?” deb so'rashdi. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam): “Yo'q, dushman yo'q. Faqat jahannam olovidan qo'riqlaydigan qalqonlaringizni olinglar, hamda olovdan qutulish uchun bunday denglar:
“سُبْحَانَاللهِوالحَمْدُللهِولَاإلَهَإلَّااللهُواللهُأَكْبَرُ”
Chunki bu muborak kalomlar Qiyomat kunida sizni oldingizdan, orqangizdan himoya qiluvchi muhofaza to'siqlaridir va abadiy qoladigan solih amallar, savoblardir”, dedilar».
Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) barglari qurigan bir daraxt yoniga yaqinlashdilar va uni urdilar. Daraxtning barglari to'kildi. Shunda Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam): «Shubhasiz: “Subhanallohi valhamdulillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar”, deb zikr qilish shu daraxt barglari to'kilgani singari bandaning ham gunohlarini to'kadi», deb marhamat qildilar (Imom Termiziy).
Ummu Honiy (roziyallohu anho) aytadi: «Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kalimai Tavhid: “La ilaha illalloh” – eng xayrli, eng qadrli duo bo'lib, undan o'tadigan amal yo'qdir va gunohni ham qoldirmaydi”, deb marhamat qildilar» (Ibn Moja rivoyati).
Hadisi qudsiyda bunday deyiladi: «Kim “La ilaha illalloh” desa, Mening himoyamdan panoh tilagan, mening muhofazamda bo'ladi. Mening himoyamga, mening panohimga kirgan inson esa azobimdan ham muhofaza qilinadi. “La ilaha illalloh” Mening kalomimdir».
Tavhid imoni, ya'ni Allohning yagonaligini tilda talaffuz etib, dil bilan tasdiqlash, U buyuk Zotga tasbeh, takbir aytish, bergan ne'matlariga shukr qilish zikrlarning eng ulug'idir.
OYaTLARDA ZIKR HAQIDA
Alloh taolo Qur'oni karimning o'n uch surasining o'n olti oyatida zikrga buyuradi. Shunday ekan, eng avvalo, oyatlarga murojaat qilamiz. Alloh taolo bizlarga qanday zikr qilishni O'zi o'rgatgan.
﴿فَٱذۡكُرُونِيٓ أَذۡكُرۡكُمۡ وَٱشۡكُرُواْ لِي وَلَا تَكۡفُرُونِ١٥٢﴾
«Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»(Baqara, 152).
﴿ وَٱذۡكُر رَّبَّكَ كَثِيرٗا وَسَبِّحۡ بِٱلۡعَشِيِّ وَٱلۡإِبۡكَٰرِ﴾
«Rabbing zikrini ko'p qil va ertayu kech tasbeh ayt!»(Oli Imron, 41).
﴿ٱلَّذِينَ يَذۡكُرُونَ ٱللَّهَ قِيَٰمٗا وَقُعُودٗا وَعَلَىٰ جُنُوبِهِمۡ وَيَتَفَكَّرُونَ فِي خَلۡقِ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ رَبَّنَا مَا خَلَقۡتَ هَٰذَا بَٰطِلٗا سُبۡحَٰنَكَ فَقِنَا عَذَابَ ٱلنَّارِ١٩١﴾
«Ular turib ham, o'tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) “Ey Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok Zotdirsan. Bas, bizni do'zax azobidan saqlagin!”»(Oli Imron, 191).
﴿فَإِذَا قَضَيۡتُمُ ٱلصَّلَوٰةَ فَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ قِيَٰمٗا وَقُعُودٗا وَعَلَىٰ جُنُوبِكُمۡۚ ﴾
«Namozni ado etib bo'lganingizdan so'ng, turgan, o'tirgan va yonboshlagan hollaringizda (ham doimo) Allohni yod eting!»(Niso, 103).
﴿قَالَ فِيهَا تَحۡيَوۡنَ وَفِيهَا تَمُوتُونَ وَمِنۡهَا تُخۡرَجُونَ٢٥﴾
“Rabbingizni ichingizda tazarru va qo'rqinch bilan hamda gapirganda ovozni ko'tarmasdan ertayu kech zikr (yod) eting! G'ofillardan bo'lmang!»(A'rof, 205).
﴿ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَتَطۡمَئِنُّ قُلُوبُهُم بِذِكۡرِ ٱللَّهِۗ أَلَا بِذِكۡرِ ٱللَّهِ تَطۡمَئِنُّ ٱلۡقُلُوبُ٢٨﴾
«Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingiz, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)»(Ra'd, 28).
﴿إِلَّآ أَن يَشَآءَ ٱللَّهُۚ وَٱذۡكُر رَّبَّكَ إِذَا نَسِيتَ وَقُلۡ عَسَىٰٓ أَن يَهۡدِيَنِ رَبِّي لِأَقۡرَبَ مِنۡ هَٰذَا رَشَدٗا٢٤﴾
«Illo, “Inshaalloh (Alloh xohlasa)” (deng. Bu so'zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Rabbingizni zikr qiling (ya'ni “inshaalloh”, deng) va: “Shoyad, Rabbim meni bundan ham yaqinroq To'g'ri yo'lga hidoyat etsa”, deng!»(Kahf, 24).
﴿إِلَّا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّٰلِحَٰتِ وَذَكَرُواْ ٱللَّهَ كَثِيرٗا وَٱنتَصَرُواْ مِنۢ بَعۡدِ مَا ظُلِمُواْۗ وَسَيَعۡلَمُ ٱلَّذِينَ ظَلَمُوٓاْ أَيَّ مُنقَلَبٖ يَنقَلِبُونَ٢٢٧﴾
«Ammo imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan hamda doim Allohni yod etgan va (ilgari) mazlum bo'lganlaridan keyin (Islom ravnaq topgach) g'olib bo'lgan kishilar (mustasnodir). Zulm qilganlar esa, yaqinda qanday oqibat sari ketayotganlarini bilib olurlar»(Shuaro, 227).
﴿ٱتۡلُ مَآ أُوحِيَ إِلَيۡكَ مِنَ ٱلۡكِتَٰبِ وَأَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَۖ إِنَّ ٱلصَّلَوٰةَ تَنۡهَىٰ عَنِ ٱلۡفَحۡشَآءِ وَٱلۡمُنكَرِۗ وَلَذِكۡرُ ٱللَّهِ أَكۡبَرُۗ وَٱللَّهُ يَعۡلَمُ مَا تَصۡنَعُونَ٤٥﴾
«(Ey Muhammad!) Kitob (Qur'on)dan Sizga vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni barkamol ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug'dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur»(Ankabut, 45).
﴿لَّقَدۡ كَانَ لَكُمۡ فِي رَسُولِ ٱللَّهِ أُسۡوَةٌ حَسَنَةٞ لِّمَن كَانَ يَرۡجُواْ ٱللَّهَ وَٱلۡيَوۡمَ ٱلۡأٓخِرَ وَذَكَرَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا٢١﴾
«(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambarida go'zal namuna bordir»(Ahzob, 21).
﴿إِنَّ ٱلۡمُسۡلِمِينَ وَٱلۡمُسۡلِمَٰتِ وَٱلۡمُؤۡمِنِينَ وَٱلۡمُؤۡمِنَٰتِ وَٱلۡقَٰنِتِينَ وَٱلۡقَٰنِتَٰتِ وَٱلصَّٰدِقِينَ وَٱلصَّٰدِقَٰتِ وَٱلصَّٰبِرِينَ وَٱلصَّٰبِرَٰتِ وَٱلۡخَٰشِعِينَ وَٱلۡخَٰشِعَٰتِ وَٱلۡمُتَصَدِّقِينَ وَٱلۡمُتَصَدِّقَٰتِ وَٱلصَّٰٓئِمِينَ وَٱلصَّٰٓئِمَٰتِ وَٱلۡحَٰفِظِينَ فُرُوجَهُمۡ وَٱلۡحَٰفِظَٰتِ وَٱلذَّٰكِرِينَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا وَٱلذَّٰكِرَٰتِ أَعَدَّ ٱللَّهُ لَهُم مَّغۡفِرَةٗ وَأَجۡرًا عَظِيمٗا٣٥﴾
«Albatta, muslim va muslimalar, mo'min va mo'minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo'y erkaklar va rostgo'y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli (kamtar) erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro'za tutuvchi erkaklar va ro'za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofotni (ya'ni jannatni) tayyorlab qo'ygandir»(Ahzob, 35).
﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ ذِكۡرٗا كَثِيرٗا٤١﴾
«Ey imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qiling!»(Ahzob, 41).
﴿ وَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ كَثِيرٗا لَّعَلَّكُمۡ تُفۡلِحُونَ﴾
«Allohni ko'p yod eting! Shoyad (shunda) najot topsangiz»(Jum'a, 10).
﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تُلۡهِكُمۡ أَمۡوَٰلُكُمۡ وَلَآ أَوۡلَٰدُكُمۡ عَن ذِكۡرِ ٱللَّهِۚ وَمَن يَفۡعَلۡ ذَٰلِكَ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡخَٰسِرُونَ٩﴾
«Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg'itib qo'ymasin! Kim shunday qilsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'ruvchi kimsalardir»(Munofiqun, 9).
﴿وَٱذۡكُرِ ٱسۡمَ رَبِّكَ وَتَبَتَّلۡ إِلَيۡهِ تَبۡتِيلٗا٨﴾
«Rabbingizning nomini (mudom) yod eting va Unga butunlay ajraling!»(Muzzammil, 8).
﴿وَٱذۡكُرِ ٱسۡمَ رَبِّكَ بُكۡرَةٗ وَأَصِيلٗا٢٥﴾
«Ertayu kech Rabbingiz nomini yod eting!»(Dahr, 25).
Qur'oni karimning 3 ta surasi 3 ta oyatida takbirga buyurilgan:
﴿ وَلِتُكۡمِلُواْ ٱلۡعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُواْ ٱللَّهَ عَلَىٰ مَا هَدَىٰكُمۡ وَلَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُونَ﴾
«Bu – hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir»(Baqara, 185).
﴿وَقُلِ ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ ٱلَّذِي لَمۡ يَتَّخِذۡ وَلَدٗا وَلَمۡ يَكُن لَّهُۥ شَرِيكٞ فِي ٱلۡمُلۡكِ وَلَمۡ يَكُن لَّهُۥ وَلِيّٞ مِّنَ ٱلذُّلِّۖ وَكَبِّرۡهُ تَكۡبِيرَۢا١١١﴾
«Hamd farzand tutmagan, podshohligida sherigi yo'q, xorlikdan (qutqaruvchi) do'sti bo'lmagan (ya'ni hech kimga muhtoj bo'lmaydigan) Zot – Allohga xosdir”, deng va (ulug'lab) Unga takbir ayting!»(Isro, 111).
﴿وَرَبَّكَ فَكَبِّرۡ٣﴾
«Rabbingizni ulug'lang»(Muddassir, 3).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «“Mufarridlar” zafarga erishdi», dedilar. Sahobalar: “Yo Allohning rasuli, “mufarridlar” kimlar?” deb so'radi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ularga: “Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko'p zikr etuvchi ayollar – mufarridlardir”, deb javob berdilar.
Ahzob surasi 35-oyati karimadagi:
﴿ وَٱلذَّٰكِرِينَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا وَٱلذَّٰكِرَٰتِ أَعَدَّ ٱللَّهُ لَهُم مَّغۡفِرَةٗ وَأَجۡرًا عَظِيمٗا﴾
«Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofotni (ya'ni jannatni) tayyorlab qo'ygandir» jumlasining mazmuni haqida ulamolar turli fikrlar bildirgan, ya'ni “Allohni ko'p zikr qiluvchilar” deb kimlarga aytiladi?
Said ibn Jubayr (roziyallohu anhu) so'zlariga qaraganda, har bir kishi biror amalni bajarishda Allohga itoat, Uning roziligini topish niyatida bo'lar ekan, u zokirdir.
Zikr insonning qalbiga huzur-halovat bag'ishlaydi. Zikr uchun fikr asos sanaladi. Tafakkur Allohni o'ylash, eslashdir. Inson Alloh taoloni eslaganida bevosita Unga qul ekanini unutmasligi kerak. U bizning Ilohimiz, Yaratuvchimiz – Holiqimiz. U bizni yo'qdan bor qildi. Bizga rizq berdi. Hamma narsani Undan olamiz. Demak, biz Uning qulimiz. Allohga qul bo'lganimiz uchun Uning amrlariga itoat etamiz. Uning rizoligi yo'lida harakat qilamiz. Alloh bizdan rozi bo'lsa, bizga yanada ko'proq marhamat qiladi, albatta. Bizga mukofot beradi, jazolamaydi. Alloh xohlagan narsasini qilishi mumkin. Bizga mukofot ham, jazo ham berishi mumkin. Jazolanishdan O'zi saqlasin. Inson zoti Uning g'azabiga uchrashi mumkin bo'lgan narsalardan uzoq yurishi lozim. Uning marhamatiga, lutfiga, karamiga sazovor bo'lish uchun qo'limizdan kelgan barcha harakatni qilishga intilishimiz kerak. Alloh taolo huzurida turgandek, Uni tafakkur qilish, Uni o'ylash lozim. Chunki inson bir narsani o'ylamasa, vaqt o'tishi bilan unutadi. Unutilganidan keyin nomi o'chib ketadi. Biroq to'xtovsiz eslab turilsa, aslo unutilmaydi. O'ylab yurgan narsamizni unutishimiz mumkin emas. Albatta, imonimiz bor, alhamdulillah. Allohni unutmasak, Unga xush yoqadigan ishlarni qilishga g'ayrat ko'rsatamiz. Albatta, bu Allohning amrlariga itoat, taqiqlaridan qochishdir.
Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Erkak kishi yarim tunda o'z ayolini uyqudan uyg'otsa, ikkovlari ham ikki rakat namoz o'qisa, ular “Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko'p zikr etuvchi ayollar” qatoriga yoziladi», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Moja).
Imom Abul Hasan Vohidiy Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan eshitib aytishicha, ular besh vaqt namozdan keyin ham, ertalab ham, kechqurun ham, yotgan joylarida ham, uyqudan uyg'ongan vaqtlarida ham, uylaridan chiqayotgan va qaytib kelayotgan vaqtlarida ham Allohni zikr qiluvchilardir.
Mujohid (roziyallohu anhu) aytadi: “Tik turganda ham, o'tirganda ham, yotganda ham Allohning zikrida bo'lmagan erkaklar va ayollar “Allohni ko'p zikr etuvchilar”dan bo'lmaydi”.
Ato ibn Abu Raboh aytadi: “Besh vaqt namozning haqlarini mukammal ado etgan kishilar “Allohni ko'p zikr etuvchilar”dan sanaladi” (Imom Navaviy. “Al-azkor”, 10-bet).
Imom Abu Amr ibn Saloh (rahmatullohi alayh) fikricha, ertalab va kechqurunda, kechasi va kunduzda turli holatlarda o'qish tayin etilgan duolarni o'ziga vazifa qilib olgan kishi muntazam o'qishda davom etsa, u “Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko'p zikr etuvchi ayollar”dan sanaladi.
Abu Dardo (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh subhonahu va taolo qiyomat kuni bir necha kishilarni yuzlari nurli va olmosdan yasalgan minbarlar ustida turgan holatda qabrlaridan turg'azadi. Hamma ularga havas bilan qaraydi. Holbuki, ular payg'ambarlar ham, shahidlar ham emas”, dedilar. Shunda bir sahroyi arab tiz cho'kib: “Yo Rasululloh, ularni bizga ta'riflang, tanib olaylik”, dedi. “Bular turli qabilalardan va har xil uzoq joylardan bo'lgani holda bir erda to'planib, Allohni zikr qilganlardir”, deya marhamat qildilar».
Zikr qiluvchi o'ziga muayyan vaqtlarda muayyan oyatlar yoki duolar o'qishni, nafl namoz ado etishni odat qilgan bo'lsa, uni uzmasdan davom ettirishi kerak. Agar biror sabab bilan kundalik vazifasini ado etolmay qolsa, imkon topishi bilan uning qazosini o'qishi kerak. Agar qazoga beparvolik qilsa, o'z vaqtida ado etishga ham beparvo bo'lib boradi.
Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim tungi vazifasini ado etishdan uxlab qolsa, bomdod bilan peshin o'rtasida uning qazosini o'qisa, kechasi bilan zikr qilgan savobiga erishadi”.
Hazrat Navoiy zikr va shukr haqida bunday degan:
Iloyo, tilimni shukringga shokir ayla,
Iloyo, dilimni zikringga zokir ayla.
Zikr paytida birov salom berib qolsa, biror odamning aksa urganini eshitib qolsa, imom xutba boshlab qolsa, muazzin azon aytib qolsa, biror karohatni ko'rib qolsa, birov chaqirib qolsa, birovga yordam berish kerakligini bilib qolsa, uyqu g'olib kelsa, shu ondayoq zikrni to'xtatib, zarur ishni bajarib oladi, keyin joyiga qaytib kelib, zikrni kelgan joyidan davom ettiradi.
Ba'zi olimlar: “Zokir o'z tilovatini, salavotini va duolarini til bilan talaffuz qilmasa, kitobga ko'z yugurtirgani, diliga keltirgani bilan zikr o'rniga o'tmaydi”, deydi. Bu fikr bir oz bahs talabdir, chunki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Mo'min kishining niyati amalidan yaxshiroqdir”, deganlar. Niyat esa dilda paydo bo'lgan bir holat bo'lib, u goh talaffuz etiladi, goh talaffuz etilmaydi. Demak, zikr bandaning biror ibodat yoki solih amal bilan mashg'ul bo'lganida Allohga qalban bog'liqligidir.
Allohni zikr qilishni Bahouddin Naqshband hazratlaridan o'rganaylik. U kishining mashhur so'zlari: “Dil bayoru dast bakor” (Ya'ni dilimiz Alloh bilan, qo'limiz ish bilan) bo'lsa, Alloh ishimizga unum va baraka ato etadi.
KYeYINGI MAVZU:
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga salavot aytish
Ixlos va samimiyat
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bandalik bu har qanday chora tadbirlardan voz kechib Allohning belgilab qo‘ygan taqdirini kuzatishlikda hamda bu taqdirning o‘zidagi ixtiyordan ko‘ra yaxshi va xayrli ekanligi haqiqatqini anglab yetishlikda namoyon bo‘ladi.
Naql etishlaricha, Ibrohim Adham quddisa sirruhu qul sotib olgach, undan so‘radi:
– Odatda sen nima tanovul etasan?
– Nima bersangiz shuni..., – dedi qul.
– Qanday ishni bajara olasan?
– Mendan nimani talab qilsangiz o‘shani.
– Qanday istaging bor?
– Xojasining xohishi oldida qulning istagi qanday ahamiyatli bo‘lishi mumkin?!
Buni ko‘rgan Ibrohim Adham quddisa sirruhu o‘zlarining nafslariga murojaat etib shunday dedilar:
– Ey bechora! Sen Allohga butun hayoting davomida bir soatcha bo‘lsa ham mana shu qul hozir senga itoat etolganichalik itoat etganing yo‘q!
Imom Ali ibn al-Xavvos quddisa sirruhu o‘zlarining muridlari bo‘lgan imom Sha’roniy quddisa sirruhuga nasihat qildilar:
– Allohning berganlaridan faqat ehtiyojingga yetarli bo‘lgan miqdordagina foydalansang kifoya qiladi, ortiqcha xarj qilmagin, qolganini Alloh xohlagan kishilarga tarqatib yubor. Ishlaringni yurgizish uchun behuda urinib yurma, yaxshisi, Allohning o‘zidan ularni chiroyli tartibda yo‘lga solib berishini astoydil so‘ragin.
Shunda Sha’roniy quddisa sirruhu so‘radilar:
– Yaratgandan halol rizq so‘rashligim chiroyli ishmi?
– Ha, uni mana bu tarzda so‘ragin: “Ey Allohim! Mening rizqimga barakot ato aylab, dunyo va oxiratda aybu nuqsonlarimni oshkor etmagin, ey o‘ta Saxovatli va Karim bo‘lgan Zot!”.
Va yana qo‘shimcha qildilar:
– Sen Allohning sinovlari yetgan mahal besabrlik va bezovtalik ko‘rsatishdan saqlanmog‘ing zarur! Allohning o‘zi ishlarini Unga topshirib qo‘ygan kimsaga zarur bo‘lgan ilmu fazilatlarni berib, albatta, pirovardida, uni mo‘minlarga imom bo‘lgan muqtadoga aylantiradi. Haqiqatda Alloh hamma narsaga qodir Zotdir!”
Bandalik alomatlaridan yana biri kambag‘allik vaqtida muhtojligini, boylik paytida davlatini odamlardan yashira olish qobiliyatidir. Banda uchun har qanday holat barobar bo‘lishligi lozim. Nafsining juganini mahkam tutib, uni har bir ishida so‘roqqa tutmog‘i, odamlarga nisbatan saxovatli bo‘lmog‘i, lazzatlarga mukkasidan ketmasligi va uni izlamasligi banda uchun lozim bo‘lgan shartlardandir. Olimlar marhamat etadilarki:
“Inson o‘ziga xizmatkor – qul izlamagan muddaticha Allohning haqiqiy bandasi bo‘lib qoladi. Qachonki o‘ziga xizmatkor – qul izlay boshladimi, Alloh oldidagi bandalik sifatini yo‘qotadi”.
Bandalikning o‘ziga xos shunday odoblari mavjudki, uning rioyasini qilishga intilgan kishi ochlik, yalang‘ochlik, qashshoqlik va xo‘rlik kabi sinovlar yetgan mahallarda hech qachon ortiqcha bezovtalik va hayajonga berilmasligi kerak bo‘ladi. Ushbu odob qoidalari bandadan Allohning unga bitgan taqdirotini itoatkorona qabul qilishni hamda Unga nisbatan biror narsada isyon va e’tiroz etmaslikni talab etadi. Ya’ni haqiqiy banda faqat Allohning mehribonligiga suyanishi, faqat Unga tavakkul etishi, zahira uchun oziq-ovqatdan hech narsa yig‘masligi, ehtiyoji uchun Allohdan boshqa hech kimdan hech narsa so‘ramasligi lozim.
Bandalik (ubudiyyat) – bu bandaning ajralmas xususiyatidir, xuddi Hukmronlik (rububiyat) Allohning ajralmas va doimiy sifati bo‘lganidek... Shuning uchun kimki odamlar ichida o‘zining obro‘ e’tibori, yaxshi ish va yaxshi amali bilan kifoyalanib, Yaratganiga muhtojlik tuyg‘usidan yiroqlashib qolsa, bu unining chin ma’naviy halokatidir. O‘zining boyligiyu davlatiga suyangan boy – haqiqiy qashshoq, o‘zining jamiyatdagi baland martabasi bilan mamnunu mag‘rur mansabdor – haqiqiy past, o‘zining naslu nasabi bilan maqtanib yurguvchi sohibnasab – haqiqiy xurdir. Kimki ishining rivojini o‘zining donoligiyu tadbirkorligidan bilibdimi – singani, xonavayron bo‘lgani o‘shadir. Kimki doimo Allohdan rozi bo‘lib, shukr qilguvchi bo‘lsa, Uning yordamiga muhtojligini butun borlig‘i bilan idrok etib, Undan tilaguvchi faqir bo‘lsa hamda har qanday ishida unga tavakkul etishlikka odatlangan bo‘lsa – asl, haqiqiy badavlat kishi o‘shadir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.