— Bolaligimizdan turli millat vakillari bilan qo'shni bo'lib yashab kelamiz. Qo'shnichilik munosabatlarimiz yaxshi, inoqmiz, bayramlarda o'zaro tabriklaymiz. Ular bizning Hayit bayramlarimizda, biz ularni Pasxa kabi bayramlarida tabriklaymiz, shirinliklar ulashamiz. Yaqinda eshitib qoldim, musulmonlar boshqa din vakillarini bayramlari bilan tabriklashi mumkin emas ekan. Shu rost-mi?
— Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَإِنَّمَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ قَاتَلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَأَخْرَجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ وَظَاهَرُوا عَلَى إِخْرَاجِكُمْ أَنْ تَوَلَّوْهُمْ وَمَنْ يَتَوَلَّهُمْ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ﴾
“Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan chiqarmaganlarga yaxshilik va adolatli muomala qilishdan sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko'radir. Albatta, Alloh sizlarni diniy urush qilganlar, diyoringizdan chiqarganlar va chiqarilishingizga yordam berganlarga do'stlik qilishdan qaytarur. Ularni do'st tutganlar, ana o'shalar, zolimlardir” (Mumtahana surasi, 8-9 – oyatlar).
Alloh taolo bu oyati karimada mo'min-musulmonlarni boshqa millat va diyonat vakillari bilan agar ular musulmonlarga diniy adovat ila urush qilmasa va ularni siquvga olib o'z diyorlaridan chiqarib yuborishga urinmasa, yaxshi aloqada bo'lishga buyurmoqda va ularga nisbatan adolatli bo'lishni ta'kidlamoqda. Ammo kimki musulmonlarga diniy adovat tufayli urush ochsa, ularni diyorlaridan chiqarsa yoki dushmanlariga ularni diyorlaridan chiqarishda yordam bersa, albatta, unday kishilarni do'st tutib bo'lmaydi. Bu ham ayni adolatdir.
Bugungi kunda boshqa dindagilar bilan tinch yashash bosqichidan ham o'tib muloqot va hamkorlik qilishga ham o'tildi. Insoniy aloqa yuzasidan va ular bizni diniy bayramlarimiz ila tabriklashayotgani uchun ularni ham tabriklasa bo'ladi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi