Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu salomlar bo'lsin.
Aziz mo'min-musulmon yurtdoshlar! Kuni kecha ijtimoiy tarmoq sahifalarida dinimizning ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi – Qur'oni karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo'ldi.
Ma'lumki, Alloh taolo Qur'oni karimni insoniyatga hidoyat va ezgulik manbai o'laroq nozil qilgan. Shu nuqtai nazardan, qolaversa, qonunchilikka ko'ra, inson kim bo'lishidan qat'iy nazar muayyan din vakilining diniy tuyg'ulari, qadriyatlari hurmat qilinishi shart, ularning tahqirlanishiga yo'l qo'yilmaydi.
Ota-bobolarimiz qadim-qadimdan Qur'oni karimni ko'ksilaridan pastda tutmaganlar, joynamozlarini ham doimo baland joyga qo'yganlar. Masjid atrofidan ohistalik bilan o'tganlar. Azon aytilayotganda behuda so'z aytmaganlar. Ana shu jihatlardan kelib chiqqanda, tarqalgan videolavhadagi holat yurtimiz mo'min-musulmonlarining keskin noroziligiga sabab bo'ldi.
Shu o'rinda, O'zbekiston musulmonlari idorasi Qur'oni karimni oyoq osti qilish holatini qattiq qoralashini hamda bu noinsoniy harakat hech qaysi diniy ta'limotga ham, aqlga ham, umuman olganda, insoniylik tamoyiliga ham to'g'ri kelmasligini bildiradi.
Kezi kelganda, mo'min-musulmon yurtdoshlarimizga bunday manfur xatti-harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki aqlni ishlatib munosabat bildirish lozim ekanini ta'kidlaymiz. Chunki, qonun hujjatlariga muvofiq milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha'n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, fuqarolarning his-tuyg'ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar javobgarlikka asos bo'ladi. Shunday ekan, bu fuqaroning qilmishi ham, albatta, qonuniy asosda ko'rib chiqiladi.
O'z navbatida, Qur'oni karimni tahqirlagan mazkur fuqaroning shaxsini aniqlash bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan amaliy sa'y-harakatlar olib borilayotgani hamda konstitutsiya va qonun hujjatlariga zid ravishda diniy adovat chiqarishga yo'naltirilgan xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko'rilishini ta'kidlaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasida "Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish" mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish markazi mutaxassisi Asomiddin Ibragimov bugungi kundagi yuqumli kasalliklarning xavfi, ulardan himoyalanish usullari haqida ma’ruza qilib berdi.
Islom dini ta’limotlarida ham inson salomatligiga sabab bo‘luvchi narsalarga buyurilgan. O‘z navbatida, salomatlikka zarar yetkazuvchi narsalardan saqlanish targ‘ib qilingan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Allohdan yaqiynni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sog‘likdan ko‘ra yaxshi narsa berilmagan», deganlarini eshitdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifga ko‘ra esa, avval tuyani bog‘lab, ya’ni sababni yuzaga chiqarib, so‘ngra Allohga tavakkal qilishga chaqirilganmiz. Shunga binoan salomatligimiz borasida qayg‘urib, uning ehtiyotini qilish mandub amallar sirasidan.
– Ayni paytda yurtimizda 27 turdagi yuqumli kasallik nomi ma’lum bo‘lib, ularning aksariga qarshi davo choralari bor, – dedi shifokor A.Ibragimov. – Hozircha butkul tuzatish imkoni bo‘lmagan ayrim kasallik turlarining viruslarini kamaytirish va muzlatib qo‘yish amaliyoti qo‘llanadi. Davlatimiz tomonidan keyingi paytlarda gepatit S va boshqa shu turdagi kasalliklarga qarshi bepul dori vositalari ham tarqatilmoqda. Lekin eng yaxshisi, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olishdir. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish shuning uchun ham juda muhim sanaladi. Zero, Yaratganning bizga beradigan har qanday in’omi salomatlik ne’mati bilan birga tatiydi.
Qiziqarli o‘tgan davra suhbatida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati