Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

Bir savol so'rasam: Qarzni qaytarmaganlarga qanday jazo beriladi?

27.10.2020   1794   3 min.
Bir savol so'rasam: Qarzni qaytarmaganlarga qanday jazo beriladi?

— Men dehqonchilik bilan shug'ullanaman. Bundan 7-8 yil avval dehqonchiligimdan olgan yillik daromadimni bir odamga qarz bergandim. Haligacha shu pulimni qaytib ololmayapman. Har so'raganimda “ana beraman, mana beraman”, deb aldab keladi. Dinimizda qarzni qaytarmaganga va qarzdan voz kechganga qanday qaraladi?

— Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تَأْكُلُواْ أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ﴾

“Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo'l bilan emang”(Niso surasi, 29-oyat).

Birovning molini botil yo'l bilan eyishga ribo, qimor, poraxo'rlik aldamchilik, narxni sun'iy ravishda ko'tarish, o'g'rilik, qimorbozlik, tovlamachilik, qarzni inkor qilish kabi ishlar kiradi. Bir-birining molini botil yo'l bilan eyish odati bor jamiyatlar o'zini o'zi halokatga olib borganini va borayotganini hamma ko'rib-bilib turibdi. Shu bilan birga, qarzdan tonayotgan taraf bilib qo'ysinki, oxiratdagi ashaddiy azoblarning ustiga boshqa narsalar ham mavjud.

Muoviyaning mavlosi Qosimdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim ado qilish niyati bilan qarz olsa, uni ado qilishga qat'iyatli bo'lib turib, qarzni ado qilmasidan oldin o'lsa, albatta, Alloh taolo uning talabgorini O'z huzuridagi istagan narsa bilan rozi qilishga qodirdir. Vafot etganni ham mag'firat qiladi. Kim ado qilmaslik niyati bilan qarz olsa va o'sha holida, qarzini ado qilmay o'lib qolsa, unga “Sen falonchining haqini sendan to'liq olib bermasligimizni gumon qilganmiding?” deyiladi. Uning yaxshiliklaridan olinib, qarz egasining yaxshiliklariga ziyoda o'laroq qo'shiladi. Agar uning yaxshiliklari bo'lmasa, qarz egasining yomonliklaridan olinadi va qarzdorning yomonliklariga qo'shiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Niyati buzuqning holi shu bo'lsa, qarzdan tonib o'tib ketganning holi qanday bo'lishini har kim o'zi bilib olaversin.

Har bir qarzdor tezroq qarzini uzish payida bo'lishi kerak. Qarzni uzmay turib vafot etib qolish juda ham og'ir vaziyatni yuzaga keltiradi. O'lgan bandadan Alloh taolo O'z haqini kechib yuborishi mumkin, ammo qarz bandaning haqidir. Bu haqni qarz egasining o'zi kechmaguncha, Alloh taolo kechmaydi.

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qilgan:

﴿وَإِن كَانَ ذُو عُسْرَةٍ فَنَظِرَةٌ إِلَى مَيْسَرَةٍ وَأَن تَصَدَّقُواْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ﴾

“Agar nochor bo'lsa, boyigunicha kutishdir. Sadaqa qilmog'ingiz, agar bilsangiz, o'zingiz uchun yaxshidir” (Baqara surasi, 280-oyat).

Agar qarzdor nochor bo'lsa, Alloh taolo qarz beruvchini sabr qilishga, qarzdorni qiyin-qistovga olmaslikka, u o'zini o'nglab olgunicha kutib turishga chaqiradi. Agar qaytarishning aslo iloji bo'lmasa, qarzdorning kambag'alligi kundan-kunga oshib ketayotgan bo'lsa, berilgan qarzdan kechib yuborish afzal ekan. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham ko'plab irshod (ko'rsatma)lar bor. Qarzning muddatini uzaytirish oliy fazilat bo'lsa, uni kechib yuborish undan ham kattaroq fazldir.

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir

07.07.2025   675   1 min.
Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.

Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.

Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".

Homidjon qori ISHMATBЕKOV