Hayot yo'llari doim bir xil bo'lmaydi. Gohida past, gohida baland. Ba'zan esa shunday «chuqurlik»ka tushasanki, u erdan chiqishing imkonsizdek, bunga kuching etmaydigandek tuyuladi senga. Yo'l qidirasan, chora izlaysan… Insonlik, shaxsiyat ana shu nuqtada o'rtaga chiqadi. Qabul qilinadigan qaror sening kim ekaningdan dalolat beradi: – shaxsmisan yoki kimningdir ko'zgudagi aksi?
Bugun jamiyatda yuzaga kelayotgan muammolarning sabablari, ildizlari turlicha bo'lishi mumkin. Biroq, ularning asl sabablaridan biri – mukammal shaxsiyatlarning yo'qligi.
– Istiqlolning ilk yillaridan buyon jamiyat oldida turgan vazifalardan biri komil inson tarbiyasi, degan oliy maqsadni oldimizga qo'ydik. Bu yo'lda vazifalar belgilandi, choralar ishlab chiqildi. Biroq mavjud ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat sabab bu ko'zlangan maqsadga eta olmaganimizni oradan o'tgan vaqt ko'rsatib qo'ydi.
Bugun atrofga boqsak, muammolar, savollar, chigal vaziyatlar… Barchasida eng jabr chekkan ham, jabr chektirgan ham inson omili, aslida shaxsiyatlari mukammallashmagan bashar farzandlari.
– Ikki kishi janjallashib qoldi deylik. Biri-ikkinchisini kechirish, jahli chiqqanini anglashga harakat qilmaydi. Undan past emasligi, qo'rqmasligini isbotlashga kirishadi. Natijada holat birining o'limi, ikkinchisining esa umrini qamoqda kechirishga mahkum etilishi bilan yakunlanadi. Achinarlisi, bu ko'ngilsizlik sababchilari yosh bolalar emas. Bir oilaga bosh bo'lib, farzand tarbiyasini qo'lga olishi lozim bo'lgan kishilar. Ayanchli jihati ularning o'zlari hali tarbiyaga muhtoj.
– Bugun jamiyatni tubdan emirib, uning asosiy bo'g'ini bo'lgan oilalar tanazzuliga sabab bo'layotgan qaynona-kelin munosabatlarini har qanday chora-tadbir bilan hal eta olmayotganimiz haqiqat. Aslida yosh, yangi bir hayotga begona xonadonda qadam qo'ygan kelinni bosiqlik bilan tarbiyalab, o'z izmiga solishi lozim bo'lgan qaynona shusiz ham bir-birining fe'l atvoriga ko'nikishi qiyin bo'layotgan yosh er-xotinning o'rtasini ochish bilan band. Doimiy tanbeh, zug'um va shaxsiyatini kamsitish, aksar hollarda kuch ishlatishgacha borib etgan vaziyatlar oxir-oqibat ayanchli voqeliklarni keltirib chiqarmoqda. Kelinlar yo o'z jonlariga qasd qilmoqdalar yoki qotilga aylanmoqdalar…
Bu kabi ko'ngilsiz holatlardan bir oz chekinib, odatiy hayotni kuzataylik. Salom bermagan qo'shnisi bilan qancha yurtdoshlarimiz yuz ko'rmas. Bir bor qattiq gapirgan qarindoshi bilan silai rahmni uzganlar qancha? Barchaning nazdida hisob-kitobli bu dunyo… Atrofdagilar bilan «hisob-kitob»- ni to'g'rilab yurish kerak… Barcha ana shu falsafani o'z hayotining mazmuniga aylantirgan, shunga ko'ra ish ko'radi…
– To'y qilayotgan tanishining o'ziga qancha to'yona beraganini eslashga urinadi. Bu narsa oila davrasida muhokamaga qo'yiladi: «Bizga gilam qilgan ekan, qaytarish kerak. Ertaga borib, olib kelamiz…” “... so'm pul bergan ekan, bermasak uyat...”
O'z navbatida qarshi tomon ham qilganiga yarasha javob kutadi: «hammaga to'yonani dadil qilganman, bemalol qarzsiz to'yni o'tkazib olamiz…» bunga bolalar guvoh bo'layotgani achinarli: «Qush uyasida ko'rganini qiladi!».
Hech qaysi tomon himmat haqida o'ylamaydi. Alloh beribdi, beraman, deya xolis to'yona berish yo'q. Yoki imkonim yo'q, deya qaytarmay qo'ya qolKomil insonni tarbiyalash – naqadar muhim!.. maydi. Chunki o'zi ham o'sha tanishidek, berganining qaytishidan umidvor… Qarz ko'tarib bo'lsa-da, gilam olib boradi…
Hullas, atrof-olamga boqib, insonlarni emas, bir-birlarining ko'zgudagi aksi bo'lgan jismlarnigina ko'rayotgandekman. Barchaning yashash tarzi – “Salomga yarasha alik...”
“Biroq asli muslimlik shundaymi?” Shunday yashash tarzi ummati Muhammadga loyiqmi? Asli dinimizni mukammal bilgan zotlar qanday yo'l tutganlar?!
“Ilm shahrining darvozasi” degan sharafli nomga loyiq ko'rilgan Ali roziyallohu anhudan ibratlansak... Bir kuni sahobai kiromlar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan: “Ali roziyallohu anhuni nega bunchalar yaxshi ko'rasiz?” deb so'rashdi. Shunda Rasuli akram alayhissalom ushbu majlisda hozir bo'lmagan Ali roziyallohu anhuni chaqirib kelish uchun odam yubordilar va u erdagilardan so'radilar: – Siz birovga yaxshilik qilsangiz, u esa sizga yomonlik qilsa, nima qilasiz? Javob berishdi: – Yana yaxshilik qilamiz! – Yana yomonlik qilsa-chi?! – Biz yana yaxshilik qilamiz! – Yana yomonlik qilsa-chi? Ashob kirom sukut saqladilar. Buning ma'nosi, yomonlikka yomonlik qilmasak-da, yaxshilik qilishda davom etmaymiz, degani edi. Shu asnoda hazrati Ali karramallohu vajhahu etib keldi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam u zotdan bu savolni etti bor so'radilar. Ali roziyallohu anhu har gal: “Yana yaxshilik qilaman”, deb javob berdi. Shunda sahobalar: – Ey Allohning rasuli, hazrat Alini nega bu qadar yaxshi ko'rishingizning sababini endi tushundik, – deyishdi.
Ha, bu shaxsiyat! Islomning hayotbaxsh ta'limotini o'rganibgina qolmay, yashash tarziga aylantirish lozim. Inson agar Rasululloh alayhissalom aytgan kuyovlaridek yo'l tutsa, qanchadan-qancha urushlarning oldi olinadi, oqibat rishtalari mustahkam bo'ladi, nizolar bartaraf bo'lgani sabab er yuziga Allohning rahmati yog'iladi...
Biz bugun bolalarimizni ana shunday o'z shaxsiyatiga ega inson qilib tarbiyalay olsak, ne a'lo, na qadar ulkan yutuq edi biz uchun. O'smir yoshda bo'lishiga qaramay, bir tengdoshini ermak qilib, kaltaklamoqchi bo'lgan do'stiga (aslida buni “do'stlik” deb bo'lsa...) bir begunohni kaltaklash, moliga joniga, obro'siga putur etkazish dinimizga zid, mening printsiplarimga to'g'ri kelmaydi. Bu ishni sen ham qilmaysan, chunki yomon ishni ko'rganda qaytarish mo'minlikdan, deya oladigan o'g'illarni o'stirsak...
Kollej hovlisida pichoqlanib, kaltaklanib o'ldirilgan jabrdiydalar, ularning ortidan qon yig'lab qolgan ota-onalar bo'lmasdi... Begona bir yigit xat yozib, sevgi izhor qilganida, “Sen bilan gaplashish, munosabatga kirishish e'tiqodimga zid, Alloh seni ham, meni ham gunohdan saqlasin”, deya oladigan qizlarni tarbiyalasak... ...Nomusidan ayrilib, o'zini osgan qizlar, nomusdan etti bukilib, elga aralasholmay qolgan otalar, noshar'iy tug'ilgani sabab o'ldirilgan yoxud chiqindi idishlariga otilgan norasida go'daklar bo'lmasdi.
Asosiysi... Odamlarning gap-so'zlariga emas, Allohning amri, Rasulullohning buyruqlariga quloq tutadigan avlodni tarbiyalashimiz lozim.
Manzura MAMIROVA,
Andijon viloyati, Marhamat tumani
“Islom nuri” gazetasining 12-sonidan olindi
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimizda 7-11 iyul kunlari o‘tkaziladigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, ISЕSKO rahbari Salim Muhammad hamda xalqaro al-Furqon jamg‘armasi raisi Sali Shahsuvariy so‘zga chiqdi.
Matbuot anjumanida mazkur nufuzli tadbirning maqsad va vazifalari, uning xalqaro ahamiyati hamda forum doirasida rejalashtirilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilayotgan forumda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Ushbu forum islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan asl mohiyatini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur anjuman O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, buyuk allomalar merosi va ma’rifiy an’analarini dunyo miqyosida yanada keng namoyon etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, shu yil 7–8 iyul kunlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida konferensiyalar bo‘lib o‘tadi. 9–10 iyul kunlari esa Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning ilmiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi.
Forum doirasidagi bunday uchrashuv va muhokamalar ilm-fan, dinlararo muloqot, bag‘rikenglik va ma’rifat tamoyillarini mustahkamlashda muhim amaliy maydon vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati