Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

2. BAQARA SURASI, 178–179 OYaTLAR

01.11.2020   8758   4 min.
2. BAQARA SURASI, 178–179 OYaTLAR

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ كُتِبَ عَلَيۡكُمُ ٱلۡقِصَاصُ فِي ٱلۡقَتۡلَىۖ ٱلۡحُرُّ بِٱلۡحُرِّ وَٱلۡعَبۡدُ بِٱلۡعَبۡدِ وَٱلۡأُنثَىٰ بِٱلۡأُنثَىٰۚ فَمَنۡ عُفِيَ لَهُۥ مِنۡ أَخِيهِ شَيۡءٞ فَٱتِّبَاعُۢ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَأَدَآءٌ إِلَيۡهِ بِإِحۡسَٰنٖۗ ذَٰلِكَ تَخۡفِيفٞ مِّن رَّبِّكُمۡ وَرَحۡمَةٞۗ فَمَنِ ٱعۡتَدَىٰ بَعۡدَ ذَٰلِكَ فَلَهُۥ عَذَابٌ أَلِيمٞ١٧٨

178. Ey imon keltirganlar, o'ldirilganlar uchun hurga hur, qulga qul, ayolga ayol qasosi sizlarga farz qilindi. Endi kim birodari tarafidan avf etilsa, u holda yaxshilik bilan bo'yin egib, xunini ado etsin. Bu Parvardigoringiz tarafidan engillik va rahmatdir. Shundan keyin ham kim haddidan oshsa, unga alamli azob bordir.

Ushbu oyati karima Islomdagi qasos hukmlari haqida so'z yuritadi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: "Bani Isroilda o'ldirilgan odam uchun qasos olishar, xun haqi olishmas edi. Alloh taoloning ushbu oyati o'shalar xususida nozil qilingan (Buxoriy rivoyati). "Qasos" so'zi lug'atda "barobarlik, tenglik" ma'nolarini bildiradi. Islom kelmasidan oldin yahudiy va arablarda shunday qoida hukm surardiki, biror nasabli, ulug' odamning quli o'ldirilsa, o'rniga nasabi pastroq ozod kishini o'ldirishar edi. Yana ulug'lardan xotin kishi o'ldirilsa, past tabaqadagilardan er kishi, ulardan bir hur (ozod) o'rniga bulardan ikki hur o'ldirilar edi.

Alloh taolo yuqoridagi oyati karimada bu qoidani man etib marhamat qiladiki, qasddan o'ldirilganlik borasida tenglik lozim, chunki hamma jon (inson) barobardir. Hur o'rniga hur, qul o'rniga qul, ayol o'rniga ayol o'ldirilsin. Bu xususda nasabli-benasabli, amir-g'arib, qul-hur, ayol-er, yosh-qari, xasta-sog', boy-kambag'al – hamma barobardir. "Agar er kishi ayolni yoki hur odam qulni o'ldirsa, qasos olinadimi" deb so'raladigan bo'lsa, bu masalada mazkur oyati karimada biror hukm yo'qdir. Shuning uchun ulamolar bunda ixtilof qilishgan. Mazhabboshimiz Abu Hanifa rahmatullohi alayh Moida surasining 45-oyatidagi "Innan-nafsa bin-nafsi" (ya'ni jonga – jon) jumlasidan va "Al-muslimuna tatakaffaru bi-ahlihim" hadisidan istinbot qilib: "Agar qul qotilning o'z quli bo'lmasa, bu ikki holda ham qasos olinadi", deganlar. Hanafiy mazhabida zimmiyni (Islom mamlakatida ma'lum soliq to'lab yashayotgan g'ayrimuslimni) o'ldirgan musulmondan ham qasos olinadi. Agar o'ldirilganning vorislari afv etishsa, qotildan qasos olinmaydi.

وَلَكُمۡ فِي ٱلۡقِصَاصِ حَيَوٰةٞ يَٰٓأُوْلِي ٱلۡأَلۡبَٰبِ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ١٧٩

179. Ey oqillar, sizlarga qasosda hayot borki, shoyad tiyilsangizlar!

"Qasosda hayot bor" jumlasiga kengroq sharh berishga to'g'ri keladi. Ma'lumki, Islom shariati nohaq o'ldirilgan bir yoki bir necha jon uchun qasosni joriy etib, Yer yuzida buyuk islomiy adolatni o'rnatgan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambar alayhissalom: "Alloh taoloning Kitobi – qasosdir", deganlar (Buxoriy rivoyati). Qasos ayrimlar o'ylaganiday, qotilga bo'lgan dildagi nafratni qondirish emas, balki inson hayoti muhofazasi yo'lidagi ilohiy amrdir. Chunki shunday yo'l tutilganida bir begunoh insonni o'ldirishga qasd qilgan kimsa qasosni o'ylaydi, o'sha o'ldirmoqchi bo'lgan odamining yaqinlari qasos olish maqsadida o'zini ham o'ldirishlarini bilgani uchun niyatidan qaytadi. Ozchilik qotildan qasos olish ko'pchilik begunohlar jonini saqlab qoladi. Hanafiy mazhabi olimlaridan imom Nasafiyning tafsirida: "Bir guruh kishilar bir kishini nohaq qatl etsa, uning qasosi uchun o'sha guruhning hammasi qatlga mahkum", deyilgan.

Qasosning haqligi haqida chiroyli bir rivoyat bor: "Bir odam qotillik qilib, bir kishini o'ldirdi. Mirshablardan bir amallab qochgan edi, endi o'lganning qarindoshlari uni ta'qib qila boshlashdi. Qotil qocha-qocha Nil daryosi bo'yiga keldi, lekin u erda bir bo'rini uchratib, qo'rqqanidan shoxlari daryoga egilib turgan katta bir daraxtga tirmashib chiqib oldi va qalin shox-novdalar orasiga yashirindi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, shundoqqina ro'parasida kattakon bir ilon tebranganicha turibdi. U ilondan qochib, o'zini suvga otdi. Lekin suvda och timsoh o'lja kutib yotgan ekan, uni shu zahoti yutib yubordi".

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

27.08.2026   1475   1 min.
Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
 

Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.


Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi
O'zbekiston yangiliklari