— Ziyoratgohlarda jonliq so'ysa bo'ladi-mi? Uydan so'yib borib, go'shtini pishirib, xomini qo'shnilarga tarqatsa bo'lmaydi-mi?
— Ma'lumki, Alllohning nomidan boshqa nomga atab so'yilgan jonliqning go'shti haromdir. Ziyoratgohga borib, “Falonchi otaga”, “Falon boboga” deb jonliq so'yib, u joyni emakxonaga aylantirish holatlari ham ko'p. Maqbara, ziyoratgoh jonliq so'yiladigan joy emas. To'g'ri, so'yilgan jonliqning go'shtini sadaqa qilib, savobini kimningdir ruhiga bag'ishlash shariatda bor. Ammo uning uchun so'yiladigan jonliqni aynan o'sha joyga olib borish shart emas. Mazkur jonliqni uyda so'yib, go'shtini birorta muhtojga ehson qilib, savobini bag'ishlasa, ehson o'z o'rniga tushgan bo'ladi. Shuncha uzoq yo'llarni bosib, qancha-qancha xarajatlar evaziga gunohkor bo'lmaslik kerak.
Qolaversa, biz ziyorat qilayotgan ulug'larimizning barchalari taqvoga, xolislikka, sunnatga ergashishga chaqirib, bid'at-xurofotlardan qaytargan zotlar edi. Ularni ehtirom qilishni da'vo qilsagu, qilayotgan amalimiz ularning da'volariga mutlaqo xilof bo'lsa...
Shuning uchun, ziyoratgohga borganda faqat qabr ziyorat qilinadi, u erda jonliq so'yilmaydi. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati