Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Ilm dunyo va oxiratda manfaat beradi

25.10.2023   3124   2 min.
Ilm dunyo va oxiratda manfaat beradi

Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdi Qozi Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadi: «Otam vafot etganida men yosh bola edim. Onam meni gazlama oqlovchiga olib borib topshirdi. Men Abu Hanifaning dars halqalari oldidan o'tib ketayotib, u erda to'xtab dars eshitib o'tirardim. Ortimdan onam kelib, qo'limdan tutib, dars halqasidan olib, gazlama oqlovchining oldiga eltib qo'yar edi. Men esa onamning xohishiga xilof o'laroq Abu Hanifaning darsiga borar edim.

Ish shunday davom etavergach, onam Abu Hanifaga: «Bu bola etim bo'lib, faqatgina mening urchug'im (ip yigiradigan charx) orqasidan ediradigan narsamdan boshqa hech narsasi yo'q. Siz esa bu bolani aynitdingiz», dedi.
Shunda Abu Hanifa: «Quloq soling, o'ylamasdan gapirmang, hali bu bola shunday ilm oladiki, feruzadan bo'lgan likopchada xandon pista yog'idan qilingan faluzaj, ya'ni un, suv, asal va boshqa unsurlarni qo'shib tayyorlanadigan yumshoq shirinlikni eydi», dedi.

Onam: «Siz aqldan ozgan qariya ekansiz», dedi.
Abu Yusuf rahimahulloh: «Men qozi bo'lib ishlayotganimda bir kuni xalifa Horun ar-Roshidning huzurida edim. Shu payt feruzadan bo'lgan likopchada faluzaj olib kelindi. Shunda u menga: «Bundan eng, bu narsa biz uchun hamma vaqt ham tayyorlanavermaydi», dedi.

Men: «Bu nima ekan, ey mo'minlarning amiri?», deb so'radim.
U: «Bu faluzaj», dedi.
Men jilmayib qo'ydim.
U: «Nima uchun kulyapsiz?», dedi.
Men: «Shunchaki kuldim, Alloh mo'minlarning amirining umrini uzoq qilsin!», dedim.
U kishi esa: «Kulishingiz sababini ayting», dedi.
Men mazkur voqeani aytib berdim.
Shunda u: «Ilm dunyo va oxiratda manfaat beradi va yuqori martabaga ko'taradi. Alloh Abu Hanifani rahmatiga olsin! Darhaqiqat u ko'z bilan ko'ra olmaydigan narsalarni aql ko'zi bilan ko'rar edi», dedi».

Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh haqlarida Abu Hanifa rahmatullohi alayh «U shogirdlarimning ichida eng bilimdoni», deb aytar edilar. (Al-Bidoya van-nihoya)

Qudratulloh Sidiqmetov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mir arab madrasasida yangi o‘quv yili oldidan mudarrislar kengashi o‘tkazildi

02.09.2026   3148   1 min.
Mir arab madrasasida yangi o‘quv yili oldidan mudarrislar kengashi o‘tkazildi

Bugun, 2 sentyabr kuni Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, oldinda turgan ustuvor vazifalarni belgilash hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan kengaytirilgan mudarrislar kengashi bo‘lib o‘tdi.


An’anaga ko‘ra, tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tinchlik-osoyishtalik, ilm dargohi faoliyati rivoji hamda talabalarning ilm yo‘lidagi sa’y-harakatlariga muvaffaqiyat va baraka tilab xayrli duolar qilindi.


Shundan so‘ng ta’lim muassasasi direktori Jaloliddin domla Saburov, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Narzillo domla Ahmedov hamda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Asadulloh domla Najmiddinovlar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan ma’ruza qildilar.


Kengash davomida yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan tashkiliy va o‘quv-uslubiy ishlar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan: 
 

  • Ta’lim sifatini oshirish: Dars mashg‘ulotlarini yuqori ilmiy saviyada, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol usullar asosida tashkil etish;

  • Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya: Talaba-yoshlarni asriy milliy va diniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish, ularda kitobxonlik va ilmga bo‘lgan rag‘batni yanada kuchaytirish;

  • Ijro intizomi va mas’uliyat: Ustoz-mudarrislarning yillik rejalari, yangi o‘quv dasturlari talablari va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash.


Yig‘ilish yakunida yangi o‘quv yilida mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilish lozimligi qayd etilib, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli va sharafli faoliyatiga ulkan zafarlar tilandi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Mir arab madrasasida yangi o‘quv yili oldidan mudarrislar kengashi o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari