بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ
Olamlarga rahmat bo'lgan Payg'ambar
(sallallohu alayhi vasallam)
Muhtaram jamoat! Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat va hidoyat nuri qilib yubordi. U Zot sababli insoniyatni zulmatlardan nurga chiqardi. U Zotni bu dunyoda hidoyat yo'lboshchisi qildi. U Zot sallallohu alayhi vasallam keltirgan din va undagi ko'rsatmalar barcha olamlarga – insonlar va hayvonlar olamiga ham, jamodot va nabotot olamiga ham mehr-muhabbat, rahm-shafqat manbaidir. Alloh taolo O'zining Kalomida bejizga:
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ
ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, deya ta'kidlamagan (Anbiyo surasi, 107-oyat).
Oyatdagi “rahmat” juda keng ma'noni anglatadi. Ularni bilish uchun Muhammad alayhissalomning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, mehr-oqibatlari, ezguliklar va fazilatlar manbai ekanlaridan xabardor bo'lishimiz zarur. Bugungi suhbatimizda shulardan ba'zisi bilan tanishib chiqamiz.
Nabiy alayhissalom o'z ummatlariga ota o'z farzandiga shafqatli va mehribon bo'lganidan ko'ra shafqatli edilar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
ya'ni: “Batahqiq, sizlarga o'zingizdan bo'lgan, sizning mashaqqat chekishingiz Uning uchun og'ir bo'lgan, sizning (saodatga etishingizga) tashna, mo'minlarga marhamatli, mehribon bo'lgan Payg'ambar keldi” (Tavba surasi, 128-oyat).
Ushbu oyati karimada Payg'ambarimiz alayhissalomning asosiy sifatlaridan bir nechtasi zikr qilinmoqda. Darhaqiqat, dunyo tarixida U Zotdek kishilarga marhamatli, mehribon inson bo'lgan emas. Nabiy alayhissalomning eng suyukli ayollari Oisha raziyallohu anho onamiz aytadilar: “Bir kuni Nabiy sallallohu alayhi vasallamning xursand holda ko'rib, U Zotga: “Ey Allohning rasuli, meni duo qiling”, dedim. Shunda U Zot: “Ey Alloh, Oishaning o'tgan va kelajakda bo'ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qildilar. Oisha onamiz (bu duodan quvonib) shunday kuldilarki, xursandliklaridan boshlari Rasulullohning tizzalariga tushdi. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Duoim seni quvontirdimi?” – deb so'radilar. “Sizdek zotning duosi meni quvontirmasmidi?!” – dedilar Oisha onamiz. Shunda sarvari olam: “Allohga qasamki, bu mening ummatim uchun har bir namozimda qiladigan duoimdir!” – dedilar” (Imom Bazzor rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom duolari Alloh taoloning huzurida qaytarilmaydigan buyuk Zot o'z ummatlarining haqqiga har namozlarida “Ey Alloh, ummatimning o'tgan va kelajakda bo'ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qilar ekanlar. Bundan ham ortiq mehribonlik bormi dunyoda?!
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning shaksiz qabul bo'ladigan duosi bo'ladi. Barcha Nabiylar o'z duolarini (bu dunyoda) qilib bo'ldilar. Men o'z duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo'lishi uchun berkitib qo'yganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk keltirmay o'lganlarga, albatta, etguvchidir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
U Zot alayhissalom katta duolarini ummatlari eng muhtoj bo'ladigan payt – oxirat uchun saqlab qo'ygan ekanlar. Bu hadisda U Zotning ummatlariga bo'lgan mehrlari, lutflari, shafqatlari yaqqol ko'rinib turibdi. Ummatlarini o'zlaridan ham, oilalaridan ham ustun ko'rib, ularni duo qilishni ko'zlamoqdalar.
Alloh taolo Qur'oni karimda Payg'ambarimiz alayhissalomni bir nechta muhim sifatlarini keltirib o'tgan:
هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ
وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ
ya'ni: “U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmatni o'rgatadigan payg'ambarni yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular) ilgari aniq zalolatda edilar” (Juma surasi, 2-oyat).
Oyati karimadagi “omilar” deganda Payg'ambarimiz alayhissalom davrilaridagi arablar nazarda tutilgan. Zero, o'sha davrda arablar o'qish, yozishdan ko'ra ma'lumotlarni yodda saqlashni afzal ko'rardilar, savodxonlari juda kam edi. Arab yozuvi asosan Nabiy alayhissalomning payg'ambar bo'lib kelganlaridan boshlab butun Islom olamida tez sur'atda rivojlandi. O'qish va yozishga targ'ib etadigan oyat va hadislarga amal qilish natijasida, arab tili mukammal shaklga keldi, musulmon halqlar orasida ilm-ma'rifat rivoj topdi.
Alloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam orqali qo'pol, qattiqqo'l, jaholat botqog'iga botgan qavmlarni qisqa muddatda insonparvar, ilm va ma'rifatli, oliy janob insonlarga aylantirdi. Imom Qirofiy rahmatullohi alayh: “Agar farazan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning biror-bir mo''jizalari bo'lmaganida ham sahobalarining o'zi U Zotning nabuvvatlari isboti uchun etarli edi”, – deganlar.
Ha, U Zot ilmga, ma'rifatga va hikmatga boy muallim va eng mehribon buyuk murabbiy edilar. Alloh taoloning yuksak hikmatiga ko'ra o'qish yozishni ta'lim olmagan – ummiy bo'lsalarda, insoniyatning eng ilmlisi va ma'rifatlisi bo'lganlar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallaminsonlarning eng go'zal xulqlisi edilar. Bu haqda Alloh taolo U Zotni madh etib, shunday marhamat qilgan:
وَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ
ya'ni: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).
Ushbu maqtov oddiy maqtov emas. Balki u olamlarning Robbisidan kelgan maqtovdir. Zero, hech bir inson bunday sharafga erishgan emas. U Zot o'zlarining muborak hadisi shariflaridan birida:
إِنَّمَا بُعِثْتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الْأَخْلَاقِ
ya'ni: “Men yaxshi xulqlarni to'liq qilish uchun yuborilganman”, – deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Barcha ishlarida namuna bo'lgan, go'zal axloqlar nabiysi – sevikli Payg'ambarimiz alayhissalom ummatlariga qarata doimo: “Sizlarning yaxshilaringiz, axloqi yaxshilaringizdir”, – der edilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Sarvari olam eng halim, bosiq va muloyim inson edilar. Alloh taolo U Zotning ushbu xususiyatlarini maqtab O'zining kalomida shunday marhamat qilgan:
فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لانفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ
ya'ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey Muhammad) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag'al va toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar...” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Nabiy alayhissalomning halimliklariga quyidagi hadisda ham yorqin namoyon bo'ladi. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotgan edim. U Zotning egnilarida dag'al matodan bo'lgan kiyim bor edi. Oldilariga bir a'robiy kelib, ridolaridan qattiq tortdi. Tortish natijasida kiyim Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning elkalarida iz qoldirganini ko'rdim.
A'robiy: “Ey, Muhammad! Huzuringdagi moldan menga ham ulush bersinlar”, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga o'girilib qaradilar va tabassum qilib, so'ng unga ham moldan ulush berishni buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Sahoba Abu Sa'id Hudriy raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bevalar, miskinlar, qul-xizmatchilar bilan birga yurar, ularning ehtiyojlarini ta'minlar, bundan aslo tortinmas va orlanmas edilar” (Imom Nasoiy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam liboslarini o'zlari yamab, jonivorlar sutini o'zlari sog'ar edilar. Oisha onamiz raziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko'ylaklarini yamar, oyoq kiyimlarini tikar, er kishi uyda qiladigan barcha ishlarni bajarar edilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Ibn Abbos raziyallohu anhumo aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tahorat olish (da suv quyib turish) va sadaqa berish ishlarini hech kimga buyurmas, faqat o'zlari bajarar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qulning ham, hurning ham chaqirig'ini birdek qabul qilar edilar. U Zot kambag'allar bilan birga majlis qurar va miskinlar bilan birga ovqatlanar edilar.
Nabiy sallallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi bo'lganlar. U Zot huzurlarida dinor yoki dirham bo'lsa, uxlashga yotmaganlar. Agar biror narsa ortib qolsa va uni bergani odam bo'lmasa, o'sha narsadan qutilmagunlaricha, muhtoj odamga bermagunlaricha uxlamaganlar. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi keldi. Unga ikki tog' o'rtasidagi sadaqa qilish uchun boqiladigan qo'ylardan ko'pini berib yuborishga buyurdilar. U kishi o'zining qavmiga kelgach: “Ey qavm! Islomni qabul qilinglar! Darhaqiqat, Muhammad yo'qchilikdan qo'rqmasdan bularni berdi”, – dedi (Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).
Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan nama so'ralsa, o'shani berar edilar. Ko'pincha yil oxirigacha biror narsa kelmasa, o'zlari muhtoj bo'lib qolar edilar.
Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam biron ish yoki narsani ertaga qoldirmas edilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom insonning vujudi, kiyimi va unga xos narsalar pokligi bilan birga, uning atrofidagi narsalar ham ozoda bo'lishiga katta ahamiyat berar edilar. U Zotning o'zlari bu borada barchaga o'rnak edilar. O'z hadisi shariflarida: “Poklik iymonning yarmidir”, – der edilar (Imom Muslim rivoyatlari). Boshqa bir o'rinda: “Albatta, Alloh taolo pokdir, poklik va ozodalikni yoqtiradi. Poklaninglar, yon-atroflaringni ozoda tutinglar, hovli, uy-joylaringizni toza tutinglar”, – der edilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
(Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o'rnida Payg'ambarimizning poklikka jiddiy e'tibor qaratganlari bugungi kunda, xususan pandemiya sharoitida naqadar dolzarb ekanligi haqidao'z so'zlari bilan, jonli tarzdanamozxonlarga tushuntirib beradilar...).
Muhtaram jamoat! Suyukli Payg'ambarimiz alayhissalomning fazilatlarini, go'zal xislatlari, oliy xulqlarini sanab adog'iga etkazib bo'lmaydi. Afsuski, hozirda duyoning ba'zi joylarida sarvari olamning sha'nilariga nisbatan odobsizliklar qilinmoqda. Buning sababi ularning Nabiy alayhissalomning olamlarga rahmat ekanlarini, insoniyatga taqdim etgan ulkan xizmatlarini bilmasliklaridir. Aslida bunday g'ayri insoniy hatti harakatlar ularning o'zlariga ziyon keltiradi xalos. Zero, Quyoshga qarata chang solmoqchi bo'lgan kimsaning o'z usti boshi kir bo'ladi, Quyoshga zarracha ham ta'sir qilmaydi.
Biz ummat o'laroq insoniyatning eng buyugi – suyukli Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari, sunnatlari, go'zal shamoillari va yuksak axloqlarini qunt bilan o'rganishimiz va yosh avlodlarga o'rgatishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Alhamdulillah, hozirda Habibimiz alayhissalomning muborak siyratlariga bag'ishlangan turli-tuman kitoblar nashr etilgan. Biz oila a'zolarimiz davrasida shu kitoblardan mutolaa qilishni joriy qilaylik. Farzandlarimiz qalbida Nabiy alayhissalomga nisbatan muhabbatni uyg'otaylik. Zero, hazrati Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
"أدِّبُوا أوْلادَكُمْ على ثلاثِ خِصالٍ: حُبِّ نَبِيِّكُمْ ، وَحُبِّ أهْلَ بَيْتِهِ ، وقِراءَةِ القُرآنِ ، فإِنَّ حَمَلَةَ القُرآنِ في ظِلِّ الله يَوْمَ القِيامَةِ يَوْمَ لا ظِلَّ إلاَّ ظِلُّهُ مَعَ أنْبِيائِهِ وأصْفِيائِهِ (رواه الامام الطبرانى)
ya'ni: “Farzandlaringizga uch xislat: Nabiyyingizga , U zotning ahli baytiga va tilovati Qur'onga muhabbat asosida odob beringlar. Chunki, Qur'on egalariQiyomat kuni Allohning soyasidan boshqa soya bo'lmaydigan kunda, U Zotning soyasida anbiyolar va asfiyolar bilan birga bo'lurlar”, – deganlar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishni, U Zotdan o'rnak olishni nasib etsin! Omin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “To'qima hadis va asossiz rivoyatlarni keltirishning xatari” xususida bo'ladi, inshaalloh.
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.